VASHINGTON, 8-noyabr. /«Dunyo» AA/. Kecha AQSh Mehnat vazirligida «2022-yilda bolalar mehnatiga barham berish bo'yicha davlatlarning sa’y-harakatlari to'g'risidagi yillik hisoboti» mavzusida brifing bo'lib o'tdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Mamlakatimizda bolalar mehnatiga barham berish sohasidagi islohotlar muvaffaqiyatli amalga oshirilayotganini inobatga olib, AQSh Mehnat vazirligi ushbu tadbirga O'zbekiston elchisini taklif qildi. Diplomat o'z nutqida ishtirokchilarga so'nggi yillarda O'zbekistonda qonun hujjatlarini xalqaro standartlarga moslashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, yangilangan Konstitutsiyasida majburiy mehnatga qarshi kurash bo'yicha kiritilgan normalar, 2022-yilgi paxta terimining mustaqil monitoringi natijalari va mamlakatimizda bolalar mehnatiga barham berish sohasida hayotga tatbiq etilayotgan ijtimoiy dasturlar haqida batafsil ma’lumot berdi.
AQSh savdo vazirining o'rinbosari Tea Li o'z ma’ruzasida 2022-yilda 131 davlatdan faqat 4 ta mamlakat, ya’ni O'zbekiston, Argentina, Kolumbiya va Kot-d'Ivuarga «Significant Advancement» ("Sezilarli taraqqiyot") maqomi berilganini ta’kidladi.
AQSh Mehnat vazirligi ma’lumotiga ko'ra, mazkur baholash mezonida bolalar mehnatining eng yomon shakllarini taqiqlovchi qonunlar va me’yoriy hujjatlarning mavjudligi, shikoyatlarni ko'rib chiqish va bunday huquqbuzarliklarni tekshirishning ijro va institutsional mexanizmlari, shuningdek, bolalar mehnatining eng og'ir shakllariga jalb etilishining oldini olish bo'yicha ijtimoiy dasturlarni amalga oshirish va bu boradagi davlat siyosatining samaradorligi hisobga olinadi.
- Qo'shildi: 08.11.2023
- Ko'rishlar: 3354
- Chop etish