Jenevada Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganligining 75 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Shu munosabat bilan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish Murojaatnoma yo‘lladi.
“Hamma odamlar o‘z qadr-qimmati hamda huquqlarida erkin va teng bo‘lib tug‘iladilar”. Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasini boshlab beradigan ushbu mashhur ibora bundan 75 yil avval mazkur xalqaro-huquqiy hujjat qabul qilinganida qanchalik muhim ahamiyat kasb etgan bo‘lsa, bugungi kunda ham shunchalik muhim, deyiladi Murojaatnomada.
Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi urushlarga barham berish, ziddiyatlarni bartaraf etish hamda dunyo ahli uchun tinch-osoyishta va munosib hayotni ta’minlashga yordam beradigan o‘ziga xos “yo‘l xaritasi” hisoblanadi.
Ammo, BMT Bosh kotibi qayd etishicha, dunyo to‘g‘ri yo‘ldan chetlab ketmoqda. Mojarolar avjiga chiqmoqda. Qashshoqlik va ochlik ko‘lamlari ortmoqda. Tengsizlik tobora chuqurlashib bormoqda. Iqlim inqirozi inson huquqlari inqiroziga aylanib, insoniyatning eng zaif qatlamlariga yanada ko‘proq ziyon yetkazmoqda.
Avtoritarizm kuchaymoqda. Fuqarolarning faolligi uchun maydon torayib bormoqda va ommaviy axborot vositalari har tomondan xurujlarga duchor bo‘lmoqda.
Gender tenglik amalga oshmaydigan orzuligicha qolmoqda. Ayollarning reproduktiv huquqlarini ta’minlash sohasida esa chekinish kuzatilmoqda.
Bugungi kunda hammamizni himoya qiladigan barcha inson huquqlari – ijtimoiy, madaniy, iqtisodiy, fuqarolik va siyosiy huquqlarni rag‘batlantirish hamda hurmat qilish har qachongidan ham muhim, deb ta’kidlaydi Antoniu Guterrish.
Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi – mavjud keskinliklarni yengib o‘tishga yordam beradigan hamda dunyomiz orzu qilgan xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlaydigan umumiy qadriyatlar va yondashuvlarni o‘zida mujassam etgan yo‘lchi yulduzdir.
Hozirgi kunda global tizimlarni yangilash va XXI asrda ularning yanada samarador bo‘lishini ta’minlash ustida ish olib borayotgan ekanmiz, bu borada inson huquqlari o‘ziga xos noyob va asosiy rolni o‘ynashi kerak.
Murojaatnoma yakunida Bosh kotib BMTga a’zo davlatlarni Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi 75 yilligiga bag‘ishlangan mazkur tantanalar va kelgusi yilda o‘tkaziladigan Kelajak sammitidan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining ajralmas qadriyatlariga insoniyatning sodiqligini yanada mustahkamlash yo‘lida foydalanishga chorladi.
“Inson huquqlari kunida men butun jahon ahlini inson huquqlarini har doim, barcha uchun, hamma joyda targ‘ib etishga va hurmat qilishga chaqiraman”, deyiladi Antonio Guterrishning Murojatnomasi yakunida.
Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganligining 75 yilligiga bag‘ishlab Jeneva shahrida o‘tkazilgan ushbu tantanali tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi ishtirok etdi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 12.12.2023
- Ko'rishlar: 3029
- Chop etish