Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining ahamiyati haqida muloqot

17 noyabr kuni Samarqand shahridagi 17-umumiy o‘rta ta’lim maktabining 9-sinf o‘quvchilari uchun “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining ahamiyati” mavzusida axborot-ma’rifiy soati o‘tkazildi. Tadbir Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan tashkil etildi.

Milliy markaz mas’ul xodimi H.Xolmamatov o‘quvchi-yoshlarga Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi matnida ilk bor barcha odamlar ega bo‘lgan huquqlarning global ta’rifi bayon etilganligi haqida atroflicha so‘zlab berdi. Ushbu xalqaro-huquqiy hujjat har bir insonning shaxsiy daxlsizligi, mulk, e’tiqod va so‘z erkinligi, fuqarolik, davlat boshqaruvida qatnashish, saylash va saylanish, oila, mehnat va dam olish, ta’lim, tibbiy va ijtimoiy xizmatlardan foydalanish, madaniyat va san’at asarlaridan bahra olish huquqlarini himoya qilishga qaratilganligi ta’kidlandi.

Tadbir yakunida o‘quvchilarga “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi” nashri tarqatildi. Ushbu yangi nashr Inson  huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan Deklaratsiyaning 75 yilligi munosabati bilan chop etilgan.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech