28 sentyabr kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi ma’sul xodimlari H.Mo‘minov va M.Tolipova bilan Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti Axborot-kutubxona markazi xodimlari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tadbir Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 75 yilligi hamda O‘qituvchi va murabbiylar kuniga bag‘ishlandi.
Muloqot avvalida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi faoliyati haqida qisqacha axborot taqdim etildi. Davlatimiz rahbari joriy yil 11 sentyabrda tasdiqlagan “O‘zbekiston–2030” strategiyasida kelgusi yetti yilda ta’limni yanada rivojlantirish yuzasidan yangi vazifalar belgilab berilgani xususida so‘z yuritildi.
Inson huquqlari sohasidagi milliy ta’lim dasturi dorasida amalga oshirilayotgan ishlarning samaralariga e’tibor qaratildi. Shuningdek, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 75 yilligi munosabati bilan mazkur Deklaratsiyaning o‘zbek, rus va qoraqalpoq tillaridagi nashrlari chop etilgan to‘g‘risida ma’lumot berildi.
Axborot-kutubxona markazi direktori Komila Mahmudova Pedagogika universiteti fakultetlari va kutubxona faoliyati haqida batafsil to‘xtaldi. Universitet 1935 yilda tashkil topgan bo‘lib, uning Axborot-kutubxona markazi 54 ming 119 nomdagi bir milliondan ziyod kitob fondiga ega. Kutubxonada faoliyat yurituvchi 20 nafar xodim 25 ming 420 nafar kitobxonga xizmat ko‘rsatmoqda.
Bu yerda kitobxonlar uchun qulay va zamonaviy sharoitlar yaratilgan. Xususan, foydalanuvchilarga masofaviy xizmat ko‘rsatish maqsadida telegram ijtimoy tarmog‘idagi armat.tdpu.uz sahifasiga 53 ming 915 nomda 415,5 Gb hajmdagi adabiyotlar joylashtirilgan.
Uchrashuv yakunida kutubxona fondiga Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan inson huquqlariga oid 53 nomdagi 260 ta adabiyot beg‘araz topshirildi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 29.09.2023
- Ko'rishlar: 3650
- Chop etish