29 dekabr kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida Yangi yil bayrami munosabati bilan tadbir bo‘lib o‘tdi. Milliy markaz kasaba uyushmasi tomonidan xodimlar va ularning farzandlariga sovg‘alar ulashildi.
Tadbirda yakuniga yetayotgan 2023 yilda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi faoliyatida muhim natijalar qo‘lga kiritilgani ta’kidlandi. Bunda O‘zbekiston Prezidentining 2023 yil 12 maydagi Farmoni ijrosi doirasida joriy yil davomida izchil tashkil etilgan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 75 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar targ‘iboti alohida o‘rin tutadi.
Mamlakatimizda 1-10 dekabr – "Inson huquqlari o‘n kunligi" deb e’lon qilindi. Bu tashabbus doirasida tashkil etilgan barcha huquqiy-ma’rifiy tadbirlar O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 31 yilligi, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 75 yilligi va 10 dekabr — Xalqaro inson huquqlari kuniga bag‘ishlandi.
Xususan, 4 dekabr kuni o‘tkazilgan bir guruh fuqarolar va tashkilotlar hamda xalqaro tashkilotlar vakillari – 16 nafar sovrindorni 2023 yilda «Inson huquqlari himoyasi uchun» ko‘krak nishoni bilan taqdirlash marosimi shular jumlasidandir. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan ta’sis etilgan “Inson huquqlari himoyasi uchun” ko‘krak nishoni sohadagi mas’uliyatli ishlarga yelkadosh bo‘layotgan fidoyi yurtdoshlarimiz va xorijiy hamkorlarni rag‘batlantirishda o‘ziga xos o‘rin tutadi.
Maktab, litsey va kollej o‘quvchilari, oliy o‘quv yurtlari talabalari o‘rtasida "Inson huquqlari bolalar nigohida" tanlovi o‘tkazildi va 1 dekabrda uning g‘oliblari taqdirlandi. Bu kabi tanlovlar orqali yosh avlodning inson huquqlari bo‘yicha tushuncha-tasavvurlarini yanada kengaytirishga alohida e’tibor qaratilgani juda muhim.
O‘n kunlik doirasida – 4 dekabr kuni “Inson huquqlari va erkinliklari sohasida ta’lim va innovatsiyalar” milliy tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi ham bo‘ldi. Mazkur tadbirni o‘tkazishda O‘zbekiston Prezidentining 2023 yil 7 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori talablaridan kelib chiqildi.
Bundan tashqari, ta’lim muassasalarida "Yangi O‘zbekiston va inson huquqlari" hamda "Yangi Konstitutsiya va inson huquqlari" mavzularida turli tadbirlar, jumladan umummilliy darslar, ma’naviyat soatlari, ochiq darslar va “master-klass”lar o‘tkazildi. Bundan maqsad yoshlarga inson huquqlari va konstitutsiyaviy huquq haqida batafsil ma’lumot berishdir.
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar axborot-kutubxona markazlarida “Konstitutsiya va inson huquqlari sohasidagi adabiyotlar” burchaklari tashkil qilinib, ularga zarur adabiyotlar beg‘araz taqdim etildi. Ushbu huquqiy-ma’rifiy ko‘rgazmalar yordamida aholiga inson huquqlari sohasidagi mavjud adabiyotlar va ma’lumotlarni muntazam negizda yetkazib turishga erishildi.
“Inson huquqlariga rioya etish va uni himoya qilishning xalqaro standartlari: amaliyot va hisobot” mavzusidagi o‘quv kursida ishtirok etgan va test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan tinglovchilarga sertifikatlar topshirildi.
Inson huquqlari sohasida ta’lim berish orqali yoshlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan o‘quv kurslarini o‘tkazishda faollik va tashabbuskorlik ko‘rsatgan hamkor tashkilotlarga tashakkurnomalar taqdim etildi.
Bu kabi tadbirlar mamlakatimizda inson huquqlarini yanada rivojlantirish, ayni sohadagi xalqaro tajribani izchil o‘rganish va amaliyotga tatbiq etishga xizmat qiladi.
Yig‘ilish yakunida yangi – 2024 yildagi rejalar haqida ham fikrlashib olindi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 29.12.2023
- Ko'rishlar: 3177
- Chop etish