Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida “Inson huquqlari bo‘yicha milliy qonunchilik” mavzusida sayyor o‘quv mashg‘uloti o‘tkazildi. Unda Huquqni muhofaza qilish akademiyasining magistratura bosqichida tahsil olayotgan 20 nafar tinglovchi ishtirok etdi.
Ushbu mashg‘ulot huquqshunoslarni Milliy markazning inson huquq va erkinliklari, qadr-qimmatini himoya qilish borasidagi faoliyati hamda inson huquqlari bo‘yicha xalqaro majburiyatlarning bajarilishi holati bilan yaqindan tanishtirish maqsadida tashkil etildi.
Tinglovchilarga inson huquqlarini himoya etish va hurmat qilish masalasi milliy qonunchiliqda qanday aks ettirilganligi haqida ma’lumot berildi. Bunda, avvalo, mamlakatimizda «Inson qadri uchun» degan ezgu g‘oyani to‘liq ro‘yobga chiqarish, milliy qonunchilik va huquqiy amaliyotni inson huquqlari sohasidagi umume’tirof etilgan xalqaro standartlarni, BMTning ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalarining tavsiyalarini hisobga olgan holda takomillashtirish, jamiyatda inson huquqlari madaniyatini qaror toptirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar davom etayotganligi ta’kidlandi.
Sayyor o‘quv mashg‘uloti jarayonida Milliy markaz faoliyatining tashkil etilishi bilan bog‘liq muhim ma’lumotlar taqdim etildi. Milliy ma’ruzalarni tayyorlash mexanizmlari, xorijiy ekspertlarning inson huquqlarini ta’minlashga doir tavsiyalari, inson huquqlarini himoya qilish borasida Milliy markaz bilan prokuratura organlarining hamkorligi xususida so‘z yuritildi.
Xususan, 2023 yil davomida inson huquqlari bo‘yicha xalqaro shartnomalarning bajarilishi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasining 4 ta milliy ma’ruzasi BMTning inson huquqlari bo‘yicha ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalariga taqdim qilinganligi qayd etildi. BMTning ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalari hamda boshqa mexanizmlarining tavsiyalarini amalga oshirish maqsadida 5 ta milliy harakatlar rejasining ijrosi monitoring qilinganligiga e’tibor qaratildi.
Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tinglovchilari inson huquqlari sohasida olib borilayotgan ilmiy tadqiqot ishlari haqidagi ma’lumotlar bilan tanishdilar.
Tadbir davomida tinglovchilar inson huquqlari bo‘yicha tadqiqot va faollik sohasida yetakchi mutaxassislar boshchiligidagi bir qator mahorat darslari, seminarlar va interfaol sessiyalarda faol ishtirok etdi. O‘qv dasturi ularga inson huquqlari bo‘yicha milliy qonunchilikning barcha jihatlarini chuqur o‘rganish va ushbu huquqiy tamoyillarning hayotga tatbiq qilish yuzasidan ko‘nikmalarini oshirish uchun noyob imkoniyatni taqdim etdi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 29.01.2024
- Ko'rishlar: 2900
- Chop etish