Markaziy Osiyo yoshlari yana bir bor Toshkentda birlashdi

Toshkent shahrida “Yoshlar huquqlari: imkoniyat va himoya qilish mexanizmi” mavzusidagi xalqaro forumning ochilishi noan’anaviy tarzda – ma’naviy-badiiy sahna ko‘rinishi bilan boshlandi. Muhtasham majlislar zali uzra O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Erkin Vohidovning “Inson” qasidasi iqtidorli yoshlar ijrosida o‘zbek, ingliz va rus tillarida yangradi.

Ushbu xalqaro anjuman dunyo hamjamiyati tomonidan Birlashgan Millatlar Tashkiloti kuni deb e’lon qilingan tarixiy sana – 24 oktyabr arafasida o‘tkazilayotganida o‘ziga xos ramziy ma’no bor.

– Anjuman Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi 75 yilligi va Inson huquqlari bo‘yicha Vena butunjahon konferensiyasi 30 yilligini keng nishonlash doirasida bo‘lib o‘tmoqda, –dedi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz direktori Akmal Saidov.– Aholisining qariyb yarmini yoshlar tashkil etadigan mintaqamizda yoshlar huquqini ta’minlash yo‘lidagi birdamlik, hamkorlikni ramziy ifodalashi barobarida mazkur tadbir Prezidentimizning BMT Bosh Assambleyasi 78-sessiyasida Birlashgan Millatlar Tashkiloti huzurida Markaziy Osiyo yoshlarini rivojlantirishga ko‘maklashish bo‘yicha Ishchi guruh tashkil etish to‘g‘risidagi tashabbusini amalga oshirish maqsadida o‘tkazilayotgani bilan ahamiyatli.

Onlaynva oflayn shaklda o‘tkazilayotgan forumda mintaqamiz mamlakatlaridan 500 dan ortiq yosh, jumladan yoshlar parlamenti a’zolari, yoshlar tashkilotlari yetakchilari va faol navqiron insonlar, shuningdek, mamlakatimizning barcha hududlaridagi oliy ta’lim muassasalari talabalari qatnashmoqda.

Muhimi, ushbu maslahatlashuvlar natijasidan 2023 yil dekabr oyida Jenevada o‘tadigan yuqori darajali tadbirda taqdim etilishi rejalashtirilayotgan “Yoshlar huquqlari-75” deklaratsiyasi loyihasini ishlab chiqishda foydalaniladi.

Ishtirokchilarni BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Folker Tyurk va Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi direktori Matteo Mekachchi videomurojaat orqali tabrikladi.

Yoshlarni BMT O‘zbekistondagi Doimiy muvofiqlashtiruvchisi nomidan YUNISEFning mamlakatimizdagi vakili vazifasini bajaruvchi Jofri Ijumba YeXHT amaldagi raisi Yoshlar masalalari bo‘yicha maxsus vakili Memet Jaku hamda Islom hamkorlik tashkiloti Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil doimiy komissiyasi vakili Muhammad Laval Sulaymon ham qutladi.

So‘zga chiqqanlar forum yoshlar huquqi va imkoniyatini ta’minlash hamda himoya qilish mexanizmi bo‘yicha zaruriy bilimga ega bo‘lish, o‘zaro tajriba almashish, dolzarb g‘oya va loyihalarni ro‘yobga chiqarish uchun qulay axboriy-ma’rifiy, amaliy muhokama-munozara maydoniga aylanishiga ishonch bildirdilar.

Xalqaro anjuman davomida siyosatchilar, jamoat arboblari, ilmiy-akademik doira namoyandalari va tadbirkorlar, O‘zbekiston va dunyo yoshlari vakillari o‘rtasida bo‘lib o‘tadigan jonli muloqotlar muhim ahamiyat kasb etadi.

Uchta yalpi majlis ko‘rinishida davom etgan forumda milliy va xorijiy ekspertlar, Markaziy Osiyo mamlakatlari yoshlar tashkilotlari yetakchilari, yoshlar parlamentlari, inson huquqlari bo‘yicha milliy hamda fuqarolik jamiyati institutlari, yoshlar huquqi bo‘yicha xalqaro, mintaqaviy tashkilotlar vakillari – jami 800 nafardan ziyod o‘g‘il-qiz faollik ko‘rsatmoqda.

Saidmurod RAHIMOV, O‘zA

Powered by GSpeech