13 dekabr kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida “Yangi tahrirdagi Konstitutsiya va Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining ahamiyati” mavzusiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 12 maydagi «Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganligining 75 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida»gi farmoni hamda 2023 yil 16 noyabrdagi «O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida»gi farmoyishiga asosan tashkil etildi.
Davra suhbatida Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinishining tarixi, mazmun-mohiyati, uning insoniyat uchun qanchalik muhim hujjat ekanligi haqida so‘z yuritildi. Mazkur Deklaratsiya dunyo miqyosida 500 dan ortiq tilga tarjima qilinganligi ta’qidlandi.
Mamlakatimizda joriy yil davomida Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 75 yilligini keng nishonlash doirasida bir qancha anjumanlar o‘tkazildi. Xususan, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi ishtirokida bo‘lib o‘tgan 30 dan ortiq konferensiya, davra suxbati, seminar-trening va targ‘ibot tadbirlari shular jumlasidandir.
Bu o‘rinda joriy yil oktyabr oyida “Yoshlar huquqlari: imkoniyatlar va himoya qilish mexanizmlari” mavzusida xalqaro forum tashkil etilganini alohida qayd etish lozim. Yoshlarning mazkur forumda bildirgan fikr-mulohazalari kuni kecha xalqaro hamjamiyatning Jenevada bo‘lib o‘tgan yuqori darajadagi tadbirida ko‘rib chiqilgan “Inson huquqlari-75” yoshlar deklaratsiyasini ishlab chiqishda juda qo‘l keldi.
Bundan tashqari, 2023 yil 30 aprel kungi referendumda qabul qilingan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlash davlatning oliy maqsadi deya e’lon qilinib, inson huquqlariga oid normalar 3 barobardan ortiqqa oshirildi. Ayniqsa ayollar, bolalar, yoshlar va nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini himoya qilishga e’tibor tubdan kuchaytirildi hamda ijtimoiy adolat tamoyillariga konstitutsiyaviy maqom berildi.
Davra suhbati qizg‘in ruhda o‘tdi va mazmunli savol-javoblarga boy bo‘ldi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 13.12.2023
- Ko'rishlar: 3128
- Chop etish