11 dekabr kuni Jenevadagi Millatlar saroyida Qozog‘iston Respublikasi Inson huquqlari bo‘yicha vakili tomonidan yuqori darajadagi “Inson huquqlari-75” forumi doirasida sayd-ivent o‘tkazildi. Ushbu tadbir “Inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarning 2030 yilgacha mo‘ljallangan Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishdagi hissasi” mavzusiga bag‘ishlandi.
Tadbir Inson huquqlari bo‘yicha Qozog‘iston Respublikasi Milliy markazi tomonidan Qozog‘istonning Jenevada joylashgan BMT huzuridagi Doimiy vakolatxonasi va Avstraliyadagi Doimiy vakolatxonasi hamkorligida tashkil etildi. Uni o‘tkazishda O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Turkmanistonning inson huquqlari bo‘yicha milliy muassasalari, shuningdek, BMT Taraqqiyot dasturi va boshqa xalqaro tashkilotlar ham faol ishtirok etdi.
Muloqotlarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov so‘zga chiqdi. A.Saidov Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi 75 yilligi tantanalariga bag‘ishlangan tadbirlarda ishtirok etish uchun Shveysariyaga tashrif buyurgan O‘zbekiston delegatsiyasiga rahbarlik qilmoqda.
Sayd-ivent doirasida inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar faoliyatini rivojlantirishda Parij prinsiplarining eng ustuvor talablari – plyuralizm, mustaqillik va samaradorlikni ta’minlash muhimligiga e’tibor qaratildi. Bundan tashqari, bu borada o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo‘lida mazkur muassasalarning rolini yanada oshirish zarurligi ta’kidlandi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 12.12.2023
- Ko'rishlar: 3059
- Chop etish