Chingiz Aytmatov asarlarining o‘n jildligi chop etilishi mamlakatimiz adabiy, madaniy hayotida ulkan voqelikdir. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov “Chingiz Aytmatov. Asarlar” to‘plamining 10 jildlik nashriga shunday yuqori baho berdi. A.Saidovning e’tiroficha, ushbu o‘n jildlikning chop etilishi juda katta zahmatli, jasoratli mehnatdir.
Bu haqda atoqli adib va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov tavalludining 95 yilligi munosabati bilan “O‘zbekiston” nashriyotida chop etilgan 10 jildlik “Chingiz Aytmatov. Asarlar” to‘plamining poytaxtimizdagi “Turon” kutubxonasida o‘tkazilgan taqdimotida so‘z yuritildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, O‘zbekiston Qirg‘iz milliy madaniy markazi hamkorligida tashkil etilgan ushbu tadbirda mamlakatimizda atoqli adib va jamoat arbobi Chingiz Aytmatovning ijodini o‘rganish, asarlarini nashr etishga katta e’tibor qaratilayotgani, bu boradagi ibratli ishlar yurtimizda kitobxonlikni rivojlantirishga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.
Taqdimotda Chingiz Aytmatovning asarlarini o‘qish va uqish kerakligi alohida qayd etildi. Binobarin, insonni inson maqomida ko‘rish – Chingiz Aytmatov asarlarining bosh g‘oyasi hisoblanadi.
Jahonda kitoblari eng ko‘p nashr etilgan yozuvchilar safida birinchi o‘rinda Uilyam Shekspir, ikkinchi o‘rinda Lev Tolstoy bo‘lsa, Chingiz Aytmatov uchinchi o‘rinda turibdi. Zero, adibning ijodkorligi bilan birga, diplomatlik salohiyati, davlat va jamoat arbobi sifatidagi qirralarini o‘rganish ham dolzarbdir.
Shuni ta’kidash joizki, “Chingiz Aytmatov. Asarlar” to‘plamining 10 jildlik nashridan akademik A.Saidovning maqolasi ham joy olgan. Olimning bunga qadar atoqli adib hayoti, faoliyati va ijodiga bag‘ishlangan bir nechta kitobi hamda ko‘plab maqolalari e’lon qilingan.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 21.12.2023
- Ko'rishlar: 3353
- Chop etish