Joriy yil 23 oktyabr kuni Toshkent shahrida yoshlar huquqlari bo‘yicha xalqaro forum bo‘lib o‘tadi

AOKAda o‘tkazilgan brifngda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi axborot xizmati rahbari G‘ulom Mirzaev ushbu forum haqida batafsil ma’lumot berdi:

Joriy yilning 23 oktyabr kuni Toshkent shahrida «Yoshlar huquqlari: imkoniyatlar va himoya qilish mexanizmlari» mavzusida xalqaro forum bo‘lib o‘tadi.

Ushbu xalqaro anjuman dunyo hamjamiyati tomonidan Birlashgan Millatlar Tashkiloti kuni deb e’lon qilingan tarixiy sana – 24 oktyabr arafasida o‘tkazilayotganida o‘ziga xos ramziy ma’no bor. Ya’ni, Toshkent xalqaro forumi Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 75 yilligi va Inson huquqlari bo‘yicha Vena butunjahon konferensiyasining 30 yilligiga bag‘ishlanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 12 maydagi Farmoni bilan tasdiqlangan “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganligining 75 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar dasturi”da ayni mavzuda xalqaro forum o‘tkazish ko‘zda tutilgan.  Bu – davlatimiz rahbari so‘nggi yillarda yoshlar masalasi bo‘yicha ilgari surgan 20 dan ortiq milliy, mintaqaviy va xalqaro tashabbuslardan biridir.

Onlayn va oflayn tarzda o‘tadigan xalqaro forumning asosiy milliy tashkilotchisi Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi hisoblanadi. Shuningdek, mamlakatimizdagi barcha davlat va nodavlat yoshlar tashkilotlari xalqaro anjumanga faol jalb etilmoqda.

Xalqaro forumni tashkil etishda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasi, Oliy komissar Boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy bo‘limi, BMTning O‘zbekistondagi Doimiy muvofiqlashtiruvchisi ofisi, BMT Taraqqiyot dasturining mamlakatimizdagi vakolatxonasi, Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi, YeXHTning O‘zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi, Fridrix Ebert fondi kabi xalqaro sheriklar bilan yaqin hamkorlikda ish olib borilmoqda.

Toshkent xalqaro forumining asosiy maqsadlari, jumladan:

▪ yoshlar huquqlarini himoya qilish va rag‘batlantirish uchun xalqaro hamda mintaqaviy vosita va mexanizmlarning qo‘llanilishi sohasini xolis tahlildan o‘tkazish;

▪ yoshlar huquqlari va imkoniyatlarini himoya qilish mexanizmlarining samaradorligini oshirish bo‘yicha o‘zaro fikr almashish;

▪ yoshlar huquqlarini himoya qilish muhimligi borasida jamiyatning xabardorligini oshirish;

▪ yoshlar huquqlarini himoya qilishning eng maqbul amaliyoti va samarador mexanizmlarini muhokama qilish hamda bu yo‘nalishdagi ilg‘or tajribalarni o‘rganish;

▪ yoshlar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan siyosat va qonunchilikni targ‘ib etish hamda qo‘llab-quvvatlash;

▪ davlatlar, xalqaro tashkilotlar, fuqarolik jamiyati va yoshlar tashkilotlari o‘rtasida yoshlar huquqlarini himoya qilish sohasidagi o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashga ko‘maklashishdan iborat.

Xalqaro forumda yakuniy hujjat – Markaziy Osiyo yoshlarining huquqlari to‘g‘risidagi deklaratsiya qabul qilinishi rejalashtirilmoqda. Unda Forumning asosiy natijalari va amaliy tavsiyalari o‘z mujassamini topadi.

Forumda milliy va xorijiy ekspertlar, yoshlar tashkilotlari yetakchilari, yoshlar parlamentlari, inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari, shuningdek, yoshlar huquqlari bo‘yicha xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar vakillari qatnashadi.

Rasmiy xabarlar

 

Powered by GSpeech