Konstitutsiya – xalqaro huquq qoidalari tasdig‘i

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining muqaddimasida inson huquq va erkinliklariga, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga, demokratiya, erkinlik va tenglik, ijtimoiy adolat va birdamlik g‘oyalariga sodiqligi yana bir bor e’tirof etildi.

So‘nggi yillar ichida jamiyatimiz hayotida keskin o‘zgarishlar ro‘y berdi. Xususan, yangilangan Konstitutsiya  xalqimizning Yangi O‘zbekistonni barpo etish bo‘yicha orzu-umidlari va intilishlari o‘z aksini topganligidan dalolat bermoqda. Davlat rahbari belgilagan siyosiy qadam jamiyatimizning barcha jabhalarida iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy va madaniy hayotida tub islohotlar boshlanishiga yo‘l ochdi.

Ushbu islohotlar asnosida Konstitutsiyamizning 13-moddasida “O‘zbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy prinsiplarga asoslanadi, ularga ko‘ra inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa ajralmas huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi.

Demokratik huquq va erkinliklar Konstitutsiya va qonunlar bilan himoya qilinadi. ” deb mustahkamlanishi “Inson-jamiyat-davlat” tamoyilini amlada yaqqol ifoda etdi.

Yangilangan Konstitutsiya 155 moddadan iborat bo‘lib, 40 dan ortiq moddalari bevosita inson huquqlari va erkinliklariga bag‘ishlandi. Asosiy qonun inson huquqlari sohasidagi deyarli barcha xalqaro huquq normalarini o‘zida mujassamlantirgan.

Xususan, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, Fuqaroviy va siyosiy huquqlar to‘g‘risida xalqaro pakt, Qiynoqlarga hamda muomala va jazolashning boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsitadigan turlariga qarshi Konvensiya kabi BMTning inson huquqlariga oid xalqaro hujjatlarining deyarli barcha prinsipial qoidalarini o‘zida aks ettirgan.

Konstitutsiyaning muqaddimasida ham xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsip va normalariga asoslangan holda qabul qilinganligi ham alohida e’tirof etilgan.

Aytib o‘tish joizki, Konstitutsiyaning barcha qoidalari inson huquqlariga oida xalqaro huquq normalariga to‘laqonli mosdir.

Xususan, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 7-moddasi hamda Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risida xalqaro paktning 4,20,24,26 -moddalari, Qiynoqlarga hamda muomala va jazolashning boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsitadigan turlariga qarshi Konvensiyasi 1-moddasida barcha kishilar qonun oldida tengdirlar va hech bir kamsitishsiz qonun orqali teng himoya qilinish huquqiga egadirlar. Bu borada har qanday turdagi kamsitish qonun bilan taqiqlab qo‘yilishi va qonun barcha shaxslarga hech bir kamsitishsiz, jumladan irqi, tana rangi, jinsi, tili, dini, siyosiy va boshqa e’tiqodi, milliy yoki ijtimoiy kelib chiqishi, mulkiy ahvoli, tug‘ilishi (nasli-nasabi)dan va boshqa holatidan qati nazar kamsitishga qarshi teng va samarali muhofazani kafolatlashi kerakligi qayd etilgan.

Mazkur qoidalar Konstitutsiyaning 26-moddasida “Insonning sha’ni va qadr-qimmati daxlsizdir. Hech narsa ularni kamsitish uchun asos bo‘lishi mumkin emas” to‘laligicha o‘z aksini topgan.

Shuningdek, Asosiy qonunimizga xalqaro huquq qoidalarini umume’tirof etgan holda “inson huquq va erkinliklari har kimga tug‘ilganidan boshlab tegishli” ekanligini belgilovchi yangi norma kiritildi.

Konstitutsiyamizning 20-moddasiga ko‘ra xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsiplari va normalariga muvofiq quyidagilar belgilandi:

" Insonning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlab qo‘yilgan huquq va erkinliklari daxlsizdir hamda ularni sud qarorisiz mahrum etishga yoki ularni cheklab vo‘yishga hech kim haqli emas.

Insonning huquq va erkinliklari bevosita amal qiladi, Insonning huquq va erkinliklari qonunlarning, davlat organlari, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari, ularning mansabdor shaxslari faoliyatining mohiyati va mazmunini belgilaydi”.

Ushbu muhim xalqaro-huquqiy prinsip Konstitutsiyaning huquq va erkinliklar to‘g‘risidagi qoidalari ijtimoiy munosabatlarga bevosita tartibga soluvchi ta’sir ko‘rsatishini anglatadi. Bunda qonunchilik hujjatlari huquq va erkinliklarni aniqlashtirish, ularni samarali amalga oshirish qoidalari, mexanizmlari va tartiblarini belgilash maqsadida qabul qilinganligidan qat’i nazar, huquq va erkinliklar bevosita amal qiladi deb tan olinadi.

davlat organlari tomonidan insonga nisbatan qo‘llaniladigan huquqiy ta’sir choralari mutanosiblik prinsipiga asoslanishi va qonunlarda nazarda tutilgan maqsadlarga erishish uchun yetarli bo‘lishi kerak;

inson bilan davlat organlarining o‘zaro munosabatlarida yuzaga keladigan qonunchilikdagi barcha ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga talqin etiladi.

Inson huquqlari va erkinliklari kafolati ramzi sifatida Konstitutsiyada har bir inson o‘z shaxsini erkin kamol toptirish huquqiga ega ekanligi va hech kimga uning roziligisiz qonunchilikda belgilanmagan majburiyat yuklatilishi mumkin emasligi; insonning huquq va erkinliklari faqat qonunga muvofiq va faqat konstitutsiyaviy tuzumni, aholining sog‘lig‘ini, ijtimoiy ahloqni, boshqa shaxslarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, jamoat xavfsizligini hamda jamoat tartibini ta’minlash maqsadida zarur bo‘lgan doirada cheklanishi mumkinligi bo‘yicha normalar birinchi marta mustahkamlandi.

Shuningdek, Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risida xalqaro pakt va uning Fakultativ protokoliga mos ravishda yashash huquqi har bir insonning ajralmas huquqi ekanligidan kelib chiqib, Konstitutsiyada “O‘zbekiston Respublikasida o‘lim jazosi taqiqlanadi”, deb aniq va ravshan belgilab qo‘yildi.

Yuqoridagilardan tashqari, Konstitutsiyaga boshqa ko‘plab inson huquqlariga oid normalar ham qo‘shildi. Jumladan, agar shaxsning o‘z aybini tan olganligi unga qarshi yagona dalil bo‘lsa, u aybdor deb topilishi yoki jazoga tortilishi mumkin emasligi, qonunni buzgan holda olingan dalillardan odil sudlovni amalga oshirish chog‘ida foydalanishga yo‘l qo‘yilmasligi, har kim o‘z shaxsiga doir noto‘g‘ri ma’lumotlarning tuzatilishini, o‘zi to‘g‘risida qonunga xilof yo‘l bilan to‘plangan yoki huquqiy asoslarga ega bo‘lmay qolgan ma’lumotlarning yo‘q qilinishini talab qilish huquqiga egaligi qayd etildi.

Shuningdek, Konstitutsiyaning yangi tahririga asosan barcha noaniqliklar – inson foydasiga hal etilish lozimligi belgilandi.

Endi inson bilan davlat organlarining o‘zaro munosabatlarida yuzaga keladigan qonunchilikdagi barcha ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga talqin etiladi.

Insonning konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlab qo‘yilgan huquq va erkinliklari daxlsizdir hamda ulardan sud qarorisiz mahrum etishga yoki ularni cheklab qo‘yishga hech kim haqli emas.

Fuqarolar o‘z huquq va erkinliklarini amalga oshirishda boshqa shaxslarning, davlat va jamiyatning qonuniy manfaatlari, huquqlari va erkinliklariga putur yetkazmasliklari shart.

Shu o‘rinda, qiynoq qo‘llashni taqiqlashga oid moddani ham eslatib o‘tish o‘rinli. Bu moddaning aynan shu qismi avvalgi holida, o‘zgarishlarsiz saqlab qolindi.

Konstitutsiyaning 26-moddasida “Hech kim qiynoqqa solinishi, zo‘ravonlikka, boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi muomalaga yoxud jazoga duchor etilishi mumkin emas” deb belgilangan.

Mazkur normaning yana bir bor mustahkamlanishi O‘zbekistonning yuqorida aytib o‘tilgan xalqaro shartnomalar, xalqaro huquq normalariga sodiqligini e’tirof etmoqda.

Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash lozimki, inson huquq va erkinliklarini himoya qilishning xalqaro va milliy mutlaqo yangi mexanizmlarini nazarda tutuvchi xalqchil konstitutsiyaviy asoslar maksimal darajada mustahkamlandi.

Iqbol ABDUMAJIDOV

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i

"Huquq va Burch" jurnali 2023 yil №12

 

Powered by GSpeech