Yangi O`zbekiston-xorijliklar nigohida

Udo Fyolker: “Yuzdan ortiq nemis kompaniya va firmalari O‘zbekiston bilan hamkorlik olib borishga tayyor”

O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik har tomonlama mustahkamlanib bormoqda. Bunda har ikki davlat hukumat rahbarlari hamda ishbilarmonlarining muloqot va uchrashuvlari muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Yaqinda Germaniya-O‘zbekiston ishbilarmonlar kengashi a’zosi, “Do‘stlik” ordeni sohibi Udo Fyolker Berlindagi elchixonamiz tomonidan mamlakatimiz Konstitutsiyasi qabul qilinganining 31 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda ishtirok etdi.  

Tadbirda janob Udo Fyolker ikki davlat o‘rtasidagi aloqalardan mamnun ekanini bildirdi va O‘zbekiston xalqini kirib kelayotgan Yangi yil bayrami bilan qutladi:  

– Mana 2023 yil ham oxirlab bormoqda. Ushbu fursatdan foydalanib, Germaniya-O‘zbekiston tashqi savdo munosabatlarini sarhisob qilishni xohlardim. 2023 yilda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ikki marotaba Germaniyaga rasmiy tashrifi ikki tomonlama iqtisodiy aloqalarni rivojlanishiga katta turtki berdi.  

Ayni paytda yuzdan ortiq nemis kompaniya va firmalari O‘zbekiston bilan hamkorlik olib borishga tayyor. Ikki tomonlama hamkorlik aloqalari katta istiqbolga ega, ya’ni O‘zbekiston xom-ashyo va foydali qazilmalarga boy mamlakat, Germaniya esa ularni qayta ishlaydigan zamonaviy innovatsion texnologiyalarga ega. Bu iqtisodiy hamkorlik uchun eng muhim zamin bo‘la oladi.  

Joriy yilda biz mamlakatingiz Bosh Vazirining Germaniyaga tashrifi doirasida Germaniya-O‘zbekiston iqtisodiy forumini o‘tkazishga muvaffaq bo‘ldik. O‘ylaymanki, 2024 yilda hamkorlik istagida bo‘lgan yangi hamkorlar qatori yanada kengayadi. Mehnat migratsiyasi borasida ham ikki davlat uchun katta hamkorlik salohiyati mavjud.  

Kamina 1999 yildan buyon O‘zbekistonga muntazam tashrif buyuraman, Buxoro, Xiva va Samarqand kabi qadimiy shaharlarga mehrim tushgan. Men o‘zimni  O‘zbekiston-Germaniya aloqalari rivojiga bag‘ishlagan insonlardan biri deb hisoblayman. Yaqinlashib kelayotgan Yangi yil bilan butun o‘zbek xalqini samimiy qutlayman.  

Shu bilan birga, mamlakatingiz Konstitutsiyasi qabul qilinganining 31 yilligi Germaniyada nishonlanishi davlatlarimiz o‘rtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlash, o‘zaro hurmat va do‘stlikka urg‘u berish, uzoq muddatli hamkorlikni qo‘llab-quvvatlashni muhokama qilish imkonini berdi.  

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA

Powered by GSpeech