Inson huquqlariga rioya etish va uni himoya qilishning xalqaro standartlari bo‘yicha o‘quv kursi yakunlandi

17 noyabr kuni Toshkent shahrida “Inson huquqlariga rioya etish va uni himoya qilishning xalqaro standartlari: amaliyot va hisobot” mavzusidagi o‘quv kursi yakuniga yetdi. Tadbir Inson huquqlari  bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tashabbusi bilan o‘tkazildi.

O‘quv kursi O‘zbekiston Prezidentining 2023 yil 7 fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan Inson huquqlari sohasidagi milliy ta’lim dasturi asosida tashkil etildi. Bunda BMTning Inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiya to‘g‘risidagi deklaratsiyasi hamda BMT Jahon ta’lim dasturining to‘rtinchi bosqichida belgilangan vazifalar talablaridan kelib chiqildi.

Mashg‘ulotlarning to‘rtinchi kuni inson huquqlari bo‘yicha milliy ma’ruzalarni tayyorlash hamda xalqaro organlar tavsiyalarini amalga oshirish tartibi masalalariga bag‘ishlandi. Markaz xodimlari tomonidan tinglovchilarga milliy hisobotlarni tayyorlash, xalqaro tashkilotlarning tavsiyalarini to‘liq va aniq amalga oshirish jarayonlari haqida zarur ma’lumotlar taqdim etildi.

BMTning shartnomaviy qo‘mitalarida individual murojaatlarni ko‘rib chiqish tartiblari bo‘yicha ham qimmatli tavsiyalar berildi.

         Ishtirokchilar va ma’ruzachilar o‘rtasida savol-javob faol muloqotga boy bo‘ldi.

Muhokamalardan so‘ng ishtirokchilarning o‘zlashtirish darajasini baholash uchun test sinovlari o‘tkazildi.

Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 75 yilligiga bag‘ishlangan to‘rt kunlik mashg‘ulotlarda O‘zbekistonning inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarini bajarishda faol ishtirok etayotgan davlat organlari va tashkilotlarining 20 dan ortiq mas’ul xodimi offlayn va onlayn qatnashdi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech