2023-yil 21-22 oktabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri birinchi o‘rinbosari, Parlamentlararo Ittifoq (PI) vitse-prezidenti Akmal Saidov boshchiligidagi O‘zbekiston parlamenti delegatsiyasi vakillari PI Ijroiya qo‘mitasining 291-yig‘ilishida ishtirok etishdi. PIning 147-Assambleyasi doirasida tashkil etilgan yig‘ilish Angola davlatining Luanda shahrida bo‘lib o‘tdi.
Bundan tashqari, joriy yilning 23-oktabridan 27-oktabriga qadar Parlamentlararo Ittifoqning 147-Assambleyasi o‘tkazilmoqda. Kecha, 23 oktyabr kuni ushbu Assambleyaning tantanali ochilish marosimida ham mamlakatimizdan borgan delegatsiya a’zolari ishtirok etishdi.
Unda Parlamentlararo Ittifoqning 139 ta a’zo mamlakatlari, xususan MDH mamlakatlari, Armaniston, Ozarbayjon, Gruziya, Belarus Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi, Ukraina va O‘zbekiston Respublikasi parlamentining 1500 nafardan ortiq vakillari qatnashdi.
Assambleya kun tartibida ko‘tarilgan asosiy mavzu Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlarining Tinchlik, odil sudlov va kuchli institutlarni rivojlantirishga qaratilgan 16-maqsadi bilan uzviy bog‘liq bo‘ldi. Majlis ishida fuqarolar va davlat tuzilmalari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, davlat idoralari faoliyatining shaffofligi va hisobdorligini ta’minlash hamda parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish masalalari atroflicha muhokama qilinmoqda.
O‘rni kelganda ta’kidlash kerak, O‘zbekistonning Parlamentlararo ittifoq bilan sermahsul hamkorligi jadal rivojlanib bormoqda. Assambleyada ishtirok etayotgan ko‘plab xorijiy siyosatchilar, parlamentlar a’zolari O‘zbekistonning ichki va tashqi siyosatida amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori darajada baholashmoqda. Ayniqsa, xalqaro maydonda yuz berayotgan global muammolarga to‘g‘ri yechim, tashabbus berishda boshqa davlatlarga har tomonlama o‘rnak ko‘rsatayotganini e’tirof etishdi.
Yuqori darajada tashkil etilgan Assambleyada ishtirok etuvchi vakillarga milliy parlamentlarni rivojlantirishga qaratilgan bir qator ilmiy, ijtimoiy, siyosiy risolalar tarqatildi.
Assambleya doirasida Ittifoqning barcha ma’muriy idoralari, xususan, Ijroiya qo‘mita, Boshqaruvchi kengash, to‘rtta doimiy qo‘mitalar, parlamentlar Ayol rahbarlari forumi, Yoshlar parlamentlari forum va inson huquqlari bo‘yicha Qo‘mitalar o‘z yig‘ilishlarini o‘tkazadi.
PI Ijroiya qo‘mitasi yig‘ilishi kun tartibiga ko‘ra, PI Bosh kotibi va Prezidentining faoliyatiga doir hisobotlari tinglandi. Bundan tashqari, Qo‘mita dunyoning turli mamlakatlari, xususan, Urugvay, Misrda ham PIning vakolatxonalarini ochish, tashkilot a’zo va kuzatuvchilarining safini kengaytirish hamda ta’qib qilish va zo‘ravonlikka qarshi kurashish borasida uyushmaning siyosatini belgilash masalalari muhokama qilindi.
Yig‘ilishda nutq so‘zlagan A.Saidov keyingi yillarda O‘zbekistonda olib borilayotgan yangi demokratik va erkin mamlakatni yaratishga qaratilgan keng qamrovli va izchil islohotlar mamlakatda ijtimoiy adolatga erishish uchun maqbul sharoitlarni yaratishga xizmat qilayotganini qayd etdi. Bu jarayonda gender tenglikni ta’minlash masalalariga qaratilayotgan e’tibor muhim ahamiyat kasb etayotganligi, mamlakatimizda xotin-qizlar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan asosli tashabbuslar ilgari surib kelinayotganligi natijasida mehnat bozorida tengsizlikni bartaraf qilish va ularning manfaatlarini yanada kuchli himoya qilishga qaratilgan milliy strategiya va qonunchilik shakllantirilganligi ta’kidlandi.
Xususan, birgina 2019 yilning o‘zida xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish hamda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq, imkoniyatlarning kafolatlanishiga qaratilgan qonunlar qabul qilinganiga alohida urg‘u qaratildi.
Parlament Ittifoqi Ijroiya Qo‘mitasi yig‘ilishi davomida PIga a’zo-davlatlar parlamentlari bilan o‘zaro aloqalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirib turuvchi elchi, IQning tashqi aloqalar bo‘limi direktori Anda Filip o‘z nutqida Yangi O‘zbekistonni barpo etishga, mamlakatda erkin va adolatli fuqarolik jamiyatini shakllantirishga qaratilgan konstitutsiyaviy islohotlar muvaffaqqiyatli va demokratik tamoyillar asosida o‘tkazilganini e’tirof etdi.
Ma’lumot o‘rnida aytish kerak, Parlamentlararo Ittifoq dunyo mamlakatlari parlamentlarini birlashtirib turuvchi, 180 ta doimiy va 15 ta sho‘ba a’zolarni o‘z ichiga oluvchi, jahondagi eng uzoq yillik tarixga ega xalqaro uyushma hisoblanadi.
- Qo'shildi: 25.10.2023
- Ko'rishlar: 3368
- Chop etish