O‘zbekicton delegatsiyasi inson huquqlariga bag‘ishlangan Ostona konferensiyasida qatnashmoqda

 7 dekabrda Qozog‘istonning Ostona shahrida “Inson huquqlarini ta’minlovchi xalqaro-huquqiy normalarni milliy qonunchilikka tatbiq etish” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya boshlandi. Ilmiy-amaliy anjuman Qozog‘iston Respublikasining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) tomonidan tashkil etildi.

Ushbu xalqaro tadbirda 100 dan ortiq xalqaro va mintaqaviy darajadagi ekspertlar, Qozog‘iston Prezidenti Administratsiyasi, mamlakat parlamenti, huqumati, Konstitutsiyaviy sudi, Oliy sudi, vazirlik va idoralari rahbarlari, xalqaro tashkilotlar, akademik hamjamiyat va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari qatnashmoqda.

Shuningdek, forumda xorijiy davlatlar – Turkiya, Vengriya, O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon va boshqa davlatlarning inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlari rahbarlari ishtirok etmoqda.

Xususan, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi o‘rinbosari M. Tillaboev “Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro standartlarni milliy qonunchilikka joriy etish: O‘zbekiston tajribasi” mavzusida ma’ruza qildi. Bunda mamlakatimizda ayni yo‘nalishda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar haqida xalqaro hamjamiyat vakillariga atroflicha axborot taqdim etildi.

Konferensiyada inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarni Parij tamoyillari asosida institutsional rivojlantirish va mustahkamlash, inson huquqlarini himoya qilishni ta’minlashda xalqaro huquqiy normalarni milliy qonunchilikka tatbiq etishning ahamiyati muhokama qilinmoqda. Ayni jarayonda inson huquqlari bo‘yicha xalqaro tashkilotlar, milliy institutlar hamda nodavlat notijorat tashkilotlarining roliga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Milliy va xalqaro ekspertlar ushbu tadbir turli davlatlardan tashrif buyurgan mutaxassislarning o‘zaro tajriba almashishi uchun qulay muloqot maydonchasi vazifasini bajarayotganini e’tirof etdilar.

Xalqaro anjuman 8 dekabr kuni yakunlanadi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech