“BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasini amalga oshirishda xalqaro hamkorlik”

7 noyabr kuni Toshkent shahrida shu mavzuda xalqaro seminar o‘z ishini boshladi. Uch kun davom etadigan anjuman Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan BMTning Iqtisodiy va ijtimoiy masalalar bo‘yicha departamenti hamda O‘zbekiston nogironlar assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda o‘tkazilmoqda.

Tadbirni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi o‘rinbosari Mirzatilla Tillabayev, BMT Iqtisodiy va ijtimoiy masalalar qo‘mitasining Inklyuziv va ijtimoiy rivojlanish departamentining Texnik yordam va qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘i Oleg Seryojin, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi nogironlikni baholash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Mirzabek Niyazov kirish so‘zi ochib berdi.

So‘zga chiqqanlar 2022 yilda Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyani amalga oshirish bo‘yicha 2023-2025 yillarga mo‘ljallangan Milliy harakatlar rejasi tasdiqlangani va amalga oshirilayotganiga e’tiborni qaratdi. Shuningdek, 2023 yil 28 iyulda Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya qoidalarini bajarish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasining dastlabki milliy ma’ruzasi BMTning Nogironlar huquqlari bo‘yicha qo‘mitasiga topshirilganligi ta’kidlandi.

Xalqaro seminarda Germaniya, Rossiya, Armaniston, Gruziya, Ukraina, Moldova, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston kabi bir qator xorijiy davlatlarning nogironligi bo‘lgan shaxslar jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etmoqda. Mazkur forum nogironlar tashkilotlari o‘rtasidagi xalqaro hamkorlikni rivojlantirishning yana bir muhim bosqichi xisoblanadi.

Ekspertlar Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya qoidalarini milliy qonunchilikka implementatsiya qilish bo‘yicha o‘z tajriba va amaliyotlari bilan bo‘lishmoqdalar.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech