16 noyabr – Xalqaro bag‘rikenglik kuni munosabati bilan joriy yilning 13-19 noyabr kunlari yurtimiz bo‘ylab “Bag‘rikenglik haftaligi” o‘tkazildi. Ushbu haftalik doirasida Toshkent shahridagi “Hayatt” mehmonxonasida turli diniy konfessiya vakillari, xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar mas’ullari ishtirokida “Millatlararo va dinlararo bag‘rikenglik – samarali hamkorlikning muhim omili” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Konferensiyaning ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi M.Komilov, UNESCO ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari o‘rinbosari S.Al-Attor, O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi raisi S.Toshboyev, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori A.Saidov, Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi raisi R.Qurbonov, Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori o‘rinbosari Sh.Nurullayeva kirish so‘zlari bilan ishtirok etdi.
Xususan, Akmal Saidov ushbu tadbirning ikkita muhim ahamiyatiga e’tiborni qaratdi. Birinchidan, mazkur xalqaro konferensiya Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 75 yilligiga bag‘ishlangan bo‘lib, bu borada O‘zbekiston Prezidenti Farmoni bilan mamlakatimizda alohida Dastur tasdiqlangan va izchil amalga oshirilmoqda. Ikkinchidan, ayni anjuman Xalqaro bag‘rikenglik kuni munosabati bilan tashkil etildi. Bu muhim xalqaro sana yurtimizning butun hududida keng nishonlanmoqda.
Shu o‘rinda O‘zbekistonda millatlararo va dinlararo totuvlik hamda bag‘rikenglikni mustahkamlashga qaratilgan beqiyos islohotlar amalga oshirilayotganini alohida ta’kidlash lozim. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan ushbu sohada olib borilayotgan izchil siyosatning zamirida ochiq va bag‘rikeng, birdam va hamjihat jamiyat ravnaqini ta’minlashdek ezgu maqsad o‘z mujassamini topgan.
Konferensiyada “Din va davlat munosabatlari: tarixiy yondashuv va diniy asoslar”, “Jamiyatda millatlararo totuvlikni ta’minlashda Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar”, “Markaziy Osiyo xalqlarining mushtarak bag‘rikenglik tamoyillari”, “Milliy madaniy markazlar – O‘zbekistonda millatlararo totuvlikni ta’minlashning muhim vositasi” kabi dolzarb mavzulardagi ma’ruzalar tinglandi.
Xalqaro konferensiyada turli vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlari, diniy konfessiyalar vakillari, milliy madaniyat markazlari faollari, yurtimizdagi millatlararo do‘stlik va diniy bag‘rikenglik rishtalarini mustahkamlashga munosib hissa qo‘shayotgan hamyurtlarimiz, diniy ta’lim muassasalari talabalari hamda OAV vakillari qatnashdi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI DIN ISHLARI BO‘YICHA QO‘MITA
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
- Qo'shildi: 20.11.2023
- Ko'rishlar: 4142
- Chop etish