Milliy markaz bilan Migratsiya bo‘yicha xalqaro tashkilot o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi

31 yanvar kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidovning Migratsiya bo‘yicha xalqaro tashkilot Mintaqaviy ofisining migratsiyaviy himoya va yordam bo‘yicha mutaxassisi X.Komenda bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda Migratsiya bo‘yicha xalqaro tashkilot Mintaqaviy ofisining migratsiyaviy himoya va yordam bo‘yicha bo‘limi katta yordamchisi Kseniya Rijkova ham ishtirok etdi.

Muloqot avvalida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan inson huquqlarini ta’minlash, jumladan, migrantlar huquqlarini himoya qilish va odam savdosiga qarshi kurashish sohalarida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida so‘z yuritildi. Migratsiya bo‘yicha xalqaro tashkilot va uning Mintaqaviy ofisi bilan so‘nggi yillarda o‘zaro yaqin hamkorlikda amalga oshirilgan loyihalar samaradorligi yuzasidan atroflicha ma’lumotlar berildi.

O‘z navbatida, X.Komenda Migratsiya bo‘yicha xalqaro tashkilotning 2024 yilda inson huquqlari va migrantlar huquqlarini himoya qilish sohasida amalga oshirishi rejalashtirilgan loyihalarga to‘xtaldi. Bu boradagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.

Tomonlar o‘rtasida 2024-2025 yillarda “Zaif qatlamdagi migrantlarni himoya qilish masalalari” mavzusida seminar-treninglar o‘tkazish masalasi ko‘rib chiqildi. Bo‘lajak tadbir davlat organlari va fuqarolik jamiyati vakillari uchun tashkil etilishi muhimligi ta’kidlandi.

Shuningdek, odam savdosi, migrantlar huquqlarini himoya qilish sohasidagi xalqaro shartnomalar matnini o‘zbek tiliga tarjima qilish va nashr etish, migratsiya huquqi bo‘yicha o‘quv modulini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Milliy markazda o‘tkazilgan mazkur uchrashuv X.Komendaning joriy yil 28 yanvar – 3 fevral mobaynida O‘zbekistonga tashrifi doirasida tashkil etildi. Tashrifdan ko‘zlangan maqsad zaif qatlamdagi migrantlarni himoya qilish masalalari va kelgusidagi hamkorlik yo‘nalishlarini muhokama qilishdan iboratdir.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech