Yangi O‘zbekiston – barqaror rivojlanish yo‘lidagi parlament odimlari

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 78-sessiyasidagi nutqida yana bir bor “O‘zbekiston – 2030” taraqqiyot strategiyasi BMTning “Barqaror rivojlanish maqsadlari”ga uyg‘un ekanini alohida ta’kidladi.

Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Konstitutsiyasi va Barqaror rivojlanish maqsadlari

Shu o‘rinda, avvalambor, 2015-yilda BMT butunjahon sammitida 2030-yilgacha bo‘lgan Barqaror rivojlanish Kun tartibi, uning 17 ta Barqaror rivojlanish maqsadlari tasdiqlanganini eslatib o‘tish zarur. Xususan:

Barqaror rivojlanish maqsadlari dunyo bo‘ylab barcha turdagi qashshoqlikka barham berish;

ochlikka barham berish, oziq-ovqat xavfsizligi va yaxshi ovqatlanishga erishish, qishloq xo‘jaligini barqaror rivojlantirish;

sog‘lom turmush tarzini ta’minlash va barcha yoshdagi kishilarning farovonligiga ko‘maklashish;

umumqamrovli va adolatli sifatli ta’limni ta’minlash hamda barchaga umri davomida ta’lim olish imkoniyatini berish;

gender tengligiga erishish va xotin-qizlarning imkoniyatlarini kengaytirish va h.k. borasidagi vazifalarni belgilab bergan.

Ushbu Barqaror rivojlanish maqsadlar “uchta ustun” – iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik muvozanatni va barqaror rivojlanishni ta’minlash tamoyillariga asoslangan bo‘lib, inson qadri, uning huquqlari va erkinliklarini ta’minlash esa – ularni o‘zaro bog‘lab turuvchi bo‘g‘in hisoblanadi hamda ularning uyg‘unligini, bir-birini mustahkamlashini va to‘ldirishini, bo‘linmasligini ko‘rsatadi.

Yangi O‘zbekistondagi islohotlar falsafasi ham o‘z navbatida “inson, jamiyat va davlatning barqaror rivojlanishi” hamda 2030-yilgacha mamlakatning barcha belgilangan Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishini ta’minlash g‘oyalariga asoslangan.

O‘tgan davr mobaynida mamlakatda bu borada keng ko‘lamli va kompleks tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlar amalga oshirildi va bu boradagi tajribasi xalqaro hamjamiyat tomonidan ham e’tirof etildi. Avvalambor, Barqaror rivojlanish maqsadlari va bu boradagi tegishli vazifalar yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, 360 dan ziyod qonunlari va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarida o‘z aksini topdi.

Shu o‘rinda yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizga Barqaror rivojlanish maqsadlariga oid normalar kiritilganligi borasidagi quyidagi ma’lumotlarni keltirish o‘rinli, deb hisoblaymiz.

Birinchidan, barqaror rivojlanish tamoyili ilk bora yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda aks ettirildi. Xususan, uning:

14-moddasida davlat o‘z faoliyatini inson farovonligini va jamiyatning barqaror rivojlanishini ta’minlash maqsadida qonuniylik, ijtimoiy adolat va birdamlik prinsiplari asosida amalga oshirishi;

49-moddasida davlat barqaror rivojlanish prinsipiga muvofiq, atrof-muhitni yaxshilash, tiklash va muhofaza qilish, ekologik muvozanatni saqlash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirishi;

103-moddasida mamlakatning xavfsizligi, barqaror rivojlanishi asoslariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan, inson huquqlari va erkinliklariga, jamiyat va davlat manfaatlariga tahdid soladigan faktlar va voqealarni o‘rganish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma qarori bilan parlament tekshiruvi o‘tkazilishi mumkinligi mustahkamlab qo‘yildi.

Ikkinchidan, o‘ta qashshoqlikka barham berish va barcha joylarda aholining kam ta’minlanganlik darajasini pasaytirishni nazarda tutuvchi birinchi Barqaror rivojlanish maqsadlari Konstitutsiyamizning quyidagi normalarida o‘z aksini topdi:

Muqaddimasida erkinlik va tenglik, ijtimoiy adolat va birdamlik tamoyillari aks ettirilgan bo‘lsa, 1-moddasida O‘zbekistonning ijtimoiy davlat ekanligi;

57-moddasida mehnatga layoqatsiz va yolg‘iz keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand boshqa toifalarining huquqlari davlat himoyasidaligi, davlat ularining turmush sifatini oshirishga, jamiyat va davlat hayotida to‘laqonli ishtirok etishi uchun ularga shart-sharoitlar yaratishga hamda ularning asosiy hayotiy ehtiyojlarini mustaqil ravishda ta’minlash imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan choralarni ko‘rishi belgilandi. Shuningdek, davlat nogironligi bo‘lgan shaxslarning ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy sohalar obyektlari va xizmatlaridan to‘laqonli foydalanishi uchun shart-sharoitlar yaratishi, ularning ishga joylashishiga, ta’lim olishiga ko‘maklashish, ularga zarur bo‘lgan axborotni to‘sqinliksiz olish imkoniyatini ta’minlashiga qaratilgan normalar kiritildi;

115-moddasida Vazirlar Mahkamasi aholini, shu jumladan nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilish tizimining samarali faoliyat ko‘rsatishini ta’minlashi ko‘zda tutildi;

122-moddasida – hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholini ijtimoiy himoya qilish dasturlarini tasdiqlash mahalliy Xalq deputatlari Kengashlarining vakolatlarida nazarda tutildi.

Uchinchidan, ikkinchi Barqaror rivojlanish maqsadlari ochlikka barham berish, oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash, ovqatlanish ratsionini yaxshilash hamda qishloq xo‘jaligining barqaror rivojlanishiga ko‘maklashishni nazarda tutadi. Bu borada Konstitutsiyaning 46-moddasida: har kim qariganda, mehnat qobiliyatini yo‘qotganda, ishsizlikda, shuningdek boquvchisini yo‘qotganda va qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda ijtimoiy ta’minot huquqiga egaligi; qonunda belgilangan pensiyalar, nafaqalar va boshqa turdagi ijtimoiy yordamning miqdorlari rasman belgilangan eng kam iste’mol xarajatlaridan oz bo‘lishi mumkin emasligi o‘z aksini topgan.

Bunday misollarni boshqa barcha Barqaror rivojlanish maqsadlari bo‘yicha ham keltirish mumkinki, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz mamlakatimizning barqaror rivojlanishini ta’minlashning mustaqhkam konstitutsiyaviy-huquqiy asosi bo‘lib xizmat qiladi, deb ta’kidlashga barcha asoslar mavjud.

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi va Barqaror rivojlanish maqsadlari

Mamlakatimizning uchta strategik taraqqiyot dasturi:

2017–2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi;

2022–2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi;

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi “Kun tartibi – 2030”ga uyg‘un bo‘lib, O‘zbekistonga tegishli bo‘lgan 16 ta global Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga yo‘naltirilgan milliy maqsad va vazifalarni to‘la qamrab olgan.

Masalan, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasiga e’tibor qaratsak, tahlillar, uning 5ta yo‘nalishi BMT tomonidan belgilangan 16ta Barqaror rivojlanish maqsadlarini to‘la qamrab olishini ko‘rsatadi.

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida 2023 yilning o‘zida qabul qilinishi rejalashtirilgan 25 ta qonun loyihasi, 39 ta Prezident farmoni va qarorlari, boshqa normativ-huquqiy hujjatlar (jami – 118 ta) Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishning zarur tashkiliy-huquqiy asoslarni yaratadi. Bu esa, o‘z navbatida, “O‘zbekistn – 2030” strategiyasida belgilangan maqsad-vazifalar Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish uchun o‘ziga xos “Yo‘l xaritasi” vazifasini o‘tashini hamda Strategiyani amalga oshirish va uning maqsadli ko‘rsatkichlariga erishish barcha davlat organlari va tashkilotlarining eng ustuvor vazifasi ekanidan ham dalolat beradi.

Jumladan, ushbu Strategiyaning birinchi yo‘nalishi har bir insonga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun munosib sharoitlarni yaratishni nazarda tutadi.

Birgina shu birinchi yo‘nalishning o‘zida O‘zbekistonning BMTning 1 va 3-6-chi Barqaror rivojlanish maqsadlarida belgilangan maqsadlarga erishishiga xizmat qiluvchi quyidagi ustuvor vazifalar belgilangan.

Birinchidan, ta’lim tizimi islohotlari doirasida, xususan:

bolalarning maktabgacha ta’lim bilan to‘liq qamrab olinishiga erishish, davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini 100 foiz kompyuter sinfi bilan hamda barcha maktabgacha ta’lim tashkilotlarini toza ichimlik suv va zamonaviy sanitariya-gigiyena infratuzilmasi bilan to‘liq ta’minlash;

umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida “Ta’lim uchun qulay muhit” dasturini amalga oshirish, ularni toza ichimlik suv va zamonaviy sanitariya-gigiyena infratuzilmasi bilan to‘liq ta’minlash, yangi avlod darsliklari, mashq daftarlari, pedagoglar uchun metodik qo‘llanmalar va mobil ilovalar, multimedia dasturlarini yaratish, pedagog kadrlar maqomini oshirish, ularning bilimi va malakasini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish;

oliy ta’lim bilan qamrovni kengaytirish – yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasini kamida 50 foizga yetkazish, oliy ma’lumotli mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirish, “Top-500”ga kiradigan xorijiy universitetlar bilan hamkorlikda kamida 50 ta qo‘shma ta’lim dasturi asosida “ikki diplomli tizim”ni joriy etish, 10ta oliy ta’lim muassasasini dunyoning eng nufuzli “Top-1000” oliy ta’lim tashkilotlari reytingiga kiritishga erishish, umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarini oliy ma’lumotli pedagog kadrlar bilan to‘liq ta’minlash kabi aniq ko‘rsatkichlar va vazifalar belgilangan.

Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, o‘tgan yetti yilda maktabgacha ta’limdagi qamrov 21 foizdan 70 foizga, oliy ta’limda esa 9 foizdan 38 foizga yetdi. Shuningdek, xotin-qizlarning ta’lim olishi uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratilishi, 2021-yildan boshlab, har yili 3 mingdan ortiq qiz uchun alohida grantlar ajratilayotgani evaziga yosh ayollarning oliy ta’lim bilan qamrov darajasi 5 baravar yaxshilandi. Universitetlarga kiradigan qizlar uchun budjet kvotasi joriy etilishi evaziga 2021-2022 o‘quv yilida talabalarning 60 foizini ayollar tashkil etdi.

Ikkinchidan, Yangi O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan, 1373 ta qishloq tibbiyot markazlari qisqartirilib, ular o‘rniga 793 ta qishloq oilaviy poliklinikalari, 441 ta shoshilinch tibbiy yordam bo‘limlari va kunduzgi kasalxonalar ochildi. 306 ta shahar va tuman kasalxonalarida yangi ixtisoslashtirilgan poliklinikalar va 1200 ta shoshilinch tibbiy yordam bo‘limlari tashkil etildi. Hududlardagi ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlari zarur zamonaviy meditsina uskunalari bilan ta’minlandi, 6 ta viloyat onkologik muassasalari 6,5 mln AQSH dollariga 15 ta 2 turdagi gamma-terapiya apparatlari bilan jihozlandi.

Asosiysi, mamlakatda bolalar va chaqaloqlar o‘limining sezilarli qisqarishi kuzatilmoqda – har 1000 nafar yangi tug‘ilganlarga to‘g‘ri keluvchi chaqaloqlar o‘limi soni 15,4 nafardan 12,3 nafargacha, bolalar o‘limi 11,5 nafardan 9,2 nafargacha qisqardi. Bunday misollarni yana ko‘plab keltirishimiz mumkin. Ushbu chora-tadbirlar aholi salomatligi uchun qulay muhit yaratib, BRMning 3-maqsadiga erishishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.

Endi mazkur yo‘nalishda 2030-yilga qadar aholi salomatligini ta’minlash bo‘yicha islohotlar doirasida, xususan:

aholining o‘rtacha umr davomiyligini 78 yoshga yetkazish, tibbiyotga yo‘naltiriladigan mablag‘lar hajmini 2 barobarga oshirish, onkologiya, yurak-qon tomir, diabet va nafas yo‘llari kasalliklari bo‘yicha erta o‘limni 2,5 barobar kamaytirish, sil kasalligi bilan kasallanish darajasini 100 ming aholiga nisbatan hozirgi 34 nafardan keskin kamaytirish;

aholiga birlamchi tibbiy xizmatlarni yanada yaqinlashtirish, tibbiy yordamga muhtoj aholining 70 foiz murojaatlarini birlamchi bo‘g‘inning o‘zida hal etishga erishish, respublikada gemodializ o‘rin joylari bilan bemorlarni to‘liq qamrab olish, 350 ming nafar diabet va 1,5 million yurak-qon tomir kasalligi bor bemorlarni davolash bilan to‘liq qamrab olish;

bolalar o‘rtasidagi irsiy kasalliklarni 2 barobarga qisqartirish, onalar va bolalar o‘limini qisqartirish, sog‘lom bolalikni ta’minlash, tug‘uruq o‘rinlari sonini 35 foizga oshirish, bolalar orasidagi yuqumli va yuqumli bo‘lmagan kasalliklarni 20 foizga kamaytirish hamda umuman aholi o‘rtasida yuqumli bo‘lmagan kasalliklarni erta aniqlash darajasini 70 foizga yetkazish;

sog‘lom va faol keksalikni ta’minlash, har yili 55 va undan katta yoshdagi aholini 100 foiz tibbiy profilaktik ko‘rikdan o‘tkazish va sog‘lomlashtirish, 40 yosh va undan yuqori yoshda aholi orasida jismoniy faol aholi ulushini 2 barobar oshirish;

aholi o‘rtasida to‘g‘ri ovqatlanish va sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, me’yoridan ortiq tuz iste’mol qiladigan aholi ulushini 32 foizga, yetarlicha jismoniy faollikka ega bo‘lmagan aholini 22 foizga, ortiqcha vaznga va semizlikka ega katta yoshdagi aholini tegishincha 32 foiz va 23 foizga qadar kamaytirish kabi aniq maqsadlar va vazifalar belgilangan.

Uchinchidan. Aholi turmush darajasini oshirishga qaratilgan siyosat tufayli mamlakatimizda kambag‘allik 2022-yilda 2017-yilga nisbatan ikki barobarga kamaygan bo‘lsa, uni 2026-yilga qadar yana 2 barobarga, 2030-yilga qadar esa keskin qisqartirish rejalashtirilgan.

Kambag‘allikka tushish xavfi mavjud 4,5 mln aholining daromadlarini oshirish choralari ko‘rilishi, mehnatga layoqatli aholini, shu jumladan yoshlar va nogironligi bo‘lgan shaxslarni barqaror va samarali bandligini ta’minlash orqali ishsizlik darajasini 7 foizgacha tushirish belgilangan.

Bu borada “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha islohotlar doirasida, xususan:

ijtimoiy himoya qilish tizimi bilan muhtojlarning barchasi to‘liq qamrab olinishiga erishish, barcha tuman va shaharlarda “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari faoliyatini tashkil qilish;

Nogironligi bo‘lgan muhtoj shaxslarning sifatli va zamonaviy protez-ortopediya buyumlari bilan ta’minlash darajasini 100 foizga yetkazish, ularni reabilitatsiya xizmatlari bilan to‘liq qamrab olish, munosib ish bilan ta’minlash orqali ular bandligini 2 barobarga oshirish;

xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini kuchaytirish, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy faolligini oshirish va gender tenglikni ta’minlash orqali ularning boshqaruv lavozimlaridagi ulushini 30 foizga oshirish. Shuningdek, “Ayollar daftari” bilan manzilli ishlashning shaffof mexanizmini yaratish, mazkur ishlar bo‘yicha jamoatchilik nazoratini o‘rnatish;

2 mln nafar fuqarolarni kasb-hunar, tadbirkorlik ko‘nikmalari va xorijiy tillarga o‘qitish, kasb-hunarga o‘qitishda xususiy sektor ulushini 30 foizga yetkazish kabi maqsad va vazifalar belgilangan.

Shu kabi misollarni “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining boshqa yo‘nalishlari: barqaror iqtisodiy o‘sish orqali daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar qatoridan o‘rin olish; suv resurslarini tejash va atrof-muhitni muhofaza qilish; qonun ustuvorligini ta’minlash, xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish; “Xavfsiz va tinchliksevar davlat” tamoyiliga asoslangan siyosatni izchil davom ettirish bo‘yicha ham keltirishmiz mumkin.

Bir so‘z bilan aytganda, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan barcha 100 maqsad, 369 ta chora-tadbir, 190 ta vazifa, 306 ta maqsadli ko‘rsatkich bajarilishi mamlakatimizning Barqaror rivojlanish maqsadlariga to‘la erishishiga xizmat qiladi.

Yangi O‘zbekistonning Barqaror rivojlanish maqsadlari sohasidagi xalqaro tashabbuslari

O‘zbekiston Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 72, 75, 76 va 78-sessiyalarida, shuningdek, BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 46-sessiyasida bu borada, Markaziy Osiyoning barqaror rivojlanishini, mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash, ta’lim, ma’naviyat, ekologiya, turizm, inson huquqlarini himoya qilish va boshqa sohalarni qamrab oluvchi 40 dan ortiq tashabbuslarni ilgari surdi.

BMT Bosh Assambleyasi O‘zbekiston tashabbusi bilan quyidagi 6 ta Rezolyutsiyani qabul qildi:

“Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va barqaror rivojlanishni ta’minlash maqsadida mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash”;

“Orolbo‘yini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasi sifatida e’lon qilish”;

“Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik”;

“Markaziy Osiyoda barqaror turizm va barqaror rivojlanish”;

“Markaziy va Janubiy Osiyoda o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash”;

“Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni jadallashtirishda parlamentlar rolini kuchaytirish to‘g‘risida”gi rezolyutsiyalarni qabul qildi.

Shuningdek, Orolbo‘yi mintaqasi aholisini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash uchun maxsus Trast fondi faoliyat yuritmoqda. BMT va “BMT oilasi”ga kiruvchi tashkilotlar bilan hamkorlikda qariyb 140 ta dastur va loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.

Prezidentimiz tashabbuslari bilan bugungi kunda sohada:

BMT va uning ixtisoslashgan tuzilmalari bilan samarali hamkorlik o‘rnatish maqsadida Markaziy Osiyo yoshlarini rivojlantirishga ko‘maklashish bo‘yicha ishchi guruh tashkil etish va uning doirasida “Markaziy Osiyo yoshlarining kun tartibi – 2030” dasturini ishlab chiqish;

“Birlashgan Millatlar Tashkiloti – Xotin-qizlar” tuzilmasi bilan hamkorlikda ayollarning bunyodkorlik salohiyatini ro‘yobga chiqarish masalalarini muhokama qilish va tajriba almashish uchun 2024-yilda O‘zbekistonda Osiyo xotin-qizlari forumini o‘tkazish;

BMT Bosh kotibining Suv resurslari bo‘yicha maxsus vakili lavozimi ta’sis etilishi, Markaziy Osiyo suvni tejaydigan texnologiyalar platformasini yaratish hamda mintaqamizda qabul qilingan Yashil taraqqiyot dasturi doirasida tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida “Markaziy Osiyo iqlim muloqoti”ni joriy etish;

2024-yilda O‘zbekistonda BMT Bosh kotibi tomonidan ilgari surilgan “Ish o‘rinlarini yaratish va ijtimoiy himoya global akseleratori” borasidagi tashabbus doirasida BMT shafeligidagi “Ijtimoiy himoya: barqaror taraqqiyot sari yo‘l” butunjahon konferensiyasini o‘tkazish;

BMT Bosh Assambleyasining “Markaziy Osiyo global iqlim tahdidlari qarshisida: umumiy farovonlik yo‘lida hamjihatlik” rezolyutsiyasini qabul qilish va uning asosiy mazmunini 2024-yil Samarqandda bo‘lib o‘tadigan xalqaro iqlim forumida muhokama qilish kabi masalalar BMTning kun tartibiga kiritildi.

Barqaror rivojlanish maqsadlari: Parlament komissiyasi va fuqarolik jamiyati institutlari

Hech shubha yo‘qki, milliy siyosat va dasturlarning amalga oshirilishini parlamentlar, hamda fuqarolik jamiyati institutlari ishtirokisiz tasavvur etib bo‘lmaydi.

Barqaror rivojlanish maqsadlari sohasidagi O‘zbekistonning milliy maqsadlari va ularni amalga oshirilishini nazorat qilish, fuqarolar va davlat organlari hamda mamlakatning boshqa tashkilotlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, parlament, hukumat va fuqarolik jamiyati institutlarining amaliy hamkorligini yo‘lga qo‘yish, ushbu masala bo‘yicha parlament va jamoatchilik muhokamalarini tashkil etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasini barqaror rivojlantirish sohasidagi Milliy maqsadlar va vazifalarning 2030-yilgacha bo‘lgan davrda amalga oshirilishini nazorat qilish bo‘yicha Parlament komissiyasi faoliyat olib bormoqda.

Mazkur Parlament komissiyasi, xususan, Vazirlar Mahkamasi, vazirliklar, idoralar va mahalliy hokimiyat organlari tomonidan Barqaror rivojlanish maqsadlariga oid sohalarda qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarda (qonunlar, Prezident Farmonlari va Qarorlari, Hukumat qarorlari, amalga oshirilayotgan strategiyalar, konsepsiyalar, maqsadli dasturlar va boshqalar) aks ettirilgan vazifalarni bajarilishi yuzasidan 190 dan ziyod indikatorlar bo‘yicha monitoringni amalga oshiradi.

Jumladan, 2020 va 2023 yilalarda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Iqtisodiy va ijtimoiy kengashining Yuqori darajadagi siyosiy forumlarida ko‘rib chiqilgan O‘zbekistonning 2030-yilgacha barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarni amalga oshirish to‘g‘risidagi Ixtiyoriy milliy hisobotlarini tayyorlash hamda Milliy Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish sohasida har bir maqsad bo‘yicha ishlab chiqilgan milliy strategiya, “yo‘l xaritalari”, tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlarning amalga oshirilishi ustidan kuchli parlament va fuqarolik nazoratini o‘rnatdi. Masalan, 2021-2022-yillarda Parlament komissiyasi tomonidan har chorakda 28 ta mas’ul vazirlik va idoralar, mahalliy hokimiyat organlari rahbarlarini jalb qilgan holda Barqaror rivojlanish maqsadlarining alohida maqsad va ko‘rsatkichlari bajarilishi bo‘yicha muhokama tashkil etildi.

Parlament tashabbusi bilan birgina 2021-yilda birinchi marta o‘tkazilgan Barqaror rivojlanish maqsadlari haftaligi doirasida O‘zbekiston mamlakatlar orasida birinchi bo‘lib barqaror rivojlanish sohasidagi parlamentariylarning sa’y-harakatlarini birlashtirish tashabbusi bilan chiqdi va Buxoro shahrida “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlararo global hamkorlik” mavzusida dunyoning 100 dan ortiq mamlakatlardan parlament a’zolari ishtirok etgan birinchi xalqaro parlament forumi o‘tkazildi.

Bundan tashqari, parlament tomonidan Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun kompleks moliyalashtirish strategiyasi ishlab chiqilmoqda. Mazkur strategiya Davlat budjetini ishlab chiqish va amalga oshirishda milliy Barqaror rivojlanish maqsadlarini inobatga olish va sohaga zarur mablag‘lar ajratish (“Barqaror rivojlanish maqsadlari yo‘naltirilgan budjetlar” qabul qilish) hamda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni tezlashtirish uchun moliyaviy oqimlarni to‘g‘ri taqsimlashda Hukumatga yordam ko‘rsatishga yo‘naltirilgan.

Kompleks milliy moliyalashtirish strategiyasi – bu rejalashtirish va moliyalashtirish jarayonlarining muvofiqlashuvini ta’minlashga, barqaror rivojlantirish maqsadlariga qo‘shimcha resurslarni safarbar etish va yo‘naltirishga, shuningdek, monitoring va boshqaruvning samarali mexanizmlarini yaratishga yordam beradi.

Parlament komissiyasi o‘z faoliyatini quyidagi yo‘nalishlarda amalga oshirmoqda:

mamlakatimizda qabul qilinayotgan turli sohalarga oid strategiyalar, konsepsiyalar va dasturlarning milliy Barqaror rivojlanish maqsadlarini hayotga tatbiq etilishiga xizmat qilishiga erishish;

Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish borasida kuchli parlament va jamoatchilik nazoratini o‘rnatish, bu borada aholi xabardorligini oshirish, davlat tashkilotlari faoliyati ochiqligi va oshkoraligini ta’minlashga ko‘maklashish;

Barqaror rivojlanish maqsadlari sohasida qarorlar qabul qilish jarayonlarida fuqarolar va fuqarolik jamiyati institutlarining ishtiroki uchun keng imkoniyatlar yaratish, ijtimoiy hamkorlikni qo‘llab-quvvatlash;

Barqaror rivojlanish maqsadlari sohasida xalqaro hamkorlikda, xususan, “parlament va xalq diplomatiyasi” institutlari imkoniyatlaridan kengroq foydalanish kabi vazifalarni amalga oshirishga ham xizmat qilmoqda.

Natijada, xususan, 2021-2023-yillarda mamlakat nodavlat notijorat tashkilotlari, “aql markazlari” tomonidan Parlament komissiyasi bilan hamkorlikda:

birinchidan, ekologiya sohasida 138 ta uslubiy qo‘llanma va maqola tayyorlandi;

ikkinchidan, 699 ta turli formatdagi nazorat-tahliliy, ilmiy-nazariy, ma’naviy-ma’rifiy, tarbiyaviy va amaliy tadbirlar o‘tkazildi. Xususan, ekotizimlarni muhofaza qilish, barqaror rivojlanishni ta’minlash yo‘lida qo‘riqxonalar va milliy bog‘larni tizimli asrash, o‘rmon maydonlarini kengaytirish borasida O‘zbekiston davlat siyosati va “Yashil makon, sog‘lom muhit, sog‘lom inson” tamoyilini hayotga tatbiq etish, ekologik ta’lim-tarbiya va boshqa dolzarb masalalarga bag‘ishlangan seminarlar, davra suhbatlari va ekologik aksiyalar amalga oshirildi. Ularda 61834 nafar fuqarolar, ekologiya sohasidagi faollar ishtirok etdi;

uchinchidan, mahallalar obodligini ta’minlash va fuqarolar ekologik madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Mazkur yo‘nalishda 1 126 ta davra suhbatlari va tadbirlar tashkil etildi, 100 dan ziyod mahallani obodonlashtirishga ko‘maklashildi;

to‘rtinchidan, “Yashil makon” umummilliy loyihasining bahor va kuz mavsumlarida 14 000 tup ko‘chat o‘tkazishga bag‘ishlangan 70 dan ziyod aksiyalar o‘tkazildi, aholining ekologik ta’lim va tarbiya tizimini rivojlantirish yo‘nalishida 40 ta tadbir o‘tkazildi.

Bunda misollarni yanada ko‘plab keltirish mumkinki, ular bugungi kunda Barqaror rivojlanish maqsadlari butun fuqarolik jamiyati, davlat va biznes hamjamiyatni o‘z atrofida jipslashtiruvchi g‘oyaga aylanib borayotganidan dalolat beradi.

Barqaror rivojlanish maqsadlarini bajarishda parlamentninig roli

Bu boradagi ustuvor vazifalar BMT Bosh Assambleyasining 2022-yil 14-dekabrdagi “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni jadallashtirishda parlamentlar rolini kuchaytirish to‘g‘risida”gi rezolyutsiyasida o‘z aksini topdi.

Ushbu Rezolyutsiyani hayotga tatbiq etish maqsadida 2022-yil 29-dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senati Kengashlarining tegishli Qo‘shma qarori qabul qilindi.

Ushbu qaror O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyalarida belgilangan vazifalarni hayotga tatbiq etish hamda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsadlariga erishishda parlament, ijroiya hokimiyati va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasida samarali ijtimoiy hamkorlik o‘rnatishga yo‘naltirilgan. Unda 13 ta yo‘nalish bo‘yicha 50 dan ziyod aniq chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.

Navbatdagi o‘ta muhim qadam sifatida Parlament tomonidan joriy yilning oktyabr-noyabr oylarida mamlakatimizda Barqaror rivojlanish oyligini o‘tkazish rejalashtirilgan.

Oylik doirasida milliy ekspertlar va xalqaro tashkilotlar vakillari, xorijiy davlatlarning yetuk mutaxassislari ishtirokida qator xalqaro konferensiyalar, seminarlar, jamoat eshituvlari va boshqa tadbirlar o‘tkazilishi belgilangan.

Barqaror rivojlanish maqsadlari oyligining asosiy maqsadlari:

birinchidan, milliy va xorijiy jamoatchilik vakillari ishtirokida Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yuzasidan O‘zbekiston tajribasini har tomonlama ko‘rib chiqib, bu borada o‘zaro fikr almashish;

ikkinchidan, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda davlat tashkilotlari, idoralari va fuqarolik jamiyati institutlari, ta’lim, tadqiqot va tahlil markazlari ishtiroki sohasidagi ilg‘or milliy va xalqaro tajribalar bilan tanishish;

uchinchidan, kelgusida Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan dolzarb masalalarni muhokama qilish.

Shuningdek, Barqaror rivojlanish maqsadlari oyligi yakunida Parlamentlararo ittifoq bilan hamkorlikda “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlararo hamkorlik” mavzusidagi II xalqaro Global forum o‘tkaziladi.

Uning doirasida 2030 Global kun tartibini samarali amalga oshirishda parlament va parlamentlararo hamkorlikni mustahkamlash, parlamentlar, hukumatlar va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasidagi ijtimoiy sheriklikni hamda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, bu boradagi gender va yoshlar siyosatining ahamiyati kabi masalalar yuzasidan o‘zaro fikr almashilishi kutilmoqda.

Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, O‘zbekistonning Barqaror rivojlanish maqsadlari sohasida erishgan yutuqlari va marralari xalqaro hamjamiyat tomonidan yuksak baholanmoqda va e’tirof etilmoqda. Xususan, O‘zbekiston BMT Barqaror rivojlanish yechimlari tarmog‘i (SDSN) va 2023-yilda xalqaro ekspertlar tomonidan e’lon qilingan Barqaror rivojlanish maqsadlari reytingida (SDG index) 71,1 indeks bilan 166 ta mamlakat orasida 69-o‘rinni egalladi. Ushbu natija 2022-yilga nisbatan 8 pog‘onaga yaxshilangan.

Mamlakatimizda Barqaror rivojlanishning 10 ta maqsadi bo‘yicha ijobiy o‘sishga erishilgan. Jumladan: kambag‘allikni qisqartirish (+2,5 ball), gender tengligi (+ 0,1 ball), toza suv va sanitariya (turg‘un holatda), barqaror shaharlar va aholi punktlari, (turg‘un holatda), tinchlik, adolat va samarali institutlar (+0,4 ball) hamda barqaror taraqqiyot yo‘nalishidagi hamkorlik (+0,1 ball) maqsadlarida o‘sish qayd etildi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston “Ochiq Gender ma’lumotlar indeksida” (“Open Data Watch” tashkiloti tomonidan yuritiladi) 69,7 ball to‘plagan holda jahondagi eng yaxshi 20 ta mamlakat orasidan joy oldi (18-o‘rin). Bunda, mamlakatimizda “gender.stat.uz” saytining barcha bo‘limlarida bugungi kunda 180 dan ziyod gender statistikasiga oid ko‘rsatkichlar 3 ta tilda, 5 xil formatda joylashtirib borilishi alohida ahamiyat kasb etdi. Umuman “Ochiq ma’lumotlar indeksida” O‘zbekiston 70 ball bilan 195 mamlakat orasida 30-o‘rinni egallab turibdi.

Xulosa qilib aytganda, Yangi O‘zbekistonning “inson, jamiyat va davlat barqaror rivoji” tamoyilini hayotga tatbiq etish siyosati, ushbu oylik tadbirlarining yuqori saviyada o‘tkazilishi, uning doirasida ishlab chiqiladigan xulosalar va tavsiyalar, shubhasiz, jonajan Vatanimizning taraqqiyoti va farovonligini ta’minlashga xizmat qiladi.

 

Akmal Saidov,

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi

Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari

Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi

«MILLIY TIKLANISH» gazetasining 2023-yil 15-noyabr 39-soni

Powered by GSpeech