Parlamentlararo aloqalar yuqori darajaga ko‘tariladi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qatar Davlati Sho‘ro Kengashi bilan hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo guruhi hamda Qatar Davlati Sho‘ro Kengashi Osiyo mamlakatlari bilan hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo do‘stlik guruhi o‘rtasida onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Unda Oliy Majlis tomonidan Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari A.Saidov, O‘zbekiston-Qatar parlamentlararo do‘stlik guruhi rahbari N.Jumayev, Qatar Davlati Sho‘ro Kengashi tomonidan Moliyaviy va iqtisodiy ishlar masalalari qo‘mitasi a’zosi, Qatar Davlati Sho‘ro Kengashi Osiyo mamlakatlari bilan hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo do‘stlik guruhi rahbari Ahmad al-Xitmi hamraislik qilishdi.

Suhbat avvalida mehmon tomonga mamlakatimiz Prezidenti tashabbusi bilan qabul qilingan Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi doirasida barcha sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Tomonlar aloqalarni yanada rivojlantirish maqsadida ikki mamlakat parlamentlarida tuzilgan hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo guruhlari o‘rtasidagi bu kabi muntazam ravishda tashkil etiladigan uchrashuvlar o‘zaro munosabatlarni yangi pog‘onaga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etishini alohida qayd etishdi.

Qatar Davlati Sho‘ro Kengashi Osiyo mamlakatlari bilan hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo do‘stlik guruhi rahbari mamlakatimizdagi ijtimoiy-siyosiy o‘zgarishlarga yuksak baho berdi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan muvozanatli, ochiq va konstruktiv tashqi siyosat natijasida Markaziy Osiyoda butunlay yangi ishonch va o‘zaro anglash muhiti shakllangani, shuningdek mintaqaning boshqa mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar bilan aloqalar sifat jihatidan yuqori darajaga ko‘tarilganini ta’kidladi.

Uchrashuv davomida ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy, savdo-investitsion, ijtimoiy-gumanitar sohalardagi kelishuvlarning ijrosini ta’minlashda parlament ta’sirini kuchaytirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va Qatar Davlati Sho‘ro Kengashi o‘rtasidagi hamkorlik bo‘yicha Memorandumni imzolash taklifi bildirildi.

Qatar tomoni kelgusida O‘zbekiston-Qatar o‘rtasidagi savdo, investitsiya, ilm-fan va ta’lim, madaniyat va sport hamda transport sohalarida sheriklikni yo‘lga qo‘yish va yanada kengaytirish hamda ushbu yo‘nalishlarda hamkorlikni mustahkamlashda parlamentlararo munosabatlar muhim o‘rin tutishini alohida ta’kidladi.

Shuningdek, tomonlar o‘zaro investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish uchun Qatar kompaniyalarining salohiyatidan foydalangan holda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, O‘zbekistonda yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini Qatar bozoriga eksport qilish yo‘lida hamkorlikni kuchaytirish, ikki davlat fuqarolari uchun qulay sayyohlik sharoitlarini yaratish, madaniyat, sport va milliy madaniy merosni asrab avvaylash sohalarida yangi kelishuvlarga erishish, ikki davlat vakillarining turli tadbirlardagi ishtirokini ta’minlash va boshqa muhim masalalar bo‘yicha o‘zaro fikr almashdilar.

Uchrashuv ochiq va konstruktiv ruhda o‘tdi.

Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi

Powered by GSpeech