Mamlakatimiz vakillari 24 noyabr kuni Qozog‘istonning Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan “Oiladagi zo‘ravonlikka qarshi kurash: muammolar va yechimlar” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada ishtirok etdi. Ushbu konferensiya Qozog‘iston Respublikasining Inson huquqlari bo‘yicha vakili tomonidan xalqaro tashkilotlar – YuNISEF, BMTTD va BMT Ayollar tashkiloti ko‘magida tashkil etildi.
Tadbirda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Serbiya, Rossiya, Turkiya bilan bir qatorda O‘zbekistonning inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari, ekspertlar ishtirok etdi.
Ishtirokchilar oiladagi zo‘ravonlikni kamaytirishga qaratilgan qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan fikr almashdilar. Shuningdek, ayollar huquqlari va gender tenglikni ta’minlash masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Anjuman doirasida ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurash bo‘yicha O‘zbekiston davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori o‘rinbosari Dilnoza Muratova ma’ruza qildi.
O‘zbekiston vakilining ma’ruzasida ta’kidlanganidek, 2023 yil aprel oyida “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunning qabul qilingani oiladagi zo‘ravonlikka qarshi kurashning muhim bosqichi bo‘ldi. Ushbu qonunning qabul qilinishi xalqaro tuzilmalar, jumladan, inson huquqlarini himoya qiluvchi xalqaro tashkilotlar tomonidan keng qo‘llab-quvvatlandi.
Konferensiyada oilaviy qadriyatlarni asrab-avaylash va mustahkamlash, oilalarning ijtimoiy farovonligini ta’minlash, davlat organlarining ayni yo‘nalishdagi faoliyati samaradorligini oshirish va profilaktika chora-tadbirlarining ustuvorligiga erishish masalalariga e’tibor qaratildi. Oiladagi zo‘ravonlikni aniqlash va uning oldini olish, bunda tizimlashgan asosda raqamli yondashuvni tatbiq etish muhimligi alohida ta’kidlandi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 27.11.2023
- Ko'rishlar: 3537
- Chop etish