Yangi O‘zbekiston – xorijliklar nigohida

Jorj Drakopulos: Samarqand dunyo tan olgan turizm megapolisiga aylanmoqda (+video)

Samarqand mezbonlik qilyotgan xalqaro forumda qanday dolzarb masalalar ko‘rilmoqda?

Prezident Shavkat Mirziyoyev turizm sohasi bo‘yicha bildirgan takliflar yuzasidan xorijiy ekspertlarning fikri qanday?

O‘zA muxbiri ayni savollarga javob olish maqsadida forumda ishtirok etayotgan xalqaro delegatsiya vakillarining fikrlari bilan qiziqdi.

– O‘zbekistonda so‘nggi yillarda butunlay yangi tizim asosida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar bugun chet ellarda haqli ravishda e’tirof etilmoqda, – deydi Gretsiyadagi “Tourism generis” kompaniyasi rahbari Jorj Drakopulos. – Shuning uchun ham mamlakatingizni o‘z ko‘zi bilan ko‘rishga havasmand kishilar tobora ko‘paymoqda. Samarqand haqida gap ketganda, har bir gretsiyalik, avvalo, qadimiy Buyuk Ipak yo‘lini yodga oladi.

Kecha Samarqandda BMT Butunjahon turizm tashkiloti (YUNVTO) Bosh Assambleyasi tarixiy 25-sessiyasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev qator takliflarni ilgari surdi.

E’tiborli jihati, Samarqand shahriga “Butunjahon madaniy turizm poytaxti” maqomini berish to‘g‘risida deklaratsiya qabul qilindi. O‘zbekiston salkam yuz mamlakatdan vizasiz kirish tizimini joriy etgan. Yana 55 davlat fuqarolari uchun soddalashtirilgan elektron viza tartibi amalda. Ayni chora-tadbirlar o‘lkangizga sayyohlar oqimini yanada oshirishi shubhasiz.

– Forum yuksak saviyada tashkil etilgan, – deya gap boshlaydi Afrika qit’asining Uganda davlati Turizm kengashi direktori Vivian Lazi. – Samarqand ushbu tadbirga mezbonlik qilish uchun eng munosib ekanligiga yana bir bor amin bo‘lyapman. Odamlari mehmondo‘st, taomlari va madaniyati haqida esa faqat iliq fikr bildirish joiz. Hammasi juda ajoyib!

Kecha BMT Butunjahon turizm tashkiloti (YUNVTO) Bosh Assambleyasi ochilish marosimida Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan takliflarni tahlil qilib ko‘rsak, O‘zbekiston yaqin kelajakda turizm sohasida ulkan yutuqlarga erishadi, deb bemalol ishonch hosil qilish mumkin.

O‘zA forum voqealarini kuzatib boradi.

O‘.Alimov,

N.Abduvoitov (video),

O‘zA

Powered by GSpeech