Vatan himoyachilari kuniga o‘ziga xos tuhfa

“Xalq bilan armiya – bir tanu bir jon” nomli yangi jurnal tashkil etildi

Prezidentimiz tomonidan 2023 yil 14 dekabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 32 yilligi hamda Vatan himoyachilari kunini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoyishida hamda davlat rahbarimizning 22 dekabr kuni Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida so‘zlagan nutqida bugungi sertahlika zamonda yurtimiz tinchligini asrash, farzandlarimizning baxtli kelajagini ta’minlash, mamlakatimiz mudofaa qudratini yanada mustahkamlash borasida dolzarb vazifalar belgilangan.    

Bu boradagi vazifalar ijrosini ta’minlash bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasi tomonidan “Xalq bilan armiya – bir tanu bir jon” nomli yangi jurnal tashkil etildi va ushbu nashrning birinchi soni bosmadan chiqdi.  

Jurnalning ilk sahifasida Prezidentimizning: “Barchamiz Vatan, xalq va armiya bir-biriga yaqin va mushtarak ekanini har qachongidan ham teran his etmoqdamiz. Bu borada armiya va xalq birligini ta’minlashga qaratilgan mutlaqo yangi tuzilma – harbiy-ma’muriy sektorlar barcha hududlarda samarali faoliyat ko‘rsatayotgani g‘oyat muhim ahamiyatga ega bo‘lmoqda”, degan so‘zlari keltirilgan. Nashrning dastlabki sonida O‘zbekiston Respublikasi davlat Madhiyasi matni chop etilgan.  

Yozuvchilar uyushmasi axborot xizmatiga ko‘ra, o‘zbek, rus va ingliz tillarida chop etilgan mazkur ilmiy-amaliy va ommabop jurnalda mamlakatimizda Mudofaa va Qurolli Kuchlar sohasida amalga oshirilayotgan ishlar atroflicha yoritilgan.  

Jurnalning dastlabki sahifalarida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyidning “Milliy armiya – ma’naviy armiya” nomli maqolasi e’lon qilingan. Maqolada O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan Milliy armiyamizni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, harbiy-vatanparvarlik mavzusida yaratilayotgan asarlar, nashr etilayotgan kitoblar va ularning harbiy qismlarga beg‘araz hadya etilayotgani haqida keng ma’lumot berilgan. Maqola yakunida sevimli shoirimizning “Posbonlar” nomli she’ri berilgan.  

Jurnalda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vaziri, general-leytenant Bahodir Qurbonov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, akademik Akmal Saidov hamda davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlarining tabriklari chop etilgan.  

Turli xil ijtimoiy va badiiy ruknlarda berilgan dolzarb mavzulardagi maqolalar, she’rlar, hikmatli so‘zlar, harbiy sohani isloh qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqidagi hujjatli ma’lumotlar jurnal mazmun-mundarijasini boyitgan. Nashrning o‘ziga xos dizayni diqqatga sazovordir.    

“Xalq bilan armiya – bir tanu bir jon” nomli yangi jurnalning 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni arafasida nashr etilgani Vatan himoyachilari bayramiga munosib sovg‘a bo‘ldi.  

N. Usmonova, O‘zA

Powered by GSpeech