Nizomiy Ganjaviy nomidagi “Barqaror taraqqiyot va yashil iqtisodiyot” tadqiqot markazida amaliy muloqot bo‘lib o‘tdi

Mamlakatimiz delegatsiyasi Boku shahrida 2024 yil 24 yanvar kuni ochilgan “Ozarbayjon Respublikasida O‘zbekiston fani va madaniyati kunlari” doirasidagi madaniy-ma’rifiy tadbirlarda ishtirok etmoqda.

Delegatsiya rahbari – O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov 25 yanvar kuni Ozarbayjon Davlat iqtisodiyot universitetining Nizomiy Ganjaviy nomidagi “Barqaror taraqqiyot va yashil iqtisodiyot” tadqiqot markaziga tashrif buyurdi.

Nizomiy Ganjaviy nomidagi “Barqaror taraqqiyot va yashil iqtisodiyot” tadqiqot markazi 2021 yil 16 iyunda tashkil topgan. Markaz tarkibi Ijrochi direktor, Kuzatuv kengashi va tadqiqotchilardan iborat. Kuzatuv kengashida davlat oranlari, xususiy sektor, ilmiy doiralar va nodavlat tashkilotlar vakillari jamlangan.

“Barqaror taraqqiyot va yashil iqtisodiyot” tadqiqot markazi o‘z faoliyati doirasida asosan beshta muhim maqsadga erishishni ko‘zlaydi. Bu o‘rinda, birinchidan, Ozarbayjonning barqaror taraqqiyot va yashil iqtisodiyot sohalari bo‘yicha inson kapitalini rivojlantirish; ikkinchidan, mamlakatning ayni sohalardagi ilmiy tadqiqot salohiyatini mustahkamlash; uchinchidan, “biznes-ilmiy tadqiqot-taraqqiyot” formulasi asosida tegishli sohalarga oid kashfiyot va innovatsiyalarni rag‘batlantirish; to‘rtinchidan, davlat organlari bilan xususiy sektor, ilmiy doiralar va nodavlat tashkilotlar o‘rtasida barqaror taraqqiyot va yashil iqtisodiyot sohalaridagi o‘zaro hamkorlikni qo‘llab-quvvatlash; beshinchidan, jamiyatning bu boradagi xabardorligini izchil oshirish masalalari haqida so‘z bormoqda.

A. Saidov bilan “Barqaror taraqqiyot va yashil iqtisodiyot” tadqiqot markazi rahbariyati o‘rtasida samimiy va amaliy muloqot bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv davomida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan Nizomiy Ganjaviy nomidagi “Barqaror taraqqiyot va yashil iqtisodiyot” tadqiqot markazining o‘zaro hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Tomonlar kelgusida Hamkorlik memorandumini tasdiqlash haqida kelishib oldilar.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech