Poytaxtimizda tashkil etilgan Ikkinchi milliy forumning ayni shunday nomlangani bejiz emas. Bu mavzu Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan shiddatli va ilg‘or demokratik islohotlarning ikkita ustuvor vazifasi bilan chambarchas bog‘liq:
birinchisi – “Inson sha’ni va qadr-qimmati yo‘lida” tamoyilini hayotga tatbiq etish, barcha yetti yo‘nalishning o‘zagi va bog‘lovchi bo‘g‘ini bo‘lgan inson sha’ni va qadr-qimmati, huquq, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashning Yangi O‘zbekistonni rivojlantirish strategiyasidir;
ikkinchisi – suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat qurmasdan tasavvur qilib bo‘lmaydigan adolatli va ochiq fuqarolik jamiyatini shakllantirishdir.
So‘nggi yetti yil ichida jamiyat va davlat taraqqiyoti qonuniyatlari, ilg‘or xorij va jahon tajribasini hisobga olgan holda fuqarolik jamiyati institutlarining roli va ahamiyatini oshirish nuqtai nazaridan qo‘lga kiritilgan muayyan amaliy va aniq natijalardan ayrimlariga to‘xtalish lozim, deb hisoblaymiz.
Birinchidan, qariyb 350 ta qonun, O‘zbekiston Prezidentining 4 ming 400 tadan ortiq farmon va qarorlari, bir qancha milliy strategiya, konsepsiya va davlat dasturlari qabul qilinib, hayotga tatbiq etilmoqda. Ular orasida yaqinda qabul qilingan:
- «O‘zbekiston — 2030» strategiyasi;
- Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi;
- Barqaror taraqqiyot sohasidagi Milliy maqsad va vazifalar;
- Gender tenglikka erishish strategiyasi;
- Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi;
- Millatlararo munosabatlar sohasidagi davlat siyosati konsepsiyasi;
- BMTning «Yoshlar-2030» strategiyasiga asoslangan Davlatning yoshlar siyosatini rivojlantirish konsepsiyasi alohida o‘rin tutadi.
Ikkinchidan, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilishning institutsional mexanizmlarini mustahkamlash bo‘yicha muhim choralar ko‘rildi. Xususan:
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari va Virtual qabulxonasi tashkil etildi, Parlament Ombudsmani, Biznes-Ombudsman, Bolalar Ombudsmani, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz kabi inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar mustahkamlandi;
- Barqaror taraqqiyot sohasidagi Milliy maqsad va vazifalarning amalga oshirilishini nazorat qilish bo‘yicha Parlament komissiyasi, O‘zbekiston Respublikasining inson huquqlari sohasidagi majburiyatlariga rioya etilishini ta’minlash bo‘yicha Parlament komissiyasi, Odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish bo‘yicha Milliy komissiya singari bir qator parlament institutlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Eng muhimi, jamoatchilik nazorati va ijtimoiy sheriklik institutlari izchil rivojlanmoqda. Nodavlat notijorat tashkilotlari parlament va parlament komissiyalari, shuningdek, inson huquq va erkinliklarini himoya qilish hamda ro‘yobga chiqarish uchun mas’ul davlat organlari faoliyatiga keng jalb etilmoqda. Shu tariqa jamiyatimizda fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rni va ahamiyati tubdan kuchaydi.
Uchinchidan, ushbu sohada mamlakat Prezidenti va Hukumatining 200 dan ziyod hujjati, bir qancha milliy strategiya, konsepsiya va dasturlar ishlab chiqildi hamda qabul qilindi. Xususan, kasaba uyushmalar, volontyorlik faoliyati, ayollarni ta’qib va zo‘ravonliklardan himoya qilish, ayollar va erkaklarning huquq va imkoniyatlari tengligini kafolatlash, vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risidagi nihoyatda muhim qonunlar qabul qilindi hamda hayotga keng tatbiq etilmoqda.
Shuningdek, mamlakat Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi, nodavlat notijorat tashkilotlari, ijtimoiy sheriklik, jamoatchilik nazorati, ekologik nazorat, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, davlatning yoshlar siyosati to‘g‘risidagi qonunlar qabul qilindi.
To‘rtinchidan, O‘zbekistonda fuqarolik jamiyati institutlarining rolini kuchaytirishga qaratilgan keng qamrovli tashkiliy-huquqiy choralar amalga oshirildi. Natijada bugungi kunda:
- nodavlat notijorat tashkilotlari soni salkam 16 foiz ko‘payib, 9 ming 800 tadan oshgan bo‘lsa, mahallalar soni qariyb
10 mingtaga Ommaviy axborot vositalari miqdori, 2016 yilgi holat bilan solishtirganda, deyarli 30 foiz o‘sdi hamda hozirgi vaqtda
1 ming 962 tani tashkil etmoqda. O‘z navbatida, milliy axborot makonidagi internet-nashrlar ikki barobar ko‘paydi va 677 taga yetdi. Shu o‘rinda xususiy OAV jamiyat hayotida tobora muhim o‘rin egallab borayotganini ta’kidlash lozim; - siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy, ekologik, madaniy va ma’rifiy maqsalarga erishish, shuningdek, Barqaror taraqqiyot sohasidagi Milliy maqsad va vazifalarni amalga oshirish borasida davlat organlari bilan nodavlat notijorat tashkilotlari o‘rtasidagi ijtimoiy sheriklik darajasi tubdan yangi bosqichga ko‘tarildi.
Beshinchidan, Davlat byudjetidan ijtimoiy sheriklikni qo‘llab-quvvatlash uchun ajratiladigan mablag‘lar miqdori besh barobardan ziyod ortdi. Birgina 2022 yilning o‘zida ijtimoiy sheriklikka qaratilgan 700 tadan ortiq dastur va loyihalar davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda;
- O‘zbekistonda istiqomat qiladigan 130 dan ziyod turli millat va elatlar o‘rtasida tinchlik, do‘stlik va bag‘rikenglikni mustahkamlashga xizmat qilib kelayotgan milliy madaniyat markazlarini ilk bor sezilarli darajada moliyaviy rag‘batlantirish yo‘lga qo‘yildi. Davlat subsidiyasini oladigan nodavlat notijorat tashkilotlari safi nogironligi bo‘lgan shaxslar, aholining zaif qatlamlari huquqlari va manfaatlarini himoya qiladigan fuqarolik jamiyati institutlari hamda ekologik nodavlat tashkilotlar hisobiga yanada kengaydi;
- mamlakatimizning 11 ta mintaqasida «Do‘stlik va NTT uyi» tashkil etilgan bo‘lsa, yana 3 ta mintaqada shunday uylar ochilish arafasida turibdi. Qolaversa, 15 ta «kovorking markazi» ish boshladi. Nodavlat notijorat tashkilotlari tizimida doimiy asosda ishlaydigan xodimlar soni 52 ming nafar kishidan oshdi.
Keyingi davrda nodavlat notijorat tashkilotlari, ayniqsa, «Xalq – qonunlarning yagona manbai va muallifidir» hamda «Barcha muhim qarorlar bevosita xalq bilan muloqot asosida va jamoatchilik fikrini hisobga olgan holda qabul qilinadi» degan prinsiplarni hayotga tatbiq etishda sezilarli faollik ko‘rsatayotgani ko‘zga tashlanmoqda.
Xususan, nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan Konstitutsiyaviy komissiya boshchiligida konstitutsiyaviy islohot hamda Asosiy qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish masalalarining turli jihatlariga bag‘ishlangan 100 tadan ortiq milliy va xalqaro forum o‘tkazildi. Birinchi marotaba 200 tadan ziyod milliy NNT Konstitutsiyaviy qonun loyihasini jamoatchilik, gender, bola huquqlari, inson huquqlari himoyasi va aksilkorrupsiya ekspertizalaridan o‘tkazish jarayonlarida faol ishtirok etdi.
Mamlakatimizda amalga oshirilgan konstitutsiyaviy islohot doirasida “Yangi O‘zbekistonning konstitutsiyaviy o‘ziga xosligi” belgilandi. Bunday monandlik, o‘z navbatida, O‘zbekistonning ochiq va adolatli fuqarolik jamiyati shakllangan davlat sifatida o‘zini namoyon etishini, jumladan, bir qator demokratik institutlarni yanada rivojlantirish va mustahkamlashni taqozo etadi.
Birinchidan, “Ijtimoiy sheriklik” instituti. Vazirlar Mahkamasi zimmasiga davlatning yoshlar siyosatini amalga oshirish, oilani qo‘llab-quvvatlash, uni mustahkamlash va muhofaza qilish choralarini ko‘rish, an’anaviy oilaviy qadriyatlarni asrab-avaylash, ijtimoiy himoya, shu jumladan, nogironligi bo‘lgan shaxslarni himoya qilish tizimini rivojlantirish, ijtimoiy sheriklik va fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash dasturlarini amalga oshirish, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot dasturlarini ishlab chiqish hamda ro‘yobga chiqarish jarayonlariga nodavlat notijorat tashkilotlari faollarini jalb etish yuzasidan aniq vazifalar yuklangan.
Ikkinchidan, “Jamoatchilik nazorati” instituti. Bu borada, xususan, davlatning byudjet siyosati ustidan jamoatchilik nazorati o‘rnatilgani, kamida yuz ming kishidan iborat va Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga qonunchilik takliflarini kiritish huquqiga ega bo‘lgan “xalq tashabbusi” instituti joriy etilgani eng muhim yangiliklardan bo‘ldi.
Uchinchidan, mahalla instituti. O‘zbekiston Konstitutsiyasiga mahalla instituti faoliyatini kuchaytirishga qaratilgan normalar kiritildi. Buning natijasida o‘zbek mahallalari jamoatchilik boshqaruvi va nazoratining bosh bo‘g‘iniga aylanadi.
Mamlakatimizning xalqaro tashkilotlar, xususan, BMT bilan inson huquqlari sohasidagi hamkorligi so‘nggi 6 yilda tamomila yangi marralarni zabt etdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 72-, 75- va 76-, 78-sessiyalarida, shuningdek, BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 46-sessiyasida nutq so‘zladi.
Jahonning oliy minbarlaridan yangragan ushbu murojaatlar asnosida O‘zbekiston Prezidenti 40 dan ortiq tashabbusni ilgari surdi. Bu tashabbuslar asosan xalqaro va mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash, ta’lim, ma’naviyat, ekologiya, turizm, inson huquqlari himoyasi va boshqa muhim sohalarga taalluqlidir.
Mamlakatimizda davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlari o‘rtasidagi hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirish hamda yangi bosqichga ko‘tarish yuzasidan bir qator amaliy takliflarni bildirish maqsadga muvofiq.
Birinchi taklif: “Fuqarolik jamiyati bilan o‘zaro hamkorlikning yangicha andozalari – taraqqiyotning yangi strategiyalari – xulq-atvorning yangi modeli” hamda “Maqsadlar yakdilligi va manfaatlar umumiyligi” prinsiplari asosida vakillik va ijro hokimiyatining barcha darajalarida ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy sohalarda eng muhim qarorlar qabul qilinishi jarayonlariga nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini keng jalb etish tavsiya etiladi.
Nodavlat notijorat tashkilotlari faollari, jumladan, “O‘zbekiston–2030” strategiyasi, Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi, Saylov jarayonini barqaror rivojlantirishning Milliy maqsad va vazifalari, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy strategiya kabi juda muhim strategiya, konsepsiya va dasturlarni amalga oshirish jarayonlarida keng ishtirok etishlari zarur.
Ikkinchi taklif: ijtimoiy sheriklik va jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning hozir amal qilayotgan shakllarini yanada rivojlantirishni taklif etaman. Xususan, bu o‘rinda:
- jamoaviy murojaatlar asosida mintaqaviy, sohaviy va davlat dasturlari ijrosi sifatini hamda davlat mablag‘larining sarflanishi holatlarini tekshirish amaliyoti;
- jinoyatchilik, ayniqsa, odam savdosi, qiynoqlar, uyushgan va transmilliy jinoyatlarga qarshi kurashish, shuningdek, penitensiar muassasalar va jazoni ijro etish muassasalarida adolat va inson huquqlariga rioya qilinishi sohalaridagi jamoatchilik nazorati;
- korrupsiya botqog‘iga botgan soha va tarmoqlarni aniqlash, korrupsiogen omillarning oldini olish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan toqatsiz munosabatni shakllantirish ishlari;
- aholi sog‘ligi va genofondiga zarar yetkazadigan mavjud ekologik muammolarni bartaraf etish, qabul qilinadigan normativ-huquqiy hujjat loyihalarini “ekologik ekspertiza”dan o‘tkazishni yo‘lga qo‘yish;
- ayollar, yoshlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va aholining boshqa zaif qatlamlari muammolariga yechim topish bo‘yicha ishlarni samarali va manzilli asosda tashkil etish masalalari nazarda tutilmoqda.
Akmal SAIDOV,
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari,
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori
Izoh: Ushbu maqola A.Saidovning shu yil 25 oktyabr kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan “Inson huquqlari va manfaatlarini ta’minlashda nodavlat notijorat tashkilotlari va davlat organlarining hamkorligi” mavzusidagi nodavlat notijorat tashkilotlarining Milliy forumiga yo‘llagan videomurojaati asosida tayyorlandi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 26.10.2023
- Ko'rishlar: 3520
- Chop etish