11 oktyabr kuni Namangan davlat universitetida xuddi shu mavzuda talabalar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi Namangan viloyati boshqarmasi tashabbusi bilan tashkil etigan ushbu tadbirda talabalar bilan bir qatorda oliy ta’lim maskani professor-o‘qituvchilari, ijodkorlar va ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov ishtirok etib, tadbir qatnashchilariga avvalo O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga kiritilgan inson huquqlari va ijtimoiy himoya bilan bog‘liq yangi moddalarning mazmun-mohiyati haqida so‘zlab berdi. Shuningdek, joriy yilda Inson huquqlari bo‘yicha umumjahon deklaratsiyasining 75 yilligi butun dunyoda, shu jumladan, mamlakatimizda ham keng nishonlanayotgani xususida atroflicha to‘xtaldi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi Namangan viloyati boshqarmasi boshlig‘i Ibrohim Hojiev yig‘ilganlarga Agentlikning faoliyati to‘g‘risida muxtasar ma’lumot taqdim etdi. Bugungi kunda Prezidentimizning tashabbusi bilan ijtimoiy yo‘nalish bo‘yicha mamlakatimizda yangi tizim tashkil etilgani, ushbu tizimning faoliyat ko‘lami nechog‘lik kengligi va samaradorligi haqida fikr yuritdi.
Tadbir yakunida Universitetning axborot-kutubxona markaziga Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan nashr etilgan huquqiy adabiyotlar taqdim etildi. Bu kitoblar asosan inson huquqlari, inson huquqlari sohasidagi ta’lim va ijtimoiy himoya mavzulariga bag‘ishlangan bo‘lib, yoshlar hamda ustoz pedagoglarga manzur bo‘ldi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 11.10.2023
- Ko'rishlar: 3645
- Chop etish