Yangi tahrirdagi Konstitutsiya va inson huquqlari

7 dekabr kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida shu mavzuda huquqiy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi. Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov boshqardi.

A.Saidov Milliy markaz xodimlarini Konstitutsiya kuni bayrami bilan tabriklar ekan, Prezident Shavkat Mirziyoevning 2023 yil 16 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi farmoyishida yangi tahrirdagi Konstitutsiya davlatchilik, ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va sud-huquq sohalarini bundan keyin ham barqaror rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratganini alohida ta’kidladi.

Asosiy qonunimiz Muqaddimasida davlat va jamiyat taraqqiyotining huquqiy mafkurasi, xalqimiz Yangi O‘zbekistonni bunyod etish yo‘lida tayanadigan konstitutsiyaviy qadriyatlar va tamoyillar aniq belgilab berilgan. Zero, Konstitutsiyamizda insonning asrlar davomida dunyoda shakllangan asosiy ma’naviy-axloqiy qadriyatlari va asosiy huquqlarini o‘zida mujassam etgan holda, insonning oliy qadriyati – uning hayoti, erkinligi, sha’ni va qadr-qimmati ekani baralla e’lon qilingani juda muhim.

So‘zga chiqqanlar qayd etganlaridek, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizga asosan insonning huquq va erkinliklarini ta’minlash davlatning oliy maqsadidir. Binobarin, Bosh qomusimizda davlat inson hamda fuqaroning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlangan huquqlari va erkinliklarini ta’minlashi etirof etilgani bejiz emas.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

 

Powered by GSpeech