Fan, taʼlim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi hamda Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasining 2023-yil 27-sentabr kuni bo‘lib o‘tgan qo‘shma majlisida O‘zbekiston Respublikasida inson huquqlari bo‘yicha Milliy taʼlim dasturi ijrosi yuzasidan axborot eshitildi.
Tadbirda Oliy Majlis Senati aʼzolari, mahalliy Kengashlar deputatlari, tegishli vazirlik va idoralar vakillari, ekspertlar, jurnalistlar ishtirok etdi.
Majlisda O‘zbekiston Respublikasida inson huquqlari sohasidagi Milliy taʼlim dasturini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” 7 ta yo‘nalish va 30 ta banddan iborat ekani, shundan 2 ta band (1, 9-bandlar) o‘z muddatida amalga oshirilgani, qolgan 28 ta band hozirda amalga oshirilayotgani taʼkidlandi.
Mamlakatimiz viloyat va shaharlarida “Inson huquqlari – oliy qadriyat” mavzusida “Prokuror va yoshlar”, “Sudya va yoshlar”, “Adliya rahbari va yoshlar”, “Majburiy ijro byurosi va yoshlar bilan ishlash bo‘yicha rahbar”, “Davlat xavfsizligi va yoshlar bilan ishlash bo‘yicha rahbar” uchrashuvlari tashkil etildi. Respublika bo‘ylab tashkil etilgan uchrashuvlarda 8 mingdan ortiq yoshlar ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universitetida “Yangi O‘zbekiston va inson huquqlari” fani doirasida “Axborot soati” va “Axloq soati” mavzularida uchrashuvlar tashkil etilib, unda ofitserlar, serjantlar va kursantlar, talabalar, muddatli harbiy xizmatchilar, jami 500 dan ortiq kishi qatnashdi.
Qisqa muddatli malaka oshirish kurslari jadvali, qiynoqlarga qarshi kurashish bo‘yicha surishtiruv, tergov, dastlabki tergov organlari va ozodlikdan mahrum qilish joylari xodimlari uchun o‘quv dasturi va moduli ishlab chiqildi. Reja asosida hududlarda milliy va xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda “Qiynoqlarga qarshi kurashish: xalqaro amaliyot va milliy tajriba” mavzusida kurslar tashkil etildi. O‘quv kurslarida har bir hududning tergov, surishtiruv, dastlabki tergov va penitensiarmuassasalarining jami 470 nafar xodimi ishtirok etdi.
Mamlakatimiz hududlaridagi axborot-kutubxona markazlariga inson huquqlari sohasidagi 2 150 nusxa adabiyotlar yuborildi.
Shu bilan birga, senatorlar olib borilgan o‘rganishlar asosida qator muammolarni aniqladi, jumladan, vazirlik va idoralar tomonidan “yo‘l xaritasi”ning ayrim bandlarini amalga oshirishda sustkashlikka yo‘l qo‘yilgan, uning amalga oshirilishi to‘g‘risida axborot berilmagan.
Keng muhokama davomida Senat qo‘mitalari qo‘shma qarori qabul qilinib, uning doirasida O‘zbekiston Respublikasida inson huquqlari sohasidagi Milliy taʼlim dasturining so‘zsiz bajarilishini taʼminlash maqsadida vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda ish olib borish rejalashtirilgan.
O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI
OLIY MAJLISI SENATI
- Qo'shildi: 28.09.2023
- Ko'rishlar: 3591
- Chop etish