Yangi O‘zbekistonning

Sangardak – toshlar bilan o‘ralgan manzil, degani. Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanida shunday nomdagi xushmanzara qishloq bor. Bu yerdagi Sangardak sharsharasi dengiz sathidan 3 ming metr balandlikdan otilib turgan tabiatning noyob mo‘jizasidir.

Albatta, “sharshara” so‘zi tilga olinganda, ko‘pchilik maktab darsligidagi o‘sha mashhur Niagara sharsharasini xayoldan o‘tkazadi. Shu o‘rinda “Oldingdan oqqan suvning qadri yo‘q”, degan hikmatli naqlni qo‘llash ayni muddao, deb o‘ylayman.

Nega? Chunki Sangardak sharsharasining Niagara sharsharasidan farq qiladigan bir qator o‘ziga xos xususiyatlari bor. Ya’ni:

birinchidan, Niagara sharsharasining balandligi 57 metr bo‘lsa,  Sangardak sharsharasi 150 metrdan ziyod balandlikdan qoyalarga urilib oqadi;

ikkinchidan, Niagara sharsharasini shu nomdagi daryo shakllantirgan bo‘lsa, aksincha, Sangardak sharsharasi tog‘ daryosidan emas, balki g‘orlar ichidagi yer osti daryolaridan suv ichadi;

uchinchidan, Niagara sharsharasi XVII asrda fransuz mustamlakachilari tomonidan kashf etilgan bo‘lsa, Sangardak sharsharasi XVI  asrdan beri xalqimizga va xorijiy mehmonlarga ham ma’lumu mashhur.

Qissadan hissa shuki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2019 yil 17-18 oktyabr kunlari Surxondaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida Sariosiyo tumanidagi dunyoga mashhur Sangardak sharsharasiga yaqin hududda barcha qulayliklarga ega zamonaviy sanatoriy barpo etish yuzasidan zarur vazifalarni belgilab bergandi. Mazkur topshiriq asosida atigi uch yil ichida osmono‘par tog‘lar qo‘ynida zamonaviy va milliy me’moriy yechimlar asosida yetti qavatli sog‘lomlashtirish maskani – 200 o‘rinli "Sangardak" sanatoriysi qad rostladi.

Shu ma’noda, jahon andozalari talablari darajasida barpo etilgan mazkur sog‘lomlashtirish maskani Prezidentimizdan xalqimiz uchun munosib tuhfa bo‘ldi. Bu muhtasham sihatgoh, ta’bir joiz bo‘lsa, Mustaqilligimizning 32 yilligiga atalgan o‘ziga xos bayram sovg‘asidir.

16 sentyabrda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, nuroniylar va mahalla faollari, ustoz va murabbiylar, taniqli ijodkorlar va yoshlar bilan birgalikda kamina ham betakror tabiat bag‘ridagi ana shu mo‘jizaviy maskanning tantanali ochilish marosimida ishtirok etdim. Fursatdan foydalanib, bu boradagi taassurotlarimni gazetxonlar bilan muxtasar baham ko‘rmoqchiman.

Avvalo, davlatimiz rahbarining tashabbuslari bilan mamlakatimizda “Inson qadri uchun” degan bosh tamoyil asosida inson manfaatlarini har tomonlama ta’minlashga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidlash lozim. Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 1-moddasida “O‘zbekiston – boshqaruvning respublika shakliga ega bo‘lgan suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat” degan norma belgilangani bu borada mustahkam huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

Uzoqqa borib yurmasdan, Yangi  O‘zbekistonning yangi inshooti bo‘lgan "Sangardak" sanatoriysining bunyod etilishi bilan bog‘liq hayotiy voqelikning asl mohiyatiga bir nazar solaylik. Bu ulug‘vor bunyodkorlik samarasi timsolida, bir tomondan, davlatimiz tom ma’noda ijtimoiy davlat maqomiga munosibligi ta’kidlanayotgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, jamiyatimizda inson qadri va manfaatlari hamma narsadan ustunligi amalda namoyon etilmoqda.

Yaqinda tasdiqlangan «O‘zbekiston — 2030» strategiyasida jami 100 ta maqsad, 369 ta chora-tadbir, 190 ta vazifa, 306 ta maqsadli ko‘rsatkich bajarilishi va bu borada 118 ta normativ-huquqiy hujjat ishlab chiqilishi ko‘zda tutilgan. Ushbu dasturulamal hujjatning ijrosidan yurtimizdagi har bir insonga – qulay imkoniyat, muayyan yengilliklar, moddiy va ma’naviy manfaat yetsa, o‘z navbatida, har qaysi oila va xonadon obodlik, to‘kinlik, fayz va baraka topadi.

Aslida ham, so‘nggi yillarda aholining munosib turmush kechirishi, salomatligini tiklashi va dam olishi uchun zarur sharoitlarni yaratish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Shuning uchun joylarda yangidan-yangi sihatgohlar barpo etilmoqda, mavjud sanatoriylarning moddiy-texnik bazasi mustahkamlanib, qabul quvvati oshirilmoqda, mehnatkashlar va ularning oila a’zolari salomatligini mustahkamlash ishlari doimiy e’tiborda turibdi.

Shu o‘rinda purviqor tog‘lar bag‘rida “Sangardak” sanatoriysi qurilishiga aynan O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi bosh-qosh bo‘lgani juda ahamiyatlidir. Binobarin, eng ko‘p sonli ushbu nufuzli jamoat birlashmasi keyingi davrda Yangi O‘zbekistonning chinakamiga yangi kasaba uyushmalari tashkilotiga aylandi.

Ayni vaqtgacha O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tizimida 30 dan ortiq sanatoriy faoliyat ko‘rsatayotgandi. Shunday maskanlar soni bugun "Sangardak" sanatoriysi hisobiga yana bittaga ko‘paydi.

Tog‘ iqlimi, tabiatining shifobaxsh xususiyatiga ko‘ra, yuqori nafas yo‘llari, allergiya, astma, asab, yurak qon-tomir, urologik, ginekologik, harakat-tayanch tizimi kasalliklarini davolashga ixtisoslashgan “Sangardak” sanatoriysi qurilishi bilan bog‘liq quyidagi dalillar alohida diqqatimni tortdi:

  • ushbu zamonaviy sihatgoh O‘zbekistonning eng janubiy hududida – Termizdan deyarli 200 chaqirimlik masofadagi Sariosiyo tumanida joylashgan;
  • maydoni 3,16 gektarni tashkil etadigan bu dam olish maskani dengiz sathidan 1 ming 500 metr balandlikda qad rostlagan;
  • yetti qavatli binodan iborat muhtasham sanatoriyni barpo etish uchun qiya relefli maydonlarda murakkab sharoitdagi qurilish ishlari amalga oshirilgan;
  • majmuaga 4 kilometr masofadagi tog‘lar qo‘ynidan maxsus quvurlar orqali ichimlik suv tortib kelingan;
  • sog‘lomlashtirish maskani tashxislash va davolash, salomatlikni tiklash va turli kasalliklarning oldini olishga xizmat qiluvchi eng so‘nggi rusumdagi zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar, yuqori sifatli mebellar bilan jihozlangan;
  • bu yerda dam oluvchilar uchun fizioterapiya va suv bilan davolash bo‘limlari, shifobaxsh tuz g‘ori, laboratoriya, jismoniy tarbiya, balchiq va parafin bilan davolash, gidroaeroionizatsiya xonalari, yopiq suzish havzasi, turk hammomi xizmatlaridan foydalanish sharoitlari yaratilgan;
  • sanatoriyda kutubxona, madaniyat saroyi, tennis xonalari, mazali va darmondorilarga boy taomlar tayyorlanadigan oshxona, bolalar o‘yingohi ham bunyod etilgan.  

Mutasaddilar qayd etishicha, yangi sanatoriyda yaratilgan shart-sharoitlar har yili 6 ming 400 nafar fuqaroning salomatligini tiklash va sog‘lomlashtirish imkonini beradi. Shu bilan birga, sog‘lomlashtirish maskanida 150 dan ortiq kishi ish bilan ta’minlandi. Tantanali marosimda sanatoriy tasarrufiga avtobus va yengil avtomashina topshirilganiga ham bevosita guvoh bo‘ldik.

Eng asosiysi, “Sangardak” sanatoriysi joylashgan hudud juda bahavo va salqin. Uning to‘rt tarafidan Hisor tog‘ tizmalari, sharqirab oqayotgan soylar xuddi kaftdagidek ko‘rinib turadi. Bunday bebaho tabiat ne’matlari dam oluvchilarga xush kayfiyat bag‘ishlab, salomatliklarini mustahkamlashda muhim omil ekani tayin.

Muxtasar aytganda, ulug‘ shoir va mutafakkir Alisher Navoiy bobomiz Temuriyzoda podshoh Sulton Husayn Boyqaro hazratlari bilan maslahatlashgan holda, ulkan qurilishlar va ko‘plab savobli amallarning boshida turgani tarixdan yaxshi ma’lum. Donishmand mutafakkir sa’y-harakatlari bilan bunyod etilgan “Ixlosiya”, “Shifoiya”  madrasalari, “Xalosiya”, “Jamoatxona” va “Ziyoratgoh” honaqolari uzoq yillar davomida xalq xizmatida bo‘lgan.

Shu nuqtai nazardan, muhtasham va mo‘jizaviy "Sangardak" sanatoriysining tashabbuskori hisoblanuvchi muhtaram Yurtboshimiz va barcha bunyodkor yurtdoshlarimiz ulug‘ bobolarimiz kabi bemisl savobga doxil bo‘ldilar. Zero, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’biri bilan aytganda, “Barcha orzu-niyat va intilishlarimiz, mashaqqatli mehnatimiz, kechani – kecha, kunduzni – kunduz demasdan amalga oshirayotgan sa’y-harakatlarimiz – hamma-hammasi bizga katta umid bilan boqib turgan xalqimiz uchundir”.

 

Akmal SAIDOV,

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari,
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori

«Xalq so‘zi» gazetasining 2023 yil 26 sentyabr kungi 201 (8544)-soni

Powered by GSpeech