11 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov Jenevada BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasi UPR (Universal davriy sharh) bo‘limining sobiq boshlig‘i, “UPR-Info” Boshqaruvi a’zosi Janni Magazenni bilan uchrashdi.
Ushbu muloqot O‘zbekiston delegatsiyasining Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi 75 yilligi tantanalariga bag‘ishlangan rasmiy-madaniy tadbirlarda ishtirok etish uchun Shveysariyaga amalga oshirgan tashrifi doirasida bo‘lib o‘tdi. J.Magazenni joriy yil noyabr oyida O‘zbekiston delegatsiyasining Universal davriy sharhning to‘rtinchi milliy hisobotini ko‘rib chiqish jarayonidagi ishtirokini yuqori baholadi.
Ma’lumki, Universal davriy sharh bo‘yicha O‘zbekistonning birinchi, ikkinchi va uchinchi hisobotlari 2008 yil dekabr, 2013 yil aprel va 2018 yil may oylarida ko‘rib chiqilgan. Universal davriy sharh ishchi guruhi Inson huquqlari bo‘yicha kengashga a’zo 47 ta davlatdan iborat. BMTga a’zo 193 ta davlatning har biri ayni hisobotlar muhokamalarida ishtirok etishi mumkin.
J.Magazenni, shuningdek, mamlakatimiz delegatsiyasi “UPR-Info” nodavlat notijorat tashkilotining inson huquqlari bo‘yicha fuqarolik jamiyati vakillari ishtirokidagi dastlabki yig‘ilishi va brifinglarida ham faol ishtirok etganini alohida ta’kidladi.
Uchrashuv davomida “UPR-Info” NNT Universal davriy sharh bo‘yicha O‘zbekistonning to‘rtinchi milliy hisoboti yakunlari yuzasidan taqdim etilgan tavsiyalarni amalga oshirishda ekspert yordami ko‘rsatish uchun tayyorligi bildirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 22 iyunda qabul qilingan “Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, an’anaviy ravishda – bu yil ham Inson huquqlari kuni munosabati bilan bir guruh fuqarolar va tashkilotlar hamda xalqaro tashkilot vakillari «Inson huquqlari himoyasi uchun» ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Ular orasida O‘zbekistonning yaqin do‘sti va hamkori J.Magazenni bor.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori A.Saidov mukofot sohibiga ushbu nishonni tantanali tarzda topshirdi. Sovrindorga esdalik sovg‘alari ham taqdim etildi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 12.12.2023
- Ko'rishlar: 3157
- Chop etish