Milliy markaz tomonidan jazoni ijro etish muassasalarida monitoring o‘tkazilmoqda

30 oktyabr kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan tuzilgan ishchi guruh Qashqadaryo viloyatida joylashgan jazoni ijro etish hamda shaxsning harakatlanish erki cheklangan muassasalarda monitoring tashrifini boshladi. Ushbu tadbir Prezidentimizning 2018 yil 10 dekabrdagi qarori bilan tasdiqlangan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi to‘g‘risidagi nizom talablari doirasida o‘tkazilmoqda.

Tashrif davomida fuqarolarni qabul qilish joyi, koloniyada jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlarning yashash joylari, uzoq va qisqa muddatli uchrashuv xonalari ko‘zdan kechirildi. Shuningdek, mahkumlarning oziq-ovqat va tibbiy ta’minoti, zarur maishiy xonalarda yaratilgan imkoniyatlar, telefon so‘zlashuvlari hamda nogiron mahkumlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishildi.

Qarshi shahrida joylashgan 2 va 3-sonli jazoni ijro etish hamda 35-sonli manzil koloniyalarida mahkumlarga yangi tahrirda qabul kilingan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi yuzasidan va inson huquqlariga rioya etilishiga doir huquqiy tushunchalar berildi.

O‘z navbatida, muassasalarda jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlar bilan ommaviy va yakka tartibda sayyor qabul o‘tkazildi. Sayyor qabul davomida mahkumlarni qiziqtirgan ayrim savollariga javoblar va tegishli huquqiy maslahatlar berilishi ta’minlandi.

Ishchi guruh tomonidan mahkumlar uchun mo‘ljallangan kutubxona, tibbiy xizmat faoliyati, jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanish shart-sharoitlari bilan ham tanishib chiqildi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech