15 noyabr kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida “Inson huquqlariga rioya etish va uni himoya qilishning xalqaro standartlari: amaliyot va hisobot” mavzusidagi o‘quv kursi davom etdi. Mashg‘ulotlar Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 75 yilligiga bag‘ishlangan.
O‘quv dasturi tinglovchilari O‘zbekistonning inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarini bajarishda faol ishtirok etayotgan davlat organlari va tashkilotlar mutaxassislari hisoblanadi. Mashg‘ulotlarda 20 dan ortiq mas’ul xodim offlayn va onlayn qatnashmoqda.
Ikkinchi kunda dastlab Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili – Bolalar ombudsmani, yuridik fanlar doktori Surayyo Rahmonova “O‘zbekistonda bola huquqlarini ta’minlash – davlat siyosatining muhim yo‘nalishilari” mavzusida ma’ruza qildi.
Shuningdek, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi doktoranti, yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori Firuza Hamdamovaning “BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi va shartnomaviy organlari. Ayollar huquqlari va gender tenglik tushunchasi. Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiya” yuzasidan ma’ruzasi tinglandi.
Tinglovchilar e’tiboriga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi raisi Jahongir Shirinovning “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida inson huquqlari”, Qonunchilik palatasi Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi raisi Shuhrat Bafoyevning “Inson huquqlari sohasida mamlakatimizning xalqaro majburiyatlariga rioya etilishini ta’minlashda Inson huquqlari sohasida O‘zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlariga rioya etilishi bo‘yicha Parlament komissiyasining roli” mavzusidagi ma’ruzalari ham havola etildi.
Ushbu muhim tadbir O‘zbekiston Prezidentining 2023 yil 7 fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan Inson huquqlari sohasidagi milliy ta’lim dasturi asosida o‘tkazilmoqda. Bundan maqsad BMTning Inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiya to‘g‘risidagi deklaratsiyasi hamda BMT Jahon ta’lim dasturining to‘rtinchi bosqichida belgilangan vazifalarni samarali va o‘z vaqtida amalga oshirishdir.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 15.11.2023
- Ko'rishlar: 3497
- Chop etish