TOSHKENT, 4-dekabr. /"Dunyo" AA/. Bugun Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Milliy markazida bir guruh fuqarolar va tashkilotlar hamda xalqaro tashkilotlar vakillarini «Inson huquqlari himoyasi uchun» ko'krak nishoni bilan taqdirlash tantanali tadbiri bo'lib o'tdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Markaz matbuot xizmati ma'lumotiga ko'ra, taqdirlash marosimi O'zbekiston Konstitutsiyasining 31 yilligi, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 75 yilligi va 10-dekabr — Xalqaro inson huquqlari kuni munosabati bilan e'lon qilingan «Inson huquqlari o'n kunligi» doirasida o'tkazildi.
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Milliy markazi direktori Akmal Saidov tadbirni ochar ekan, yangi tahrirdagi O'zbekiston Konstitutsiyasida inson huquqlariga oid normalar uch barobardan ortiq ko'payganini alohida ta'kidladi. Mazkur konstitutsiyaviy normalar va O'zbekiston qo'shilgan inson huquqlari to'g'risidagi xalqaro shartnomalar talablaridan kelib chiqib, mamlakatimizda inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta'minlash hamda inson huquqlari madaniyatini rivojlantirishga alohida e'tibor qaratilmoqda.
Taqdirlash marosimida e'lon qilinganidek, 2023-yilda 5 ta nominatsiya – «Inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi amaliy ishlar», «Inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi nodavlat tashkilotlardagi faoliyat», «Inson huquqlari targ'iboti», «Inson huquqlari sohasidagi ta'lim va ilmiy tadqiqotlar», shuningdek, «Inson huquqlari sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish» yo'nalishlarida qo'shgan hissasi uchun 16 nafar nomzod «Inson huquqlari himoyasi uchun» ko'krak nishoni bilan taqdirlashga munosib deb topildi.
Inson huquqlari bo'yicha Milliy markaz direktori Akmal Saidov ko'krak nishonlarini o'z egalariga tantanali ravishda topshirdi.
Sovrindorlar nomidan so'zga chiqqan xalqaro va milliy tashkilotlar, ilmiy-ta'lim muassasalari, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari minnatdorlik izhor etib, O'zbekiston inson huquqlari sohasidagi xalqaro shartnomalarda belgilangan majburiyatlariga qat'iy va sidqidildan amal qilib kelayotganini e'tirof etdilar.
- Qo'shildi: 04.12.2023
- Ko'rishlar: 3297
- Chop etish