INSONNING HUQUQ VA ERKINLIKLARI FAQAT QONUNGA MUVOFIQ CHEKLANISHI MUMKIN

INSONNING HUQUQ VA ERKINLIKLARI FAQAT QONUNGA MUVOFIQ CHEKLANISHI MUMKIN

Ushbu konstitutsiyaviy talab asosida barcha qonunosti hujjatlari qayta ko‘rib chiqiladi

 

Davlat rahbarining 2023 yil 7 noyabrda qabul qilingan “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlari yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqlashtirildi.

Farmon qonunosti hujjatlarini yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga muvofiqlashtirish orqali konstitutsiyaviy prinsiplarni ro‘yobga chiqarishga, davlat organlari faoliyati yangicha konstitutsiyaviy-huquqiy sharoitlar asosida yo‘lga qo‘yishga, shuningdek, mulk huquqi daxlsizligini ta’minlash choralarini ko‘rishga qaratilgan.

Mazkur Farmon bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 14 ta hujjatlariga quyidagilarni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi, deyiladi. huquqiyaxborot telegram-kanali xabarida. Xususan:

  • Sudyalar oliy kengashi raisi va a’zolarini, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktorini hamda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi raisini O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan Oliy Majlis Senati tomonidan saylash tartibi ko‘zda tutildi;
  • yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning davlat xizmatini o‘tash bilan bog‘liq cheklovlar qonun bilan belgilanishi talabidan kelib chiqib, qonunosti hujjatlardan bunday cheklovlar chiqarildi;
  • mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorini belgilashda insonning munosib turmush darajasini ta’minlash zarurati hisobga olinishi belgilab qo‘yildi.

         Shu bilan birga, Farmonda qonunchilikni yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga muvofiqlashtirish bo‘yicha ishlarni davom ettirish maqsadida mas’ul vazirlik va idoralarga bir qator vazifalar yuklandi. Jumladan, quyidagi sohalarda konstitutsiyaviy prinsiplarni ro‘yobga chiqarish bo‘yicha alohida topshiriq berildi:

birinchidan, mulk huquqining konstitutsiyaviy kafolatlarini ta’minlash, shu jumladan, mulkdor o‘z mol-mulkidan qonunda nazarda tutilgan hollardan va tartibdan tashqari hamda sudning qaroriga asoslanmagan holda mahrum etilishi mumkin emasligi haqidagi konstitutsiyaviy normadan kelib chiqib, ushbu masalalarni faqat qonunlar bilan belgilash;

ikkinchidan, davlat organlari tomonidan insonga nisbatan qo‘llaniladigan huquqiy ta’sir choralari (jinoiy va ma’muriy jazo choralari, shu jumladan, jarima, musodara qilish, shuningdek, moliyaviy sanksiya, penya, litsenziyani to‘xtatish yoki bekor qilish va boshqalar) mutanosiblik prinsipiga asoslanishi va qonunlarda nazarda tutilgan maqsadlarga erishish uchun yetarli bo‘lishi kerakligi to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy normadan kelib chiqib, qonunosti hujjatlaridagi huquqiy ta’sir choralarini qayta ko‘rib chiqish;

uchinchidan, insonning huquq va erkinliklarini faqat qonunga muvofiq cheklanishi mumkinligi to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy talab asosida barcha qonunosti hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish;

to‘rtinchidan, uy-joy daxlsizligi huquqini ta’minlash, hech kim sudning qarorisiz va qonunga zid tarzda uy-joyidan mahrum etilishi mumkin emasligiga oid konstitutsiyaviy normalardan kelib chiqib, qonunosti hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish;

beshinchidan, O‘zbekiston Respublikasi hududida iqtisodiy makon birligi, tovarlar, xizmatlar, mehnat resurslari va moliyaviy mablag‘lar erkin harakatlanishi to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy normaga muvofiq qonunosti hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

 

Powered by GSpeech