Inson manfaatlari hamma narsadan ustun degan tamoyil asosida mamlakatimizda juda ko‘plab xayrli ishlar amalga oshirilmoqda.
Bu borada o‘ndan ortiq huquqiy- normativ hujjat qabul qilingani va amaliyotga tatbiq etilgani so‘zimiz isboti.
Masalan, Konstitutsiyamizda inson huquq va erkinliklarini ta’minlash davlatning oliy maqsadi deb e’lon qilindi, inson huquqlariga oid normalar uch barobardan ortiqqa oshirildi.
Ayniqsa ayollar, bolalar, yoshlar va nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini himoya qilishga e’tibor kuchaytirildi hamda ijtimoiy adolat tamoyillariga konstitutsiyaviy maqom berildi.
Yaratilgan imkoniyatlar natijasida ko‘plab fuqarolar o‘z haq- huquqini talab qilib, tegishli tashkilotlarga murojaat yo‘llamoqda.
Xususan, o‘tgan davr mobaynida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markaziga yo‘llangan ko‘plab murojaatlar ijobiy hal etildi.
Masalan, M.S.ga tegishli haqni undirish borasida Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosiga kiritilgan tavsiya xatimizga binoan unga qarzdordan 22,5 million, shuningdek, fuqaro D.A.ga 3,5 million so‘m miqdorida aliment qarzdorligi undirib berildi.
Bundan tashqari, Farg‘ona viloyatida yashovchi fuqaro D.A. ning sud qarori asosida transport vositasiga yetkazilgan moddiy zarar undirilishida amaliy yordam so‘rab yozgan murojaati bo‘yicha sug‘urta kompaniyasiga kiritilgan tavsiya xati asosida 8 million 662 ming 876 so‘mlik moddiy zarar to‘lab berildi.
Fuqaro Sh.V.ning turmush o‘rtog‘i O.V.ga nogironlik guruhi tayinlanishi va nafaqaga chiqishida amaliy yordam so‘rab yo‘llagan murojaati yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligiga kiritilgan tavsiya xati asosida fuqaroga ikkinchi guruh nogironligi tayinlandi. «Hududgaz Farg‘ona» gaz ta’minoti korxonasi fuqaro A.M.ga gaz iste’moli uchun ortiqcha mablag‘ hisoblagan. Buzilgan haq-huquqini tiklashda yordam so‘rab, Markazga yo‘llagan arizasi asosida Viloyat prokuraturasiga tavsiya xati kiritilgan edi.
Prokuratura organi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasiga ko‘ra, jami 960 ming so‘m noreal qarzdorlik bartaraf etilgan hamda xonadondagi gaz hisoblagich yangisiga almashtirilgan.
Fuqaro A.N.ni bir guruh shaxslar urib, tan-jarohati yetkazgan. Ammo zo‘ravonlarga nisbatan chora ko‘rilmagan. Markazning aralashuvi bilan vaziyat nazoratga olinib, ish sudga oshirildi. Natijada, bezorilik sodir etgan shaxsga nisbatan tegishli jinoiy jazo tayinlanib, va jabrlanuvchi foydasiga 3 million 935 ming 500 so‘m zarar undirib berildi.
Ikkinchi guruh nogironligi bo‘lgan yolg‘iz ayol fuqaro N.S.ning moddiy jihatidan oilaviy ahvoli nihoyatda og‘irligi, kasalligi tufayli ro‘yxatda turishi va muntazam ravishda davo muolajalari olib turishi lozimligini bildirib, amaliy yordam so‘rab, yozgan murojaati bo‘yicha Buxoro viloyati hokimligiga tavsiya xati asosida «Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasidan moddiy yordam ajratilishiga erishildi.
Umuman olganda, bunday misollarni yana ko‘plab keltirish mumkin va bu hozirgi kunda fuqarolarning davlat organlari va muassasalariga murojaat qilish huquqlarini to‘liq amalga oshirish masalasi davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylanganidan dalolat, albatta.
Farida HAQBERDIYEVA,
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi
Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash bo‘limi bosh mutaxassisi
«Ishonch» gazetasining 2024 yil 13 yanvar kungi 7-8 (4916)-soni
- Qo'shildi: 15.01.2024
- Ko'rishlar: 2900
- Chop etish