29-30 sentyabr kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining qirq beshinchi yalpi majlisida jamiyat hayotining barcha sohalari huquqiy asoslarini mustahkamlashga va mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samaradorligini oshirishga, xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan 7 ta qonun muhokama qilindi.
Senatorlar, jumladan, “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni ma’qulladi. Ushbu Qonun mutasaddi idoralar tomonidan O‘zbekiston xalqining ko‘p asrlik tarixi va madaniy an’analarini inobatga olgan holda ishlab chiqilgan.
Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish orqali milliy, irqiy, etnik yoki diniy mansubligiga qarab bir toifa fuqarolarni boshqa toifa fuqarolardan ustunligini yoki nuqsonli ekanligini targ‘ib qilganlik, nikohi qonunda belgilangan tartibda qayd etilmagan shaxslar o‘rtasida nikoh tuzishga doir diniy marosimni amalga oshirganlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilash nazarda tutilmoqda.
Shu bilan birga, qonun bilan ikki yoki undan ortiq xotin bilan er-xotin bo‘lib yashashni targ‘ib qilganlik, xotin-qizlar va erkaklar teng huquqliligini ochiqdan-ochiq inkor etganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati ma’lumotida ta’kidlanganidek, mamlakatimizda inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, bu borada konstitutsiyaviy-huquqiy, qonunchilik, institutsional va amaliy kafolatlarni mustahkamlashga qaratilgan keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Ayniqsa, oilalar mustahkamligini, ularda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash, jamiyat farovonligini yuksaltirishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilayotganligini alohida ta’kidlash lozim.
Biroq so‘nggi paytlarda mamlakatimizda faqatgina diniy rasm-rusumlarga binoan tuzilgan nikohlar soni va buning ortidan ko‘p xotinlik holatlari ortib bormoqda. Shuningdek, reklama, ko‘ngilochar va tahliliy materiallar orqali ko‘p xotinlik va uning “afzalliklari”ni targ‘ib qilish avj olmoqda. Buning oqibatida qonuniy nikohsiz tug‘ilgan bolalar soni ham oshgan.
Respublika bo‘yicha 2020 yilda 16 564 ta holatda tug‘ilgan chaqaloqlar yolg‘iz ona arizasi asosida ro‘yxatdan o‘tkazilgan bo‘lsa, 2022 yilda ushbu ko‘rsatkich 18 955 tani tashkil etgan.
Senatning qirq beshinchi yalpi majlisida qayd etilganidek, Konstitutsiyamizga asosan unda belgilangan huquq va erkinliklar faqat qonunga muvofiq va faqat konstitutsiyaviy tuzumni, aholining sog‘lig‘ini, ijtimoiy axloqni, boshqa shaxslarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, jamoat xavfsizligini hamda jamoat tartibini ta’minlash maqsadida zarur bo‘lgan doirada cheklanishi mumkinligi nazarda tutilgan.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 03.10.2023
- Ko'rishlar: 3433
- Chop etish