Inson huquqlariga oid xalqaro standartlar boʼyicha oʼquv kursi davom etmoqda

16 noyabrь kuni “Inson huquqlariga rioya etish va uni himoya qilishning xalqaro standartlari: amaliyot va hisobot” mavzusidagi oʼquv kursi oʼz ishini Oʼzbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi binosida davom ettirdi. Tadbir Inson huquqlari boʼyicha Oʼzbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan hamkorlikda oʼtkazilmoqda.
Аkademiya boshligʼi oʼrinbosari, yuridik fanlar doktori, professor Muzaffarjon Mamasiddiqov mashgʼulotlar mavzusining ahamiyatiga eʼtibor qaratdi. Xususan, ayni oʼquv kursi zamonaviy inson huquqlari faoliyati uchun dolzarb ekanini taʼkidladi.
Mashgʼulotlarning uchinchi kuni asosiy eʼtibor Qiynoqlar va boshqa shafqatsiz muomalaga qarshi konventsiyaning mazmun-mohiyati talqiniga qaratildi. Huquqni muhofaza qilish akademiyasi kafedra boshligʼi, yuridik fanlar nomzodi Xurshid Karimov ushbu hujjatning xalqaro huquqda tutgan ahamiyatini batafsil tahlil qildi.
Oʼz navbatida, Аkademiya kafedra boshligʼi Аziz Hikmatov qiynoqlarning oldini olishga qaratilgan milliy profilaktika mexanizmlari mavzusini ochib berdi. Maʼruzachi xalqaro tajribani milliy amaliyot bilan qiyoslab, Oʼzbekistonning bu boradagi yutuqlarini va oldinda turgan vazifalarni alohida taʼkidladi.
Huquqni muhofaza qilish akademiyasi Ilmiy markazi boshligʼi, yuridik fanlar doktori, dotsent Luqmonjon Isoqov migrantlar huquqlarini himoya qilish masalalariga alohida toʼxtaldi. Bu boradagi xalqaro va milliy amaliyotni tahlildan oʼtkazish asnosida oʼz fikrlarini tasdiqlaydigan muhim tadqiqot natijalari va amaliy misollarni keltirgani tinglovchilarga manzur boʼldi.
Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 75 yilligiga bagʼishlangan toʼrt kunlik mashgʼulotlarda Oʼzbekistonning inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarini bajarishda faol ishtirok etayotgan davlat organlari va tashkilotlarining 20 dan ortiq masʼul xodimi offlayn va onlayn qatnashmoqda. Ushbu muhim tadbir Oʼzbekiston Prezidentining 2023 yil 7 fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan Inson huquqlari sohasidagi milliy taʼlim dasturi asosida oʼtkazilmoqda.

Inson huquqlari boʼyicha
Oʼzbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech