MARKAZIY OSIYO YOSHLAR FORUMI

Poytaxtimizdagi “Interkontinental Tashkent” mehmonxonasida “Yoshlar huquqlari: imkoniyatlar va himoya qilish mexanizmlari” mavzusida bo‘lib o‘tgan xalqaro forum Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari boshqarmasi, O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi, BMT Taraqqiyot dasturining mamlakatimizdagi vakolatxonasi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi, tashkilotning O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi, Fridrix Ebert nomidagi jamg‘arma bilan yaqin hamkorlikda tashkil etildi.

Xalqaro anjuman Prezidentimizning 2023-yil 12-maydagi “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 75 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi farmoni doirasida o‘tkazildi.

Oliy Majlis qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov xalqaro forumning ochilish marosimida ushbu anjumanning o‘ziga xos xususiyatlari, dolzarbligi va muhimligini ko‘rsatadigan mezonlar xususida gapirdi. Jumladan, Markaziy Osiyo yoshlar forumi Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 75 yilligi va Inson huquqlari bo‘yicha Vena butunjahon konferensiyasining 30 yilligini keng nishonlash doirasidagi tadbir ekanini alohida ta’kidladi.

Onlayn va oflayn shaklda o‘tkazilgan anjuman mintaqamiz mamlakatlarining 500 nafardan ortiq yoshlari, jumladan, yoshlar parlamenti a’zolari, yoshlar tashkilotlari yetakchilari, shuningdek, mamlakatimizning barcha hududlaridagi oliy ta’lim muassasalari talaba-yoshlarini jamladi. Quvonarlisi, forumdagi yoshlar bilan maslahatlashuvlar natijalaridan 2023-yil dekabr oyida Jenevada o‘tadigan yuqori darajadagi tadbirda taqdim etilishi rejalashtirilayotgan “Inson huquqlari – 75” yoshlar deklaratsiyasi loyihasini ishlab chiqishda foydalaniladi.

Markaziy Osiyo yoshlar forumida BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Folker Tyurk, YXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi direktori Matteo Mekachchi, UNICEFning O‘zbekistondagi vakili vazifasini bajaruvchi Jofri Ijumba, YXHT raisining Yoshlar masalalari bo‘yicha maxsus vakili Memet Jaku va Islom hamkorlik tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil doimiy komissiyasi vakili Muhammad Laval Sulaymonning qutlov so‘zlari, fikr-mulohazalari, ma’ruzalari tinglandi.

Shundan so‘ng xalqaro anjuman o‘z ishini uchta yalpi majlis doirasida davom ettirdi. Unda milliy va xorijiy ekspertlar, Markaziy Osiyo mamlakatlari yoshlar tashkilotlari yetakchilari, yoshlar parlamentlari, inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari, shuningdek, yoshlar huquqlari bo‘yicha xalqaro va minta qaviy tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Xurshid SULTONOV, “Inson va qonun” muxbiri

«INSON va QONUN» gazetasining 2023 yil 31 oktyabr kungi 43 (1403)-soni

Powered by GSpeech