Inson huquqlariga rioya etish va uni himoya qilishning xalqaro standartlari: amaliyot va hisobot

Inson huquqlari  bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida shu mavzudagi o‘quv kursi boshlandi. To‘rt kunlik mashg‘ulotlar Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 75 yilligiga bag‘ishlangan.

Ushbu muhim tadbir O‘zbekiston Prezidentining 2023 yil 7 fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan Inson huquqlari sohasidagi milliy ta’lim dasturi asosida o‘tkazilmoqda. Bundan maqsad BMTning Inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiya to‘g‘risidagi deklaratsiyasi hamda BMT Jahon ta’lim dasturining to‘rtinchi bosqichida belgilangan vazifalarni samarali va o‘z vaqtida amalga oshirishdir.

 Mashg‘ulotlar BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Folker Tyurkning Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 75 yilligiga bag‘ishlangan videomurojaati bilan boshlandi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidovning videomurojaati tinglandi.

Mazkur tadbir mamlakatda inson huquqlarini targ‘ib qilish va mustahkamlash vositasi, shuningdek, sohada milliy ta’lim dasturini amalga oshirishdagi muhim qadamlardan biri ekani ta’kidlandi. Yangi tahrirda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasiga to‘laqonli muvofiq holda to‘ldirilgani, unda inson huquqlari himoyasi yuksak darajada mustahkamlangani alohida qayd etildi.

Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro standartlarni chuqur anglash va amalda tatbiq etishning ahamiyatiga jiddiy e’tibor qaratildi. Ayniqsa, Yangi O‘zbekistonda ayollar, bolalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va migrantlarning sharoitlarini yaxshilash hamda huquqlarini himoya qilish masalalari ustuvor ahamiyat kasb etayotir.

O‘quv mashg‘ulotlarining birinchi kunida tinglovchilar Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti direktori o‘rinbosari, yuridik fanlar doktori, professor Abdumannop To‘laganov va  Toshkent davlat yuridik universiteti “Xalqaro huquq va inson huquqlari” kafedrasi professori Govxerjan Yuldasheva kabi taniqli olimlarning ma’ruzalarini tingladi. Ma’ruzachilar inson huquqlarining muhim jihatlari va O‘zbekiston Respublikasining bu boradagi xalqaro majburiyatlari haqida atroflicha to‘xtaldi.

Bundan tashqari, mustaqil amaliy mashg‘ulot o‘tkazildi. Bunda Milliy markaz mutaxassislari tomonidan Inson huquqlari sohasida ta’lim olish bo‘yicha elektron platformadagi o‘quv kurslari haqida batafsil ma’lumot taqdim etildi.

O‘quv dasturi tinglovchilari O‘zbekistonning inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarini bajarishda faol ishtirok etayotgan davlat organlari va tashkilotlar mutaxassislari hisoblanadi. Mashg‘ulotlarda 20 dan ortiq mas’ul xodim offlayn va onlayn qatnashmoqda.

 

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech