BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining Universal davriy hisoboti doirasida o‘quv treningi o‘tkazildi

16 oktyabr kuni Toshkent shahrida BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining Universal davriy hisoboti doirasida ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan O‘zbekistonning 4-ma’ruzasini eshitish bilan bog‘liq tadbir yuzasidan simulyatsion o‘quv treningi bo‘lib o‘tdi.

Trening Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo uchun Mintaqaviy bo‘linmasi hamda “UPR info” xalqaro nohukumat tashkiloti bilan hamkorlikda tashkil etildi. Ushbu o‘quv treningi joriy yil 6-17 noyabr kunlari BMT Inson huquqlari kengashining Universal davriy hisoboti 44-sessiyasida ishtirok etishi rejalashtirilgan O‘zbekiston delegatsiyasi vakillari uchun mo‘ljallangan.

Tadbir ochilishida BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo uchun Mintaqaviy bo‘linmasi rahbari o‘rinbosari Fabio Piana, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori o‘rinbosari Dilnoza Muratova so‘zga chiqdi.

Treningda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman), Oliy sud, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi kabi bir qator mas’ul davlat organlari rahbar o‘rinbosarlari ishtirok etdi. O‘quv mashg‘ulotining ikkita sessiya doirasida xalqaro ekspertlarning ma’ruzalari tinglandi va ochiq muhokamalar o‘tkazildi.

Xususan, BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining Inson huquqlari bo‘yicha maslahatchisi, xalqaro ekspert Artur Yasevich Universal davriy hisobot doirasida O‘zbekistonning To‘rtinchi milliy ma’ruzasini ko‘rib chiqish shartlari bilan bog‘liq asosiy elementlar to‘g‘risida ma’ruza qildi. Universal davriy hisoboti mexanizmining tamoyillari, hisobotni taqdim qilinishi jarayonlari va unga qo‘yiladigan talablar, a’zo davlatlar delegatsiyalarining sessiyada ishtiroki bilan bog‘liq masalalar tadbir ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi.

Shuningdek, delegatsiya a’zolari uchun simulyatsion sessiya tashkil qilindi. “UPR info” tashkilotining dasturlar bo‘yicha eksperti Nargiza Arupova boshqargan ushbu sessiya delegatsiya a’zolariga BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining Universal davriy hisoboti sessiyasida ishchi guruhi yig‘iliishi va ma’ruzani ko‘rib chiqish paytida BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi tomonidan qo‘llanadigan protseduralar bilan tanishish imkonini berdi.

Trening davomida ishtirokchilar Universal davriy hisobot mexanizmining mohiyatini to‘liq tushunish va sessiya davomida BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi a’zolari tomonidan beriladigan savollarga oldindan javoblarni tayyorlash hamda delegatsiya a’zolari orasida taqsimlash imkoniyatiga ham ega bo‘ldilar.

Simulyatsion sessiya tadbir ishtirokchilari uchun BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining Universal davriy hisobot doirasida O‘zbekistonning 4-ma’ruzasini ko‘rib chiqishda ishtirok etishga oldindan tayyorgarlik ko‘rish borasida manfaatli bo‘ldi.

Ma’lumot uchun: “UPR info” NNT faoliyati BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining alohida mexanizmi bo‘lgan Universal davriy hisoboti haqida ma’lumot almashishga qaratilgan. Uning maqsadi BMTga a’zo 193 davlatning har birida inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyatni yaxshilashdir.

Shu yil 31 mart kuni BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasi Markaziy Osiyo uchun Mintaqaviy bo‘linmasi “UPR info” NNT bilan birgalikda O‘zbekistonning Universal davriy hisoboti 4-sikli bo‘yicha “Universal davriy hisobotini amalga oshirish bo‘yicha milliy hisobotni tayyorlashning eng yaxshi amaliyotlari” mavzusida onlayn trening o‘tkazgan.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech