SHAXSGA DOIR MA’LUMOTLAR HIMOYASI: XALQARO HUQUQ, MILLIY QONUNCHILIK VA AMALIY TAJRIBA

28 yanvar – Xalqaro shaxsga doir

ma’lumotlarni himoya qilish kuni

 

Butun dunyoda 2007 yildan buyon har yili 28 yanvar – Xalqaro shaxsga doir ma’lumotlarni himoya qilish kuni (Data Protection Day) sifatida nishonlanadi.

Ayrim mamlakatlarda u «Maxfiylik kuni» (Data Privacy Day) degan nom bilan ham bayram qilinadi. Mazkur sana Internet tarmog‘idan foydalanuvchilar bu boradagi odob-axloq qoidalariga amal qilishlari virtual va real hayot xavfsizligini ta’minlashga ko‘maklashishini unutmasliklari uchun ta’sis etilgan.

 

Ushbu xalqaro sananing tarixi va ahamiyati

 

Ayni kunni nishonlash to‘g‘risidagi qaror Yevropa Kengashining Vazirlar qo‘mitasi tomonidan 2006 yil 26 aprelda qabul qilingan. Binobarin, u Yevropa Kengashining Shaxslarni shaxsga doir ma’lumotlariga avtomatlashtirilgan tarzda ishlov berilishi munosabati bilan himoya qilish to‘g‘risidagi konvensiyasi qabul qilingan 1981 yil 28 yanvar kuniga muvofiq ravishda tanlangan.

Mazkur Konvensiya shaxsga doir ma’lumotlarni himoya qilish sohasida majburiyat yuklaydigan birinchi xalqaro vosita hisoblanadi. Unda, shaxsiy hayot daxlsizligini nazarda tutgan holda, inson huquqlarini himoya qilish mexanizmlari belgilab berilgan. Shuningdek,  “shaxsga doir ma’lumotlar” tushunchasiga aniqlik kiritilgan.

Shaxsga doir ma’lumotlar – inson haqidagi har qanday ma’lumotlardan iborat. Shaxsga doir ma’lumotlar uch turga: birinchidan, umumiy ma’lumotlar; ikkinchidan, maxsus ma’lumotlar; uchinchidan, biometrik ma’lumotlarga bo‘linadi.

Umumiy ma’lumotlar qatoriga insonning ism-familiyasi, pasporti va boshqa shaxsiy hujjatlaridagi qaydlar, tug‘ilgan sanasi va joyi, e-mail manzili, yashash, o‘qish va ishlash joylari, oilaviy, ijtimoiy va mulkiy holati, qaerda ta’lim olgani, qaysi kasb egasi ekanligi, daromadi qanchaligi kabi ma’lumotlar kiradi.

Telefon raqamlari faqat egasining ism-familiyasi bilan birga qayd etilgan hollardagina shaxsga doir ma’lumotlar toifasiga mansub bo‘ladi. Transport vositasining davlat raqami, kommunal-turarjoy xo‘jaligining hisob raqami kabilar esa shaxsga doir ma’lumot hisoblanmaydi. Chunki ulardan birinchisi – bevosita avtomobilga tegishli bo‘lsa, ikkinchisi – uy-joyga taalluqlidir.

Maxsus ma’lumotlar deganda, shaxsning irqiy va milliy mansubligi, siyosiy, diniy va falsafiy qarashlari, sog‘ligining holati, intim, ya’ni maishiy hayoti bilan bog‘liq ma’lumotlar tushuniladi.

Biometrik ma’lumotlar – insonning shaxsini aniqlash imkonini beradigan fiziologik va biologik xususiyatga ega shaxsiy ma’lumotlardir. Masalan, shaxsning DNKsi, ovozi, ko‘z qorachig‘i, barmoq izlari, yuz qiyofasi, bo‘yi, vazni bilan bog‘liq ma’lumotlar shular jumlasiga kiradi.

 

Shaxsga doir ma’lumotlar: tushuncha va atamalar

 

Milliy qonunchiligimizda, «Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida»gi qonunga muvofiq, ushbu sohani huquqiy tartibga solishda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:

amaliy dasturiy ta’minot — aniq predmet sohasi bo‘yicha muayyan masalalar sinfini yechishga mo‘ljallangan dasturlar majmuasidir (Access, Oracle va hokazo);

biometrik ma’lumotlar — sub’ektning anatomik va fiziologik o‘ziga xos xususiyatlarini tavsiflovchi shaxsga doir ma’lumotlar;

genetik ma’lumotlar — sub’ektning nasldan-naslga o‘tgan yoki orttirilgan xususiyatlariga taalluqli bo‘lgan, sub’ektning biologik qiyofasini tahlil qilish yoki muqobil axborot olish imkonini beradigan boshqa elementni tahlil qilish natijasi bo‘lgan shaxsga doir ma’lumotlar;

maxsus ma’lumotlar — irqiy yoki ijtimoiy kelib chiqishga oid ma’lumotlar, siyosiy, diniy yoki dunyoqarashga oid e’tiqodlar, siyosiy partiyalar va kasaba uyushmalariga a’zolik to‘g‘risidagi ma’lumotlar, shuningdek jismoniy yoki ruhiy (psixik) salomatlikka taalluqli ma’lumotlar, shaxsiy hayot va sudlanganlik to‘g‘risidagi ma’lumotlar shaxsga doir maxsus ma’lumotlardir;

tizimli dasturiy ta’minot — kompyuterning va kompyuter tarmoqlarining ishini ta’minlovchi dasturlar majmuasi (operatsion tizimlar, drayverlar, utilitalar, arxivatorlar va boshqalar);

hamma foydalanishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlar — sub’ektning roziligi bilan erkin foydalanilishi mumkin bo‘lgan yoki maxfiylikka rioya etishga doir talablar tatbiq etilmaydigan ma’lumotlar.

ma’lumotlarni elektron ko‘rinishda saqlaydigan moddiy jismlar — moslashuvchan magnit disklar, optik disklar, qattiq (olinmaydigan) magnit disklar, elektron xotirali disklar (flesh), autentifikatsiyaning elektron vositalari (tokenlar, planshetlar va boshqalar);

moddiy jismlar — shaxsga doir ma’lumotlarni tashkil etuvchi axborot qayd etilgan moddiy jismlar, shu jumladan hajmli jismlar, shaxsga doir ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan hujjatlar;

shaxsga doir ma’lumotlar — muayyan jismoniy shaxsga taalluqli bo‘lgan yoki uni identifikatsiya qilish imkonini beradigan, elektron tarzda, qog‘ozda va (yoki) boshqa moddiy jismda qayd etilgan axborot;

shaxsga doir ma’lumotlar bazasi (ma’lumotlar bazasi) — tarkibida shaxsga doir ma’lumotlar mavjud bo‘lgan axborot tizimi tarzidagi ma’lumotlar bazasi;

shaxsga doir ma’lumotlar bazasining mulkdori (mulkdor) — shaxsga doir ma’lumotlar bazasiga egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish huquqiga ega bo‘lgan davlat organi, jismoniy va (yoki) yuridik shaxs;

shaxsga doir ma’lumotlar bazasining operatori (operator) — shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berishni amalga oshiruvchi davlat organi, jismoniy va (yoki) yuridik shaxs;

shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berish — shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ish, tizimlashtirish, saqlash, o‘zgartirish, to‘ldirish, ulardan foydalanish, ularni berish, tarqatish, uzatish, egasizlantirish va yo‘q qilish bo‘yicha bir harakatni yoki harakatlar majmuini amalga oshirish;

shaxsga doir ma’lumotlar sub’ekti (sub’ekt) — shaxsga doir ma’lumotlar o‘ziga taalluqli bo‘lgan jismoniy shaxs;

qog‘oz yoki plastmassadan iborat moddiy jismlar — qog‘oz asosida chop etilgan matnli, grafik va boshqa ma’lumotlar, plastik kartalar va boshqalar.

 

“Shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berish” nima degani?

 

Shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berish shaxsga doir ma’lumotlarga nisbatan amalga oshiriladigan har qanday xatti-harakatlarni o‘zida qamraydi. Shaxsga doir ma’lumotlarni: to‘plash; yozish; tizimlashtirish; jamg‘arish; saqlash; aniqlashtirish – yangilash va o‘zgartirishlar kiritish; ko‘chirma olish; foydalanish; uzatish, ya’ni tarqatish, taqdim etish, tanishish imkonini yaratish; shuningdek, shaxssizlantirish; bloklash; o‘chirib tashlash; yo‘q qilish shular jumlasidandir.

Misol uchun, ish beruvchi o‘z xodimi bilan mehnat shartnomasini tuzishi asnosida kadrlar bo‘limida o‘sha xodimning shaxsiy hujjatlaridan nusxalar jamlangan “papka” yuzaga keladi. Demak, ish beruvchi shaxsga doir ma’lumotlarni to‘plash, yozish va saqlash bilan bog‘liq harakatlarni amalga oshiradi.

Ish beruvchi o‘z xodimining tashrif qog‘oziga buyurtma berish uchun uning shaxsga doir ma’lumotlarini bosmaxonaga yubordi, deylik. Bunda u shaxsga doir ma’lumotlarni uzatgan bo‘ladi.

Yana bir misol: sotuvchi o‘z xaridorlariga oid ma’lumotlar jamlangan hujjatlarni yoqib yuborar ekan, shaxsga doir ma’lumotlarni yo‘q qiladi.

Yoki bo‘lmasa, sotuvchi va xaridor Internet orqali mahsulot savdosi jarayonida sayt egasiga o‘zlarining shaxsga doir ma’lumotlari – ism-familiya, manzil, pochta va telefon raqamlarini taqdim etganiga to‘xtalaylik. Bu ma’lumotlar o‘sha saytning elektron xotirasida saqlanadi – demak, sayt egasi shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ish, yozish va saqlash bilan shug‘ullangan bo‘ladi.

Ushbu misollardan yana bir oddiy haqiqat ayon bo‘lmoqda. Ya’ni, shaxsga doir ma’lumotlar nafaqat qog‘ozda, balki elektron manbalarda ham saqlanishi mumkin.

 

Xalqaro huquq va Konstitutsiya normalari

 

Xalqaro shartnomalarning aksariyatida shaxsning shaxsiy yoki oilaviy sirini tashkil etuvchi shaxsiy hayoti haqidagi ma’lumotlarni uning roziligisiz noqonuniy yig‘ish yoki hammaga oshkor qilish yoxud bu xabarlarni jamoat oldida so‘zga chiqishda, ommaviy namoyish qilinuvchi asarda yoki ommaviy axborot vositalarida tarqatish yoki boshqa maqsadlarda foydalanish taqiqlanishini ko‘zda tutadigan tegishli normalar mavjud.

Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi 12-moddasiga muvofiq: “Hech kimning shaxsiy va oilaviy hayotiga o‘zboshimchalik bilan aralashish, uy-joyi daxlsizligiga, uning yozishmalaridagi sirlarga yoki uning nomusi va sha’niga o‘zboshimchalik bilan tajovuz qilinishi mumkin emas”.

Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 31-moddasida:

“Har bir inson shaxsiy hayotining daxlsizligi, shaxsiy va oilaviy sirga ega bo‘lish, o‘z sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish huquqiga ega.

Har  kim  yozishmalari,  telefon  orqali  so‘zlashuvlari,  pochta,  elektron  va  boshqa xabarlari sir saqlanishi huquqiga ega. Ushbu huquqning cheklanishiga faqat qonunga muvofiq va sudning qaroriga asosan yo‘l qo‘yiladi.

Har kim o‘z shaxsiga doir ma’lumotlarning himoya qilinishi huquqiga, shuningdek noto‘g‘ri ma’lumotlarning tuzatilishini, o‘zi to‘g‘risida qonunga xilof yo‘l bilan to‘plangan yoki huquqiy asoslarga ega bo‘lmay qolgan ma’lumotlarning yo‘q qilinishini talab  qilish huquqiga ega”, deb belgilangan.

Ushbu modda matnidagi aynan “inson shaxsiy hayotining daxlsizligi”, “shaxsiy va oilaviy sirga ega bo‘lish”, “o‘z sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish” hamda “yozishmalar,  telefon  orqali  so‘zlashuvlar,  pochta,  elektron  va  boshqa xabarlar sir saqlanishi huquqi”, “shaxsiga doir ma’lumotlarning himoya qilinishi huquqi” degan iboralar zamirida shaxsga doir ma’lumotlarni himoya qilishga oid konstitutsiyaviy talablar o‘z mujassamini topgan.

Shu o‘rinda mamlakatimizda amalga oshirilgan konstitutsiyaviy islohot asnosida Asosiy Qonunimizni inson huquqlarini, jumladan, shaxsga doir ma’lumotlarni yanada keng darajada himoyalaydigan normalar bilan boyitishga alohida e’tibor qaratilganini ta’kidlash lozim. Xususan, umumxalq muhokamasidan o‘tkazilgan va referendumda yangi tahrirda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi insonning shaxsiy hayoti daxlsizligini, ya’ni har bir jismoniy shaxsning o‘zi haqidagi axborot, shaxsiga doir ma’lumotlar, shaxsiga, ahli oilasiga oid xabarlar uning roziligisiz oshkor etilmasligini to‘g‘ridan-to‘g‘ri kafolatlaydigan yangi konstitutsiyaviy normalar bilan to‘ldirildi.

Konstitutsiyaviy islohotlar tufayli inson qadrini ulug‘lash, avvalo, har bir insonning shaxsiy huquq va erkinliklari, xususan, shaxsiy hayoti, sha’ni, qadr-qimmati, obro‘si, ishchanlik darajasi, jamiyatda tutgan mavqeini yuksaltirish hamda shaxsga doir ma’lumotlar daxlsizligini ta’minlashga qaratilgan bunday konstitutsiyaviy-huquqiy sa’y-harakatlarning mohiyati ham, ahamiyati ham kattadir.

 

Shaxsga doir ma’lumotlar va milliy qonunchilik

 

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz asosida milliy qonunchilikni ham takomillashtirish jarayonlari allaqachon boshlanib ketdi. Binobarin, “Amaldagi qonunlarimizda shaxsga doir ma’lumotlar masalasi qay taxlit o‘z aksini topgan?”, degan savol tug‘ilishi tabiiy.

Bu o‘rinda mamlakatimizda, birinchi navbatda, 2019 yil 1 oktyabrdan “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi qonun kuchga kirganini qayd etish maqsadga muvofiqdir. Bu qonunga binoan:

“Shaxsga doir ma’lumotlar jismoniy shaxsga taalluqli bo‘lgan yoki uni identifikatsiya qilish imkonini beradigan, elektron tarzda, qog‘ozda va (yoki) boshqa moddiy jismda qayd etilgan axborot hisoblanadi”[1].

Qonuning ayrim eng muhim normalariga to‘xtalamiz. Xususan:

  • Hukumat huzuridagi Davlat personallashtirish markazi shaxsga doir ma’lumotlar sohasidagi vakolatli davlat organi etib belgilangan;
  • shaxsga doir ma’lumotlar bazalari davlat reestrida ro‘yxatdan o‘tkazilishi lozim;
  • davlat shaxsga doir ma’lumotlarning himoya qilinishini kafolatlaydi;
  • jismoniy shaxsning roziligisiz yoki boshqa qonuniy asos mavjud bo‘lmagani holda shaxsga doir ma’lumotlarni oshkor etish va tarqatishga yo‘l qo‘yilmaydi.

O‘zbekiston Prezidenti 2021 yil 14 yanvar kuni «Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida»gi qonunga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Shu asosda amaldagi qonun «O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining shaxsiy ma’lumotlarini qayta ishlashning alohida shartlari» nomli 27-1-modda bilan to‘ldirildi.

Mazkur yangi moddaga ko‘ra, “Mulkdor va (yoki) operator O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining shaxsga doir ma’lumotlariga axborot texnologiyalaridan foydalangan holda ishlov berishda, shu jumladan Internet jahon axborot tarmog‘ida ishlov berishda ularning jisman O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan texnik vositalarda hamda belgilangan tartibda Shaxsga doir ma’lumotlar bazalarining davlat reestrida ro‘yxatdan o‘tkazilgan shaxsga doir ma’lumotlar bazalarida yig‘ilishini, tizimlashtirilishini va saqlanishini ta’minlashi shart”[2].

Qonunning 7-moddasi, ya’ni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining shaxsga doir ma’lumotlar sohasidagi vakolatlariga taalluqli normalar ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2022 yil 5 oktyabrda “Shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berish sohasidagi ayrim normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaror qabul qilingan.

Mazkur qaror bilan sohaga oid ikkita muhim normativ-huquqiy hujjat tasdiqlandi. Bulardan biri – “Shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berishda ularning himoya qilinganlik darajasini belgilash to‘g‘risidagi nizom” bo‘lsa, ikkinchisi – “Biometrik va genetik ma’lumotlar mavjud bo‘lgan moddiy jismlarga hamda bunday ma’lumotlarni shaxsga doir ma’lumotlar bazalaridan tashqarida saqlash texnologiyalariga oid talablar to‘g‘risidagi nizom”dir[3].

Birinchi Nizom shaxsga doir ma’lumotlar bazasi mulkdor va operatorlari tomonidan shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berishda ushbu ma’lumotlarning xavfsizligiga bo‘lgan tahdidlardan kelib chiqib, ularning himoya qilinganlik darajasini belgilaydi. Unga ko‘ra, “Shaxsga doir ma’lumotlar xavfsizligini ta’minlash mulkdor va (yoki) operatorlar yoxud ular mas’ul etib belgilagan shaxslar tomonidan amalga oshiriladi”.

Ikkinchi Nizomda biometrik va genetik ma’lumotlar mavjud bo‘lgan moddiy jismlarga hamda bunday ma’lumotlarni shaxsga doir ma’lumotlar bazalaridan tashqarida saqlash texnologiyalariga oid talablar belgilab berilgan. Mazkur Nizom talabiga binoan, “Biometrik va genetik ma’lumotlarga ishlov berish maqsadida foydalaniladigan har qanday moddiy jismlar qonunchilikda belgilangan tartibda «maxfiy» yoki «xizmat doirasida foydalanish uchun» grifi bilan belgilanishi lozim”.

Bunga qadar – 2002 yil 12 dekabrda qabul qilingan “Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunning 13-moddasida shaxsning axborot borasidagi xavfsizligiga oid normalar belgilangan. Xususan: Shaxsning axborot borasidagi xavfsizligi uning axborotdan erkin foydalanishi zarur sharoitlari va kafolatlarini yaratish, shaxsiy hayotiga taalluqli sirlarini saqlash, axborot vositasida qonunga xilof ravishda ruhiy ta’sir ko‘rsatilishidan himoya qilish yo‘li bilan ta’minlanadi.

Jismoniy shaxslarga taalluqli shaxsiy ma’lumotlar maxfiy axborot toifasiga kiradi.

Jismoniy shaxsning roziligisiz uning shaxsiy hayotiga taalluqli axborotni, xuddi shuningdek shaxsiy hayotiga taalluqli sirini, yozishmalar, telefondagi so‘zlashuvlar, pochta, telegraf va boshqa muloqot sirlarini buzuvchi axborotni to‘plashga, saqlashga, qayta ishlashga, tarqatishga va undan foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi, qonunchilikda belgilangan hollar bundan mustasno.

Jismoniy shaxslar to‘g‘risidagi axborotdan ularga moddiy zarar va ma’naviy ziyon yetkazish, shuningdek ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari ro‘yobga chiqarilishiga to‘sqinlik qilish maqsadida foydalanish taqiqlanadi.

Fuqarolar to‘g‘risida axborot oluvchi, bunday axborotga egalik qiluvchi hamda undan foydalanuvchi yuridik va jismoniy shaxslar bu axborotdan foydalanish tartibini buzganlik uchun qonunda nazarda tutilgan tarzda javobgar bo‘ladilar.

Ommaviy axborot vositalari axborot manbaini yoki taxallusini qo‘ygan muallifni ularning roziligisiz oshkor etishga haqli emas. Axborot manbai yoki muallif nomi faqat sud qarori bilan oshkor etilishi mumkin”[4].

 

Sun’iy intellektning shaxsga doir ma’lumotlar daxlsizligiga ta’siri qanday?

 

Keyingi yillarda sun’iy intellekt texnologiyalarining yangi avlodi dunyoga keldi. Ayniqsa, “dipfeyk”, ya’ni neyrotarmoqlar yordamida tayyorlanadigan va asliyatdagidan deyarli farqlab bo‘lmaydigan foto-, audio- va videomateriallar yaratishga hamda ovozni klonlashtirishga qodir o‘ta zamonaviy texnologiya vositalari o‘zining takomillashuv cho‘qqisiga chiqdi.

Yana bir e’tiborli yangilik shuki, 2024 yil sun’iy intellekt uchun juda muhim yil bo‘lishi kutilmoqda. Chunki CHatGPTning yangi versiyasi chiqariladi va u yanada ko‘proq turdagi ma’lumotlarni yaratishga qodir bo‘ladi, degan bashoratlar mavjud.

Sun’iy intellekt qanday olamshumul darajada rivojlanayotgan bo‘lsa, o‘z navbatida, uni tartibga solishga qaratilgan chaqiriqlar ham shunday ko‘lamda izchil ortayapti. BMTning yangi tashkil topgan tuzilmasi – Sun’iy intellekt bo‘yicha maslahatlashuv organi ayni shu masalalar bilan shug‘ullanmoqda.

Maslahatlashuv organi mutaxassislari qayd etganlaridek, BMTga a’zo davlatlar sun’iy intellekt afzalliklarini bir ovozdan tan olgan. Bunda ushbu sohani rivojlantirish borasida global ko‘lamda ortda qolib ketmaslik va sun’iy intellekt insonlarga foyda keltirishini kafolatlash zarurligiga e’tibor qaratilgani,  shuningdek, sun’iy intellektni innovatsiyalar rivojiga to‘siq bo‘lmaydigan hamda insonning asosiy huquqlariga tahdid solmaydigan tarzda tartibga solish borasida yakdil fikrga kelingani juda muhim.

BMT ekspertlarining ta’kidlashicha, sun’iy intellekt demokratiyani rag‘batlantirishning eng muhim vositasiga aylanish imkoniga ega. Chunki u orqali insoniyat asrlar davomida to‘plagan behisob bilimlardan barcha birdek foydalana oladi.

Shu bilan birga, sun’iy intellektni tanqid qiluvchilar fikricha, ayni sohadagi texnologiyalar taraqqiyoti internetdagi shusiz ham og‘ir vaziyat yanada yomonlashishiga, ya’ni odamlar osongina ishonadigan g‘irt yolg‘on axborot hajmining haddan ortiq ko‘payishiga olib keladi. Buning oqibatida jamoatchilikning yangiliklar va axborotga bo‘lgan ishonchiga uzil-kesil putur yetadi.

Misol uchun, yaqinda Standart nashri tarqatgan xabarga qaraganda,  britaniyalik olimlar foydalanuvchilarni shaxsiy ma’lumotlarni chat-botlar bilan almashmaslikka chaqirgan. Oksford universiteti (Buyuk Britaniya) kompyuter fanlari professori Maykl Vuldrijning so‘zlariga ko‘ra, CHatGPT kabi chat-botlar "juda aniq" bo‘lib, foydalanuvchi so‘ragan so‘rovlarni bajaradi. Bunda bot kelajakda boshqa foydalanuvchilarning so‘rovlariga javob berishda iste’molchilarning shaxsiy ma’lumotlaridan foydalanishi mumkin.

Shuning uchun M.Vuldrij chat-botlarning xavfliligi haqida ogohlantirmoqda. Unga ko‘ra, to‘plangan barcha ma’lumotlar saqlanadi va chat-botning keyingi avlodiga o‘tkaziladi. Bunda tizimga tasodifan yuklangan maxfiy ma’lumotlarni o‘chirib bo‘lmaydi[5].

Haqiqatan ham, bugungi globallashuv jarayonlarida shaxsning shaxsiy yoki oilaviy sirini tashkil etuvchi shaxsiy hayoti to‘g‘risidagi ma’lumotlarni uning roziligisiz qonunga xilof ravishda yig‘ish yoki tarqatish holatlari bot-bot kuzatilmoqda. Ayrim ommaviy axborot vositalari yoki ba’zi bir blogerlar shaxsning obro‘si, sha’ni va qadr-qimmatini tushiradigan axborot tarqatganligi uchun sud oldida javobgar bo‘layotgani ham statistik ma’lumotlarda ko‘rinib qolmoqda.

Bunday holatlar nimadan dalolat beradi? Demak, 28 yanvar – Xalqaro shaxsga doir ma’lumotlarni himoya qilish kuni o‘tgan 17 yillik muddat ichida nafaqat o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan, balki yanada dolzarblashib bormoqda. Shunday ekan, har birimiz ushbu muhim xalqaro sananing mohiyati va ahamiyatini targ‘ib etishdek ezgu ishga imkon qadar hissa qo‘shaylik.

 

Ғулом МИРЗО

 

[1] Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 03.07.2019 y., 03/19/547/3363-son; 15.01.2021 y., 03/21/666/0032-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021 y., 03/21/683/0375-son; 29.11.2023 y., 03/23/880/0905-son.

[2] Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 03.07.2019 y., 03/19/547/3363-son; 15.01.2021 y., 03/21/666/0032-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021 y., 03/21/683/0375-son; 29.11.2023 y., 03/23/880/0905-son.

[3] Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 06.10.2022 y., 09/22/570/0900-son.

[4] O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2003 y., 1-son, 2-modda; 2015 y., 52-son, 645-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 19.04.2018 y., 03/18/476/1087-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021 y., 03/21/683/0375-son.

[5] https://kun.uz/news/2024/01/10/buyuk-britaniyalik-olimlar-chat-botlarning-xavfliligi-haqida-ogohlantirdilar

Powered by GSpeech