YOSHLAR – JAMIYAT TARAQQIYOTINING HAL QILUVCHI KUCHI

«Biz uchun jamiyatda begona bola yo‘q va bo‘lmasligi kerak». O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan aytilgan ushbu so‘zlar davlatimiz rahbari so‘nggi yillarda ilgari surgan yoshlar masalasi bo‘yicha 20 dan ortiq milliy, mintaqaviy va xalqaro tashabbuslarning izchillik bilan hayotga tatbiq etilayotgani misolida o‘zining yaqqol amaliy tasdig‘ini topmoqda.

Joriy yil 23 oktyabr kuni Toshkent shahrida «Yoshlar huquqlari: imkoniyatlar va himoya qilish mexanizmlari» mavzusida xalqaro forum o‘tkazilgani – Yurtboshimizning bu boradagi yana bir tashabbusi ro‘yobga chiqqanidan dalolat beradi. Chunki Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 75 yilligi va Inson huquqlari bo‘yicha Vena butunjahon konferensiyasining 30 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan ushbu jahon anjumani O‘zbekiston Prezidentining 2023 yil 12 maydagi Farmoni bilan tasdiqlangan “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganligining 75 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar dasturi”da ko‘zda tutilgan.

Xalqaro forumni o‘tkazishdan asosiy maqsad, avvalo, yoshlar huquqlarini himoya qilish va rag‘batlantirish uchun xalqaro hamda mintaqaviy vosita va mexanizmlarning qo‘llanilishi sohasini xolis tahlildan o‘tkazishdan iborat bo‘lib, bu borada yoshlar huquqlari va imkoniyatlarini himoya qilish mexanizmlarining samaradorligini oshirish bo‘yicha atroflicha o‘zaro fikr almashilgani ayni muddao bo‘ldi.

Jahon anjumani doirasida, shuningdek, yoshlar huquqlarini himoya qilish muhimligi borasida jamiyatning xabardorligini oshirishga alohida e’tibor qaratildi. Yanada muhimi, yoshlar huquqlarini himoya qilishning eng maqbul amaliyoti va samarador mexanizmlari muhokama qilindi hamda bu yo‘nalishdagi ilg‘or tajribalar o‘rganildi.

Xalqaro forumning asosiy milliy tashkilotchisi Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi hisoblanadi. Ushbu nufuzli anjuman O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, Yoshlar ittifoqi hamda O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda o‘tkazildi.

Forumni tashkil etishda BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasi, Oliy komissar Boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy bo‘limi, BMTning O‘zbekistondagi Doimiy muvofiqlashtiruvchisi ofisi, BMTTDning mamlakatimizdagi vakolatxonasi, YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi, YeXHTning O‘zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi, Fridrix Ebert nomidagi jamg‘arma kabi xalqaro sheriklar bilan yaqin hamkorlikda ish olib borildi.

Yoshlar huquqlari bo‘yicha xalqaro forum gibrid shaklida o‘tkazildi va unda Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi yoshlar tashkilotlari, ta’lim muassasalari, fuqarolik jamiyati institutlarining 800 dan ziyod vakili qatnashdi. Jami ishtirokchilarning 85 foizini asosan yoshlar tashkil etib, shundan 200 nafari – offlayn va 600 nafari onlayn tarzda ishtirok etdi.

Forumda, shuningdek, 10 ta xalqaro va 5 ta mintaqaviy tashkilot, mintaqamizning o‘ndan ortiq yoshlar tashkilotlari hamda fuqarolik jamiyati institutlari, O‘zbekistonda akkreditatsiya qilingan o‘nlab diplomatik vakolatxonalar namoyandalari ham qatnashdi. Xalqaro va xorijiy ishtirokchilarning umumiy soni 50 nafardan ziyodni tashkil etdi.

Xalqaro forumda zamonaviy jamiyat hayotining muhim jabhalarida yoshlarning o‘rni va ta’siriga, yoshlar huquqlarini himoya qilish va rag‘batlantirish bo‘yicha amaldagi xalqaro va mintaqaviy hujjatlar hamda mexanizmlarga oid keng ko‘lamli masalalar chuqur hamda sinchiklab muhokama qilindi. Fikrimizcha, yoshlar forumi quyidagi asoslarga ko‘ra dolzarb va muhim voqea hisoblanadi:

  • u muhim voqealar: Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 75 yilligi hamda Vena deklaratsiyasi va Harakatlar dasturining 30 yilligini nishonlash doirasida bo‘lib o‘tdi.
  • Forum aholisining qariyb yarmini yoshlar tashkil etuvchi Markaziy Osiyo mintaqasida yoshlar huquqlarini ta’minlash bo‘yicha birlashish va hamkorlik qilishning ramziy ifodasi bo‘ldi.
  • Forum O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida Birlashgan Millatlar Tashkiloti huzurida Markaziy Osiyo yoshlarini rivojlantirishga ko‘maklashish bo‘yicha Ishchi guruhni tashkil etish to‘g‘risidagi tashabbusini amalga oshirish doirasida o‘tkazildi.
  • Forum shakli hamda mazmuni jihatidan o‘ziga xosligi bilan ajralib turdi. Mazkur jahon anjumani Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekistondan ko‘plab yoshlarni, shuningdek, mamlakatimizning 14 ta hududidan o‘ndan ortiq oliy ta’lim muassasalari talabalarini o‘z takliflarini bildirishga undash maqsadida yagona muloqot maydonida birlashtirdi.
  • Forum maydonida yoshlar bilan o‘tkazilgan maslahatlashuvlar natijalari 2023 yil dekabr oyida Jenevada o‘tadigan yuqori darajadagi tadbirda taqdim etilishi rejalashtirilayotgan “Inson huquqlari–75” yoshlar deklaratsiyasi loyihasini ishlab chiqishda foydalaniladi.

Toshkent xalqaro forumining o‘ziga xosligi ushbu xalqaro-huquqiy anjuman doirasida tashkil etilgan rang-barang ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar misolida ham yorqin namoyon bo‘ldi. Xususan, xalqaro forumning ochilishi noan’anaviy tarzda boshlandi. Muhtasham majlislar zali uzra O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Erkin Vohidovning “Inson” qasidasi iqtidorli yoshlar ijrosida o‘zbek, ingliz va rus tillarida yangradi.

Shuningdek, inson huquqlari bo‘yicha adabiyotlar, o‘zbek shoir va yozuvchilarining sara asarlari ko‘rgazmasi tashkil etildi. Ko‘rgazmadan 100 ta nomdagi 200 dan ortiq kitob va ilmiy jurnallar joy oldi. Ilmiy-texnik kashfiyotlar va yosh ixtirochilarning “start-ap” loyihalari namoyishi ham ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.

Xalqaro forum doirasida Jahon  iqtisodiyoti  va  diplomatiya  universitetida  talabalar uchun mahorat darsi tashkil qilindi. O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Davlat va huquq institutida mamlakatimizning to‘rtta mintaqasida joylashgan Namangan, Nukus, Samarqand hamda Termiz davlat universitetlari yuridik fakultetlari talabalari ishtirokida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, Markaziy Osiyo yoshlar forumining ochilish qismida ishtirokchilarni BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Folker Tyurk va Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (EXHT) Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi direktori Matteo Mekachchi videomurojaat orqali tabrikladi. Shuningdek, BMTning O‘zbekistondagi Doimiy muvofiqlashtiruvchisi nomidan – YuNISEFning O‘zbekistondagi vakili v.b. Jofri Ijumba, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti amaldagi raisining Yoshlar masalalari bo‘yicha maxsus vakili Memet Jaku hamda Islom hamkorlik tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil doimiy komissiyasi vakili Muhammad Laval Sulaymonning qutlov so‘zlari tinglandi.

Xalqaro forum ishtirokchilari bir qator juda muhim xulosalarni bayon etdilar. Eng asosiysi, jahon hamjamiyati O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev yoshlarning qadr-qimmati, huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash sohasida olib borayotgan siyosatni hamda bu borada ilgari surayotgan tashabbuslarini yuksak baholashi alohida ta’kidlandi.

Xususan, BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Folker Tyurk yoshlar anjumanini tashkil qilgani uchun mamlakatimiz Hukumatiga minnatdorchilik bildirib, mazkur Forum O‘zbekistonning bu borada qo‘ygan ko‘plab muhim qadamlaridan biri ekanini e’tirof etdi.

F.Tyurkning ta’kidlashicha, “Toshkent xalqaro forumi Markaziy Osiyo yoshlari o‘z huquqlarini himoya qilishni o‘rganishlari, eng muhimi, qaror qabul qiluvchilarga o‘z muammolari va tashvishlarini bildirishlari uchun erkin muloqot maydonidir. Bu yerda yoshlar inson huquqlari ular uchun nimani anglatishini va inson huquqlari uchun qanday kelajakni xohlashlarini baralla bildirish imkoniga ega bo‘ladilar Bu xalqaro anjuman inklyuziv va tinch jamiyatlarni barpo etishda yoshlarning ulkan rolini ta’kidlash uchun qulay imkoniyat hisoblanadi”.

O‘z navbatida, YuNISEFning O‘zbekistondagi vakili v.b. Jofri Ijumba qayd etganidek, yoshlarning o‘z salohiyatlarini to‘liq ro‘yobga chiqarishlari uchun imkoniyatlarni kengaytirish BMTning Toshkentdagi jamoasi uchun asosiy ustuvor yo‘nalish hisoblanadi. Ushbu strategik maqsad BMTning 2021-2025 yillarga mo‘ljallangan Barqaror rivojlanish bo‘yicha hamkorlik dasturida o‘z ifodasini topgan. O‘zbekiston BMTning “Yoshlar – 2030” strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha sinov loyihasiga jalb etilgan dastlabki hamkor davlatdir.

 J.Ijumbaning so‘zlariga ko‘ra, “O‘zbekistonning bo‘lajak yetakchilari – mohir diplomatlar, siyosatchilar, parlament a’zolari, davlat xizmatchilari, huquqshunoslar bo‘lib yetishadigan bugungi yoshlar dolzarb global muammolarni milliy muammolar bilan uyg‘unlikda tahlil qilish borasida tegishli ko‘nikma va bilimga ega bo‘lishlari zarur. Bu, o‘z navbatida, O‘zbekistonda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda, ayni jarayonlarda hech kim ortda qolmasligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Bugungi kunda O‘zbekistonda inson salohiyatini yuksaltirishga katta ahamiyat berilmoqda. O‘zbekiston bugun o‘zining yosh kadrlari bilan har qachongidan ham kuchli ekaniga shubha yo‘q”.

Bundan tashqari, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti amaldagi raisining Yoshlar masalalari bo‘yicha maxsus vakili Memet Jaku xalqaro forum ishtirokchilarini YeXHTning amaldagi raisi nomidan qutlar ekan, YeXHT yoshlarga taalluqli g‘oyalar almashinuvi yo‘lida har qanday imkoniyatdan foydalanishga tayyorligini bildirdi. M.Jakuning fikricha, YeXHT uchun yoshlar bilan ishlash juda muhim ahamiyatga ega, chunki aholining ayni shu qatlami adolatli va inklyuziv jamiyatning tamal toshi sanaladi. Shu ma’noda, Toshkent xalqaro forumi ishtirokchilari, umuman, barcha yoshlarga xos bo‘lgan shiddat-shijoat, ezgu g‘oyalarga sadoqat, sabot va qat’iyat ijobiy o‘zgarishlarga yo‘l ochib, bugun hammamiz to‘qnash kelayotgan murakkab muammolarga yechimlar topilishida ilhombaxsh omil bo‘lishi tayin.

Islom hamkorlik tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil doimiy komissiyasi vakili elchi Muhammad Laval Sulaymon Forum tashkilotchilariga yoshlar huquqlarini ta’minlash borasidagi g‘amxo‘rliklari, shu jumladan, 2019 yili Toshkentda IHTning yoshlar huquqlari bo‘yicha oltinchi yillik seminari muvaffaqiyatli o‘tkazilgani uchun minntdorchilik izhor qildi. U 2025 yilda dunyo aholisining salkam uchdan bir qismi yoshlardan iborat bo‘lishiga e’tibor qaratib, navqiron insonlar jamiyatni harakatga keltiruvchi tayanch kuchlarga aylanishlari uchun yetarli shijoat, salohiyat va tashabbuskorlik layoqatiga egaligini ta’kidladi. Shu ma’noda, IHT vakili yoshlarning huquqlari ta’minlanishi va ularning rahbariy vazifalarda ishlashlari uchun keng yo‘l ochilishida Toshkent xalqaro forumi natijalari o‘zga xos o‘rin tutishiga ishonch bildirdi.

BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy bo‘linmasi rahbari Matilda Bogner Toshkent xalqaro forumining birinchi yalpi majlisga moderatorlik qildi. Uning fikricha, mazkur anjuman aholisining qariyb yarmini yoshlar tashkil etuvchi Markaziy Osiyo mintaqasida yoshlar huquqlarini ta’minlashda o‘zaro hamjihatlik va hamkorlikning o‘ziga xos ramzidir.

 Yaqinda Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tgan BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yoshlar sohasida yana bir muhim tashabbusni – BMT huzurida Markaziy Osiyo yoshlarini rivojlantirishga ko‘maklashish bo‘yicha ishchi guruh tashkil etishni taklif qildi. Ushbu tashabbus Markaziy Osiyo mintaqasida yoshlar huquqlarini ta’minlash va amalga oshirishdan eng yuqori darajada manfaatdorlikning o‘ziga xos namunasidir. Chunki, Markaziy Osiyoda aholining qariyb yarmini yoshlar tashkil etishi nazarda tutilsa, yosh avlod, uning salohiyatini ro‘yobga chiqarish bilan bog‘liq masalalar alohida ahamiyat kasb etishi yanada yaqqol ayon bo‘ladi.

M.Bogner ta’kidlaganidek, inson huquqlari sohasidagi ta’lim inson huquqlari va asosiy erkinliklarini samarali amalga oshirish, bag‘rikenglik, kamsitilmaslik, tenglikni targ‘ib qilish, nizolarning oldini olish va ekstremizmga qarshi kurashishda muhim ahamiyatga ega. Inson huquqlari bo‘yicha samarali ta’lim nafaqat inson huquqlari va ularni himoya qilish mexanizmlari haqida bilim beradi, balki kundalik hayotda inson huquqlarini ilgari surish, himoya qilish va amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan ko‘nikmalarni ham rivojlantiradi. Forumda yoshlar huquqlari sohasida kelgusidagi amaliy ishlar va siyosiy tashabbuslar uchun asos bo‘ladigan rezolyusiya va ta’riflar ishlab chiqish bo‘yicha ilgari surilgan amaliy takliflarda ana shu hayotiy haqiqatlar o‘z aksini topdi.

BMTTDning zo‘ravon ekstremizmning oldini olish masalalari bo‘yicha xalqaro eksperti Jozef Gayt yoshlarni ekstremistik oqimlarga jalb etishga qaratilgan saytlar mavjudligi sababli jiddiy xavf mavjudligi va bu borada yoshlarga tanqidiy fikrlash, bunday mazmunni anglash va ushbu ma’lumotlarga qarshi kurashish ko‘nikmalarini o‘rgatish zarurligi haqida gapirdi. Uning fikricha, so‘z erkinligi huquqini buzmagan holda, bunday saytlar faoliyatini cheklash masalasiga oydinlik kiritish zarur. Shuningdek, professor-o‘qituvchilar tarkibini yoshlar bilan ishonchli muhitda muloqot qilishga o‘rgatish, bunda o‘z fikrini erkin ifoda etish, boshqalarning turlicha fikrlarini baholash va hurmat qilish masalalarida ko‘maklashish tavsiya etildi.

Gallaudet universiteti bitiruvchisi Damir Tuzmuhamedov o‘z nutqida AQShning inklyuziv ta’lim sohasidagi tajribasi bilan o‘rtoqlashdi. Ma’ruzachi Gallaudet universiteti misolida imkoniyati cheklangan yoshlarning ta’lim olish huquqlari qanday amalga oshirilayotgani haqida gapirdi. Bu darslar amerikacha imo-ishora tilida o‘tiladigan dunyodagi yagona universitet bo‘lib, unda aksariyati kar va eshitish qobiliyati past professor-o‘qituvchilar dars o‘tadi.

Ma’ruzachi nogironligi bo‘lgan va eshitish qobiliyatini yo‘qotgan insonlarga ham keng qamrovli ta’lim olish huquqini kafolatlaydigan AQSh qonunlariga ishtirokchilar e’tiborini qaratdi. Amerika Qo‘shma Shtatlari ta’lim tizimidagi muvaffaqiyatli dastur va amaliyotlar barcha talabalar uchun ularning jismoniy yoki psixologik xususiyatlaridan qat’i nazar, teng imkoniyatlarni ta’minlashga qaratilganilgani bilan ahamiyatlidir.

BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining yoshlar huquqlari bo‘yicha eksperti Darya KOSHELEVA shu yil dekabr oyida bo‘lib o‘tadigan oliy darajadagi tadbirda taqdim etiladigan "Inson huquqlari-75" yoshlar deklaratsiyasini ishlab chiqish jarayoni haqida gapirdi. U O‘zbekistonning yoshlar huquqlarini himoya qilish borasida BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasi bilan joriy hamkorligini ijobiy baholar ekan, “Biz O‘zbekistonda yoshlar huquqlarini, jumladan, xalqaro miqyosda targ‘ib qilish borasida juda katta ishlar qilinayotganini ko‘rib turibmiz. Biz O‘zbekistonning bu boradagi sa’y-harakatlarini to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz va ushbu forum yoshlar huquqlarini nafaqat O‘zbekistonda, balki butun dunyoda yanada ilgari surishiga ishonamiz”, deb ta’kidladi.

Ishtirokchilar tomonidan xalqaro forumning yakuniy hujjati – Yoshlar huquqlari bo‘yicha Markaziy Osiyo deklaratsiyasi loyihasi ishlab chiqildi. Forumning asosiy natijalari va amaliy tavsiyalari o‘z mujassamini topgan ushbu muhim hujjat istiqbolda yoshlar huquqlari sohasidagi yangi sa’y-harakatlar va ilg‘or tashabbuslar uchun mustahkam tagzamin vazifasini o‘tashiga ishonch bildirildi.

Yoshlar huquqlari bo‘yicha Markaziy Osiyo deklaratsiyasi loyihasini muhokama qilish asnosida bir qator asosiy tavsiyalar ilgari surildi.

Birinchidan. 2030 yilgacha mo‘ljallangan Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo‘lida inson huquqlari sohasidagi ta’limni va yoshlarning ijodiy salohiyatini rag‘batlantirib borish lozim. Bunda muntazam ravishda ta’lim kampaniyalari va raqamli texnologiyalardan foydalangan holda turli ma’rifiy tadbirlarini o‘tkazish orqali yoshlarning huquq va majburiyatlari, shuningdek, tinchlik va bag‘rikenglik madaniyati haqida xabardorlikni oshirishga urg‘u beriladi.

Ikkinchidan. Yoshlar huquqlarini himoya qilish sohasidagi xalqaro hujjatlar va BMT qarorlaridan rahbariy qo‘llanma sifatida foydalangan holda, yoshlar siyosati sohasida kompleks va maqsadli milliy dastur va strategiyalarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishni yanada keng amaliyotga tatbiq etish kerak.

Uchinchidan. Inklyuziv ta’limni ta’lim tizimining barcha bosqichlarida joriy etish zarur. Bu, o‘z navbatida, nogironligi bo‘lgan yoshlarning jamiyatga to‘liq integratsiyalashuvi uchun ularga sifatli ta’lim berishga xizmat qiladi.

To‘rtinchidan. Yoshlarning OIV/OITS kasalligi va reproduktiv salomatlik haqida xabardorligini oshirish uchun sog‘lom hayotga oid  ta’lim ko‘lamini kengaytirish  zarur.

Beshinchidan. Barqaror rivojlanish sohasidagi dolzarb masalalarni hal etishda mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash maqsadida Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida yoshlar delegatsiyalari almashinuvini qo‘llab-quvvatlash maqsadga muvofiqdir.

Hech shubhasiz, poytaxtimizda konstruktiv, ijodiy va ishchan muhitda bo‘lib o‘tgan «Yoshlar huquqlari: imkoniyatlar va himoya qilish mexanizmlari» mavzusidagi xalqaro forum yakunlari barchamizga yangi sa’y-harakatlar uchun beqiyos rag‘bat bag‘ishladi. Shu munosabat bilan milliy va xalqaro hamkorlarimizga Forumni o‘tkazishda har tomonlama qo‘llab-quvvatlaganliklari uchun, offlayn va onlayn qatnashgan jami ishtirokchilarga esa g‘oyatda faolliklari uchun yana bir bor minnatdorchilik bildiramiz.

Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston Prezidenti har qanday jamiyatning barqaror rivojlanishida yoshlarning muhim o‘rin tutishini anglagan holda xalqaro maydonda muntazam ravishda muhim tashabbuslar bilan chiqayotgani bejiz emas. Chunki davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, “Sayyoramizning ertangi kuni, farovonligi farzandlarimiz qanday inson bo‘lib kamolga yetishi bilan bog‘liq. Bizning asosiy vazifamiz – yoshlarning o‘z salohiyatini namoyon qilishi uchun zarur sharoitlar yaratish, zo‘ravonlik g‘oyasi "virusi" tarqalishining oldini olishdir”.

 

Akmal SAIDOV,

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi kutubxonasi

«Xalq so‘zi» gazetasining 2023 yil 28 oktyabr kungi 230 (8573)-soni

Powered by GSpeech