Ma’rifat – taraqqiyotning tamal toshi

8 sentyabr – Xalqaro savodxonlik kuni

 

Joriy 2023/2024 o‘quv yilida 732 mingdan ortiq maktab yoshidagi bola 1-sinfga o‘qishga bordi. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi axborot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, ota-onalarga qulaylik yaratish va shaffoflikni ta’minlash maqsadida 43 tuman va shaharda 1-sinfga qabul jarayonlari onlayn shaklda amalga oshirildi.  

Bu yil Prezident maktablariga 336 nafar, ijod maktablariga 460 nafar, ixtisoslashtirilgan maktablarga 11 ming 444 nafar, shundan yangi tashkil etilgan 13 ta maktabga 1 ming 344 nafar o‘quvchi, “Yangi O‘zbekiston” universitetiga 475 nafar talaba qabul qilindi.  Natijada Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi jami 205 ta ta’lim tashkilotida ta’lim-tarbiya oladigan o‘quvchilar soni 70 ming 438 nafarga yetdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 28 avgust kuni maktablarda ta’lim sifatini oshirish, o‘quvchi o‘rnini ko‘paytirish va o‘qituvchilarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ustuvor vazifalar yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ta’kidlanganidek, “Yangi O‘zbekiston – maktab ostonasidan boshlanadi”, degan ezgu g‘oya asosida bu sohada katta ishlar amalga oshirilmoqda.

So‘nggi yillarda yuzlab zamonaviy maktablar barpo etildi. Prezident maktablari, ijod maktablari hayotimizga kirib keldi, ixtisoslashtirilgan maktablar tarmog‘i kengaytirildi. Yangi darsliklar va o‘quv qo‘llanmalari yaratildi.

O‘qituvchi va murabbiylarning mehnat sharoitlarini yaxshilash, malakasini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘tgan davrda muallimlarning oylik ish haqi o‘rtacha 2,5 baravar oshdi.

Maktablar yuklamasini kamaytirish maqsadida 700 ming o‘quvchi o‘rni yaratildi. Bu – avvalgi yillarga nisbatan 15 baravar ko‘p. Oliy ta’limda ham qamrov 4 barobar oshirilib, yoshlar uchun imkoniyatlar kengaytirildi.

Mamlakatimizda ana shunday qizg‘in nishonlangan 1 sentyabr – Bilimlar kuni izchillik bilan 8 sentyabr – Xalqaro savodxonlik kuniga ulanib ketdi. Binobarin, savodxonlik – tinch-osoyishta va barkamol, barqaror va taraqqiyparvar hayot garovidir.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti doirasida nishonlanadigan ushbu muhim xalqaro sana YuNESKO tomonidan 1966 yili joriy etilgan. Bu sanani dunyo miqyosida bayram qilishdan ko‘zlangan asosiy maqsad – insoniyatning savodxonlik darajasini oshirish va ayni sohada jahon hamjamiyatining faolligini muntazam kuchaytirib borishdir.

Buyuk sivilizatsiyalarga asos solgan ilg‘or xalqlar, shu jumladan, ikkita Renessansning boshida turgan xalqimiz uchun savodxonlik mezoni necha ming yillik tarixga ega. Ulug‘ shoir va mutafakkir bobomiz Alisher Navoiy asarlarida “savod” so‘zi o‘ndan ortiq ma’noda qo‘llangani ham bu fikrni yaqqol tasdiqlaydi.

Navoiy hazratlarining “Saddi Iskandariy” dostonida shunday misra bor:

Uzub hikmat avroqini tundbod,

Kutub uchtiyu elga qoldi savod.

Bu o‘rinda “savod” so‘zi qoralama, ya’ni yozuvning birinchi nusxasi, degan ma’noni anglatadi. O‘z navbatida, “Farhod va Shirin” dostonidagi:

Uchunchi oy ravon bo‘ldi savodi,

Burung‘i yilda Qur’on bo‘ldi yodi,

misralarida “savod” so‘zi – yozuv-chizuvni o‘rganib olganlik holatidan darak berib kelmoqda.

 Bugungi kunda ham lug‘atimizdagi savod, savodxonlik, savodlilik so‘zlari shunday ma’nolarga juda yaqin tushunchalarni ifodalaydi. Xususan, savodxonlik:

birinchidan, aholi madaniy saviyasi ko‘rsatkichlaridan bo‘lib, oddiy matnlarni o‘qiy olish yoki ularni o‘qish va yoza olish ko‘nikmasi – xat-savodlilikni bildiradi;

ikkinchidan, odamning adabiy til me’yorlariga muvofiq keladigan og‘zaki va yozma nutq malakalari borligini anglatadi;

uchinchidan, muayyan soha bo‘yicha yetarli bilimga egalikni ifodalaydi.

Xalqimiz nafaqat bilimli va ma’lumotli, balki ko‘p o‘qigan, mustaqil fikrlovchi insonlarga ham savodli deya baho beradi. Zero, savod – bilim, tushuncha va tajribadir.

Shu bilan birga, savodxonlikning ziddi bo‘lgan “savodsizlik” so‘zi savodning yo‘qligini anglatish uchun qo‘llanadi. Savodsiz, odatda, o‘qish-yozishni bilmaydi. Savodsizlik – yetarli bilim va ma’lumotning mavjud emasligidir.

Xalqaro savodxonlik kuni dunyo miqyosida nishonlanishi bejiz emas. Chunki savodxonlik – inson uchun tom ma’noda bayram. Bugungi insonlar zamonaviy hayotning har bir sohasi bo‘yicha muayyan darajada savodi borligi uchun baxtiyor, to‘kis va farovon yashaydilar.

Afsuski, sayyoramizda savodsizligi tufali bunday baxtdan mosuvo insonlar ham ko‘pchilikni tashkil etadi. Nega deganda, yer yuzida hali oddiy o‘qish-yozishni bilmaydigan millionlab odamlar bor.

Ayrim mamlakatlarda birgina bolakayning boshlang‘ich ta’lim olishi uchun butun boshli oila mablag‘ jamg‘arishiga to‘g‘ri keladi. Ba’zi mamlakatlarda xotin-qizlarning xat-savodli bo‘lishi shart emas, degan alimsoqdan qolgan tushuncha hali ham kuchda.

Qaerdadir maktablar yetishmaydi. Yana qaerdadir urushlarning tinmayotgani maktablardagi o‘qish-o‘qitish imkoniyatlarini chippakka chiqarmoqda.

Xalqaro hamjamiyatning bu boradagi uzoq yillik izchil sa’y-harakatlariga qaramay, hozirgi vaqtda dunyo miqyosida 773 million nafardan ziyod inson hatto boshlang‘ich xat-savodga ega emas. Bu raqam savodsizlik muammosining haligacha dolzarbligidan dalolatdir.

BMT ma’lumotlariga qaraganda, koronavirus pandemiyasi tufayli maktablarning yopilishi munosabati bilan sayyoramizdagi jami o‘quvchilarning 62,3 foizi, ya’ni 1 milliard nafardan ko‘prog‘i darslarga qatnashida uzilishlar yuz bergan. Eng yomoni, pandemiya inqirozi ta’lim olish va savodxonlikni oshirish sohasida shusiz ham mavjud bo‘lgan tengsizlikni yanada kuchaytirgan.

Sayyoramizning aksariyat ta’lim tizimlarida pandemiyagacha ham o‘quvchilarning zarur sharoitlar bilan ta’minlanmagani oqibatida necha yuz millionlab bolalar maktabga borgan bo‘lsa-da, o‘qish hamda matematika fanlari bo‘yicha bo‘yicha eng oddiy bilimlarni o‘rganish imkoniga ega bo‘lmagan. So‘nggi tahlillarga ko‘ra, hozirgi vaqtda dunyodagi 10 yoshli barcha bolalarning uchdan ikki qismi mutlaqo o‘qishni bilmaydi.

Shuning uchun YuNESKO va boshqa xalqaro tashkilotlar, hukumatlar, xususiy sektor, fuqarolik jamiyati hamda ta’lim-ma’rifat muassasalari vakillari har yili Xalqaro savodxonlik kunini nishonlashda faol ishtirok etadi. Insoniyat savodxonligini yuksaltirish ishiga ulug‘vor hissa qo‘shgan shaxslar xalqaro mukofotlar bilan taqdirlanadi.

Shu ma’noda, mamlakatimizda ta’lim va tarbiyaga ustuvor vazifa sifatida yondashilayotgani tahsinga sazovor. Zero, keyingi yetti yil ichida milliy ta’lim tizimining uzviyligi va uzluksizligini ta’minlashga qaratilgan mustahkam zanjir yaratildi.

Prezidentimiz  ta’biri bilan aytganda, “Taraqqiyotning tamal toshi ham, mamlakatni qudratli, millatni buyuk qiladigan kuch ham bu – ilm-fan, ta’lim va tarbiyadir. Ertangi kunimiz, Vatanimizning yorug‘ istiqboli, birinchi navbatda, ta’lim tizimi va farzandlarimizga berayotgan tarbiyamiz bilan chambarchas bog‘liq”.

 

G‘ulom Mirzo,

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist

Powered by GSpeech