“Buyuk alloma Oyxo‘ja ibn Toshxo‘ja – Zangi otaning nomi, bu muborak zotning Toshkent viloyatidagi ziyoratgohi musulmon olamida ma’lumu mashhurdir”. “Hazrat Zangi ota” kitob-albomining dastlabki sahifasi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning ushbu fikrlari bilan boshlanadi.
“Hazrat Zangi ota” kitob-albomi akademik Akmal Saidovning uzoq yillik izlanishlari mahsuli bo‘lib, unda ulug‘ avliyo Zangi ota hazratlarining umr yo‘li va ta’limoti, islom ma’rifati, sharqona axloq qoidalari, shuningdek, Yangi O‘zbekistonda so‘nggi yillarda amalga oshirilgan diniy-ma’rifiy islohotlar natijalari yoritilgan.
2023 yil 25 oktyabr kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasida ushbu kitob-albom taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Milliy kutubxonasi rahbariyati va mas’ul xodimlari, shuningdek, mamlakatimizning barcha viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasidan kelgan axborot-kutubxona markazlari rahbarlari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Taqdimot tadbirida “Hazrat Zangi ota” kitob-albomini nashrga tayyorlashga hissa qo‘shgan ijodiy jamoa a’zolari – Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi vakillari Abdukamol Po‘latov, Azizbek Ramazonov, Azamat Jumaniyazov hamda Malika Tolipova so‘zga chiqib, yig‘ilganlarga ushbu kitob-albomning mazmuni, o‘ziga xos jihatlari, xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirishdagi ahamiyati, akademik Akmal Saidovning mazkur kitobni yozish uchun olib borgan keng ko‘lamli tadqiqotlari, izlanishlari va mehnati haqida atroflicha ma’lumot berdilar.
Kitob barcha ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Qatnashchilar “Hazrat Zangi ota” kitob-albomi yillar o‘tsa-da o‘z ahamiyatini yo‘qotmaydigan nodir asar bo‘lib qolishiga ishonch bildirishdi. Muallif mehnatini yuksak baholashdi.
Tadbir so‘ngida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlardagi axborot-kutubxona markazlariga “Hazrat Zangi ota” kitob-albomi sovg‘a qilindi.
Albatta, ezgu va savobli ishning mahsuli ham xayrli bo‘ladi. Yassaviya tariqatining ulug‘ namoyandasi Hazrat Zangi otaga bag‘ishlangan ushbu kitob-albom milliy ma’naviy merosimizdan munosib o‘rin egallashi shubhasiz.
Zero, shoir Mirzo Kenjabek ta’kidlaganidek:
Shariatu tariqatning imdodidir,
Kim u zotning yo‘lin tutsa – avlodidir,
Zangi Ato ulug‘ xalqning ajdodidir,
Pok zotlarning dildoshidir Zangi Ato!
Azizbek RAMAZONOV,
“Demokratlashtirish va inson huquqlari”
jurnali bosh muharririning o‘rinbosari
- Qo'shildi: 26.10.2023
- Ko'rishlar: 3368
- Chop etish