Akmal Saidov Doha shahrida Qatar parlamenti Raisi bilan uchrashdi

7 fevral kuni Doha shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov Qatar davlati Sho‘ro Kengashi (parlamenti) Raisi Hassan bin Abdulla al-G‘onim bilan uchrashdi.

Uchrashuvda, shuningdek, Qatar Sho‘ro Kengashining O‘zbekiston Respublikasi bilan hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo do‘stlik guruhi rahbari Ahmad bin Xitmi al-Xitmi va parlamentlararo do‘stlik guruhining barcha a’zolari ishtirok etdi.

Uchrashuv boshida Hassan bin Abdulla al-G‘onim O‘zbekiston delegatsiyasiga tashrif uchun chuqur minnatdorchilik izhor qildi. Davlatlarimiz rahbarlarining do‘stona, yaqin aloqalari xalqlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarni yangi mazmun bilan boyitib, barcha sohalar qatori parlamentlararo hamkorlikni ham yanada chuqurlashtirish va kengaytirishda muhim omil bo‘layotganini mamnuniyat bilan e’tirof etdi.

Qatar parlamenti Raisi davlatlarimiz o‘rtasidagi parlamentlararo aloqalarni mustahkamlashda o‘zaro manfaatli hamkorlikni izchil kengaytirish va faollashtirishdan ikki tomon ham manfaatdor ekanligini hamda bunda parlamentlarning “Do‘stlik guruhlari” muhim o‘rin tutayotganini ta’kidladi. Jumladan, parlamentlarimizning do‘stlik guruhlari o‘rtasida videokonferensiya tarzida onlayn-uchrashuvlar tashkil etilayotganini misol keltirib, yaqin orada amalga oshiriladigan tashriflar asnosida ikki tomon parlament a’zolari yuzma-yuz ko‘rishishlariga ham ishonch bildirdi.

Shuningdek, suhbat davomida 2023 yilda Toshkent va Doha shaharlarida ikki davlat elchixonalarining ochilganligi qayd etildi. Mamlakatlarimiz o‘rtasida hademay to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarning yo‘lga qo‘yilishi o‘zaro munosabatlarimizni yanada mustahkamlashga xizmat qilishi haqida so‘z yuritildi.

Shu bilan birga, Hassan bin Abdulla al-G‘onim Falastin davlatidagi gumanitar vaziyatga to‘xtaldi. G‘azo sektoridagi janglar natijasida oziq-ovqat ta’minotisiz qamalda qolgan bolalar taqdiri bo‘yicha chuqur tashvish bildirar ekan, Qatar parlamenti Raisi G‘arb davlatlarining ushbu ayanchli holatga nisbatan sukutini ikki tomonlama standartlar siyosati deya baholadi.

Uchrashuv yakunida Qatar Davlati Sho‘ro kengashi Raisi Hassan bin Abdulla al-G‘onimni hamda Sho‘ro kengashining O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi bilan hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo guruhi a’zolarining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish masalasi muhokama etildi. Oliy Majlis palatalari rahbarlarining Qatar Davlati Sho‘ro kengashi Raisi nomiga yozilgan taklifnomalari Hassan bin Abdulla al-G‘onimga topshirildi.

Muloqot chog‘ida O‘zbekiston bilan Qatar o‘rtasida parlamentlararo hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari ko‘rib chiqildi. Bunda, jumladan, parlamentlararo do‘stlik guruhlari faoliyatini yanada jonlantirish, o‘zaro tashriflar almashinuvini davom ettirish, ikki davlat o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash, biznes vakillari uchun keng yo‘l ochish masalalariga ustuvor ahamiyat berildi.

Tomonlar parlamentlararo aloqalar sohasida xalkaro hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha ham o‘zaro kelishib oldilar.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech