YeXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi delegatsiyasi Samarqandda

Shu kunlarda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT) Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (DIIHB) direktori Matteo Mekachchi boshchiligidagi delegatsiya mamlakatimizda mehmon bo‘lib turibdi. Delegatsiya tarkibida YeXHT DIIHB direktori ofisining rahbari Fabritsio Nava hamda YeXHT DIIHB Inson huquqlari departamenti boshlig‘i o‘rinbosari Endryu Gardner bor.

12 noyabr kuni YeXHT DIIHB delegatsiyasi Samarqand shahrida bo‘ldi. Delegatsiya a’zolari shaharning tarixiy yodgorliklari va qadimiy obidalari, xususan, Registon maydoni, Amir Temur maqbarasi, Shohi Zinda, Xoja Doniyor ziyoratgohlari, Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi va Bibixonim masjidini ko‘zdan kechirdilar. Mehmonlar, shuningdek, Siyob bozori va zamonaviy “Buyuk ipak yo‘li” majmuasida bo‘ldilar.

Sayohat asnosida M.Mekachchi YeXHT DIIHB delegatsiyasining Samarqand shahriga tashrifini yuqori saviyada tashkil etgani uchun mamlakatimiz rahbariyatiga minnatdorchilik bildirdi. “Men go‘yoki O‘rta asrlarning Marko Polo yashagan davriga borib qolgandek bo‘ldim. Samarqand – dunyoning eng qadimiy va go‘zal shaharlaridan bo‘lib, haqli ravishda “madaniyatlar va sivilizatsiyalar chorrahasi” hisoblanishi bejiz emas”, dedi o‘z taassurotlarini bo‘lishar ekan YeXHT DIIHB direktori.

Meni hayratga solish oson emas, chunki ona vatanim Italiya ham noyob tarixiy yodgorliklarning makonidir. Ayni chog‘da, Rimning tengdoshi bo‘lgan bu fusunkor shahar va Buyuk ipak yo‘lining durdona poytaxti o‘zining beqiyos go‘zalligi bilan aqlni lol etadi, deb ta’kidladi mehmon. 

M.Mekachchining qayd etishicha, “O‘zbekistonning boy madaniyat va an’analarni o‘zida mujassam etgan olamshumul tarixi bor. O‘zbekistonning jahonga mashhur brendi – Registondir. Osiyo va Sharq hayotining maftuni bo‘lgan insonlar uchun bu yer shunchaki bir maydon emas, balki qadr-qimmati yukcak qadimiy va ko‘rkam go‘shadir”.

“O‘zbekiston va vatanim Italiya, oradagi juda uzoq masofaga qaramasdan, bugungi kunda bir-biriga nihoyatda yaqin. Kuni kecha Prezident Serjo Mattarellaning mamlakatingizga amalga oshirgan tashrifi buning yana bir yaqqol tasdig‘i bo‘ldi. Bu yerdagi madrasalar o‘tmishda ajdodlaringizning ta’limga alohida e’tibor qaratganidan dalolat beradi. Mamlakatlarimizda ilm-fan va ta’lim-ma’rifatning rivojlanishi jarayonlari ham o‘zaro o‘xshash. Masalan, Mirzo Ulug‘bek va Galileo Galiley o‘z zamonasidan ancha ilgarilab ketgan ulug‘ olimlardir”, deb fikrida davom etdi YeXHT DIIHB delegatsiyasi rahbari.

Martabali mehmonning e’tirof etishicha, “Samarqand boy tarixi va bugungi saodatli manzaralari bilan har qanday kishini tom ma’noda hayratga soladi. Bu yerda yaqinda bunyod etilgan zamonaviy majmuada YeXHT ishtirokida muhim xalqaro tadbirlarni o‘tkazsa ham bo‘ladi, binobarin buning uchun barcha sharoitlar muhayyo etilgan”.

YeXHT DIIHB delegatsiyasi 13 noyabr kuni Nukus shahriga jo‘nab ketdi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech