Yangi O‘zbekiston – huquqiy davlatning fidoyi huquqshunosi

Yangi O‘zbekiston – huquqiy davlatning fidoyi huquqshunosi

(professor Mirzayusuf Rustamboyevning ilmiy-amaliy faoliyatiga bir nazar)

 

Mamlakatimizda 2023 yil 30 aprel kuni o‘tkazilgan referendumda ishtirok etgan fuqarolarning 90,21 foizi yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini yoqlab ovoz berdi. Bu, o‘z navbatida, yangilangan Bosh qomusimizda xalqimizning Yangi O‘zbekistonni barpo etish bo‘yicha orzu-umidlari va intilishlari o‘z aksini topganligidan yaqqol dalolatdir.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiya “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirishning mustahkam siyosiy-huquqiy asoslarini yaratdi. Yanada muhimi, u  milliy davlatchilik taraqqiyotining tarixiy muhim bosqichida “shaxs – jamiyat – davlat”ni yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi.

Endilikda Konstitutsiyamizning 1-moddasida davlat qurilishining yangi strategik maqsadi — suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat qurish ekanligi qat’iy belgilandi, ijtimoiy adolat va birdamlik prinsiplari joriy etildi. Ayniqsa, inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning mutlaqo yangi mexanizmlarini nazarda tutuvchi konstitutsiyaviy asoslar mustahkamlangani e’tiborga sazovor.

Eng asosiysi, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning:

birinchidan, mamlakatning butun hududida oliy yuridik kuchga egaligi;

ikkinchidan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilishi;

uchinchidan, yagona huquqiy makonning asosini tashkili etishiga taalluqli konstitutsiyaviy normalar mustahkamlab qo‘yildi. Eski tahrirdagi matnda Konstitutsiya normalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llashga doir ushbu mexanizmlar mavjud emasdi.

Asosiy qonunimizning “Konstitutsiya va qonunning ustunligi” bobidagi 15-16-moddalar yangi va eski matnidagi normalarni o‘zaro qiyoslansa, bu fikrlarimiz qanchalik haqqoniy ekanligi o‘z tasdig‘ini topadi. Yangilangan Konstitutsiyaning 15-moddasiga muvofiq:

“O‘zbekiston Respublikasida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarining ustunligi so‘zsiz tan olinadi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mamlakatning butun hududida oliy yuridik kuchga ega, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladi va yagona huquqiy makonning asosini tashkil etadi”[1].

Shu o‘rinda 2023 yil 8 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilinganini ta’kidlash lozim. Ushbu muhim hujjat talablari:

birinchidan, yangilangan Konstitutsiyamizni so‘zsiz va to‘liq amalga oshirish;

ikkinchidan, unda mustahkamlangan ustuvor prinsiplarni Yangi O‘zbekiston ulug‘vor g‘oyasiga hamohang tarzda ro‘yobga chiqarish;

uchinchidan, davlat organlarining faoliyatini yangicha konstitutsiyaviy-huquqiy sharoitlarda yo‘lga qo‘yish;

to‘rtinchidan, fuqarolar o‘z hayotida xalq Konstitutsiyasi ruhini yaqqol his etib turishini ta’minlash maqsadlariga qaratilgan.

Farmonda belgilanganidek, “yangi tahrirdagi Konstitutsiya oliy yuridik kuchga ega ekanligidan kelib chiqib, davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatida to‘g‘ridan-to‘g‘ri va so‘zsiz qo‘llaniladi”[2].

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga kiritilgan yangi, zamonaviy va juda muhim normalarning hayotga qat’iy hamda izchil tatbiq etilishi, xususan, sudlar tomonidan ana shu konstitutsiyaviy qoidalarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llanishi yurtimiz va xalqimiz tarixida inson huquqlari, erkinliklari, qonuniy manfaatlari va qadr-qimmatini ulug‘lash borasida yangi davrni boshlab bermoqda. O‘zbekiston Prezidenti ta’kidlaganidek, “Inson qadri biz uchun qandaydir mavhum, balandparvoz tushuncha emas. Inson qadri deganda, biz, avvalo, har bir fuqaroning tinch va xavfsiz hayot kechirishini, uning fundamental huquq va erkinliklarini ta’minlashni nazarda tutamiz”[3].

Shu ma’noda, yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining tayyorlanishida o‘z taklif-tavsiyalarini bergan barcha yurtdoshlarimizga va xorijiy hamda xalqaro hamkorlarimizga yana bir bor minnatdorchilik bildiraman. Binobarin, ushbu muhim siyosiy-huquqiy jarayonga befarq bo‘lmagan barcha hamkorlarimizga o‘z vaqtida Konstitutsiyaviy komissiya raisi nomidan minnatdorlik maktublari yuborilgan.

Fursatdan foydalanib, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yurist, yuridik fanlar doktori, professor Mirzayusuf Rustamboyevga, avvalambor, 2022-2023 yillarda Konstitutsiyaviy komissiya tarkibida yaqin hamkorlikda samarali ishlaganimiz uchun katta rahmat aytaman. Konstitutsiyaviy islohotlar asnosida ushbu fidoyi olim tavsiya etgan 35 ta taklifning aksariyati yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz matniga to‘liq yoki qisman kiritilgani alohida tahsinga sazovor, deb hisoblayman.

Mamlakatimiz ilm-fani va ta’lim-tarbiya tizimi fidoyisi, zukko olim hamda taniqli davlat va jamoat arbobi Mirzayusuf Rustamboyev – O‘zbekistonda yuridik fan va yuridik ta’lim rivoji yo‘lida ham ilmiy-nazariy, ham tashkiliy-pedagogik asoslarda o‘zining munosib hissasini qo‘shib kelayotgan milliy huquqshunos kadrlarning eng peshqadamlaridandir. Shuning uchun ushbu taniqli olim va tashkilotchi rahbarning serqirra, sermazmun va sermahsul faoliyati haqida muxtasar so‘z yuritish ayni muddao bo‘ladi, degan fikrdaman.

Birinchidan, Mirzayusuf Rustamboyev – mohir pedagog. Olim 1979 yili Toshkent Davlat universitetini (hozirgi – O‘zbekiston Milliy universitetini) bitirib, shu oliy o‘quv yurtida o‘qituvchilikdan toki Toshkent davlat yuridik instituti (hozirda – Universitet) rektorigacha bo‘lgan lavozimlarda uzoq yillar samarali faoliyat yuritdi.

Ikkinchidan, Mirzayusuf Rustamboyev – yuridik fanlar doktori ilmiy darajasini yoqlab, professor ilmiy unvoniga sazovor bo‘lgan taniqli huquqshunos olim. U yaratgan “Jinoyat huquqi yo‘nalishi bo‘yicha ilmiy maktab” jahon bo‘yicha tan olingan. Ushbu ilmiy maktabdan hozirga qadar 11 nafar fan doktori va 29 nafar fan nomzodi yetishib chiqdi. Bugungi kunda ham olimning ko‘plab shogirdlari yuridik fanning dolzarb muammolari bo‘yicha muvaffaqiyatli ilmiy tadqiqotlar olib borishmoqda.

Uchinchidan, Mirzayusuf Rustamboyev – ko‘plab yuridik darsliklar va o‘quv qo‘llanmalari, monografiyalar va risolalar muallifi. Ayniqsa, olimning “O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat huquqi kursi” nomli o‘zbek va rus tillaridagi 5 jildlik kitobi, qariyb 70 ta darsligi, 30 ga yaqin o‘quv va 30 dan ortiq o‘quv-uslubiy qo‘llanmalari, 15 ta monografiyasi, salkam 40 ta risolasi, 160 tadan ziyod ilmiy maqolasi hamda 550 ta atrofidagi ilmiy ishi talabalar orasida qo‘lma-qo‘l bo‘lib, ilmiy doiralarda ham behad qadrlanadi.

To‘rtinchidan, Mirzayusuf Rustamboyev – jonkuyar davlat va jamoat arbobi. Xususan, u 2004-2009 yillarda Oliy Majlis Senati a’zosi sifatida turli qo‘mita va komissiyalarning mas’uliyatli faoliyatiga rahbarlik qildi. Oliy ta’lim tizimining ko‘zga ko‘ringan vakili, iqtidorli ilm-fan namoyandasi sifatida davlat va jamoat ishlarida hamisha faollik ko‘rsatib kelmoqda.

Polkovnik M.Rustamboyevning birgina hozirgi ish joyi – O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti boshlig‘i lavozimidagi faoliyatini olaylik. Ushbu ixtisoslashgan oliy ta’lim muassasasida kursantlarning sifatli va namunali ta’lim olishlari uchun barcha zarur sharoitlar yartilgani natijasida Universitetning ilmiy salohiyati 2017 yildagi 10 foizdan – 2023 yilda 75 foizga o‘sgan!

Albatta, professor M.Rustamboyevning Vatanimiz ilm-fani va yoshlarimiz ta’lim-tarbiyasi yo‘lidagi jonkuyarligi davlatimizning doimiy e’tiborida turibdi. Xususan, Mirzayusuf aka “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yurist” faxriy unvoni va “Mehr-saxovat” ko‘krak nishoni, Ikkinchi darajali “Shon-sharaf” ordeni kabi yuksak davlat mukofotlari bilan taqdirlangani, hech shubhasiz, fidokorona xizmatlariga berilgan munosib baho va ehtirom ifodasidir.

O‘z navbatida, Mirzayusuf Rustamboyev Turkiya, Rossiya, Belarus, Qozog‘iston harbiy akademiyalarining medallari va ko‘krak nishonlari, Olma-ota akademiyasining faxriy professori unvoni bilan taqdirlangani ham bejiz emas. Bunday e’tibor, albatta, taniqli o‘zbek olimi yuridik fan va ta’lim sohasidagi xalqaro hamkorlikni rivojlantirish ishiga munosib hissa qo‘shayotganidan dalolat beradi.

Chindan ham, keyingi yillarda polkovnik M.Rustamboyev rahbarlik qilayotgan O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti bilan 24 ta xorijiy oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida anglashuv memorandumi va hamkorlik shartnomalari imzolangan. Mirzayusuf aka ana shu hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirish maqsadida AQSh, Fransiya, Xitoy, Janubiy Koreya kabi bir qator xorijiy mamlakatlarda xizmat safarida bo‘lgan.

Bugungi kunda mamlakatimizning yangilangan konstitutsiyaviy-huquqiy zaminida milliy taraqqiyotning asosiy yo‘nalishlarini takomillashtirish, shiddatli va keng ko‘lamli islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish davr talabiga aylandi. Shu munosabat bilan mamlakatimizda mustaqillikning o‘tgan 32 yili mobaynida birinchi marotaba 7 yilga mo‘ljallangan uzoq muddatli va qamrovdor milliy taraqqiyot dasturi, ya’ni “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi tasdiqlandi.

Ushbu dasturilamal hujjatda jami 100 ta maqsad, 369 ta chora-tadbir, 190 ta vazifa, 306 ta maqsadli ko‘rsatkich bajarilishi va bu borada 118 ta normativ-huquqiy hujjat ishlab chiqilishi ko‘zda tutilgan. Bu ulug‘vor va sharafli vazifalar, shubhasiz, yurtimizning bilimli va tajribali, matonatli va jasoratli, oqibatli va bag‘rikeng, ibratli va bunyodkor barcha insonlari qatori professor Mirzayusuf Rustamboyev zimmasiga ham ulkan mas’uliyat yuklaydi.

Muxtasar aytganda, hurmatli olimimizga mustahkam sihat-salomatlik, oilaviy xotirjamlik, xalqimiz farovonligi va yurtimiz ravnaqi uchun Yangi O‘zbekistonni bunyod etish va Uchinchi Renessansning mustahkam poydevorini tiklash yo‘lida olib borayotgan sharafli faoliyatida hamda samarali ilmiy-ijodiy ishlarida omad va muvaffaqiyatlar tilayman. Binobarin, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti ta’kidlaganidek, “Barchamizning fidokorona mehnatimiz, g‘ayratu shijoatimiz bilan Yangi O‘zbekiston orzusi real haqiqatga aylanmoqda. Xalqaro maydonda Vatanimizga nisbatan hurmat va e’tibor tobora ortib bormoqda[4].

 

Akmal SAIDOV,

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari,
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori,

akademik

«Xalq so‘zi» gazetasining 2023 yil 14 oktabr, 218-soni

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi kutubxonasi

 

[1] O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi. – Toshkent: “Adolat” milliy huquqiy axborot markazi, 2023. – B. 9.

[2] Qarang: Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 10.05.2023 y., 06/23/67/0269-son.

[3] "Inson qadri biz uchun qandaydir mavhum, balandparvoz tushuncha emas" – Prezident/ 2022 yil 26 yanvar //https://yuz.uz

[4] O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz ikki yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqi// 31 Avgust 2023/ https://xs.uz/

 

Powered by GSpeech