Konstitutsiya – Yangi O‘zbekiston kelajagining poydevori

11 dekabr kuni Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanida joylashgan 27- va 14-umumiy o‘rta ta’lim maktablarida «Yangi O‘zbekiston: inson huquqlari» hamda “Konstitutsiya – Yangi O‘zbekiston kelajagining poydevori” mavzularida huquqiy-axborot darslari o‘tkazildi. Ayni mavzular yuzasidan Inson  huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi xodimlari O‘.Ochilov, H.Xolmamatov, M.Karimov va A.Ahmedov ma’ruza qildi.

Huquqiy ma’rifat darsi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 12 maydagi «Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganligining 75 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida»gi farmoni hamda 2023 yil 16 noyabrdagi «O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida»gi farmoyshiga asosan tashkil etildi. Tadbirda maktab o‘qituvchilari va o‘quvchilari qatnashdi.

Muloqot asnosida inson huquqlarining universalligi va ajralmasligi haqidagi bilimlarni chuqurlashtirishga alohida urg‘u berildi. Shuningdek, maktab o‘quvchilari o‘rtasida inson huquqlarini himoya qilish imkoniyatlarini kengaytirishga e’tibor qaratildi.

Ma’ruzachilar yangi tahrirda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida davlat qurilishining yangi strategik maqsadi — ijtimoiy davlat qurish ekanligi belgilanganini alohida qayd etdilar. Ijtimoiy adolat va birdamlik prinsiplariga oid yangi normalar haqida atroflicha so‘zlab berdilar.

Shuningdek, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining tarixiy ahamiyati bo‘yicha ma’lumotlar taqdim etildi. Mazkur Deklaratsiya matnida ilk bor barcha odamlar ega bo‘lgan huquqlarning global ta’rifi bayon etilganligi, ya’ni ushbu hujjat har bir insonning shaxsiy daxlsizligi, mulk, e’tiqod va so‘z erkinligi, fuqarolik, davlat boshqaruvida qatnashish, saylash va saylanish, oila, mehnat va dam olish, ta’lim, tibbiy va ijtimoiy xizmatlardan foydalanish, madaniyat va san’at asarlaridan bahra olish huquqlarini himoya qilishga qaratilganligi ta’kidlandi.

Tadbir yakunida Inson  huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan 27-maktab hamda 14-maktab kutubxonalariga 30 dan ortiq huquqiy va badiiy adabiyotlar beg‘araz taqdim etildi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

 

Powered by GSpeech