Akmal Saidovning “Lev Tolstoy hikmatlari” kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi

Ma’lum qilinganidek, joriy yilning 22-26-aprel kunlari respublika miqyosida Kitobsevar millat shiori ostidagi IV Respublika «Kitobxonlik haftaligi» o‘tkazilmoqda.

Bugun O‘zbekiston Milliy kutubxonasida akademik Akmal Saidov tomonidan nashrga tayyorlangan “Lev Tolstoy hikmatlari” kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda L. N. Tolstoy asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan tarjimonlar, adabiyotshunos olimlar, pedagoglar, talabalar, jurnalistlar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Taqdimotda so‘zga chiqqanlar, Lev Tolstoyning beqiyos asarlari haqida to‘xtalib, pand-nasihat va tanbeh, favqulodda o‘xshatish va noodatiy yondashuv ruhidagi ushbu hikmatlar zukko kitobxonni bee’tibor qoldirmasligini ta’kidlashdi.

Qayd etilishicha, ushbu nashrda Xitoy falsafiy maktabining asoschilaridan biri, donishmand Lao Szening L. N. Tolstoy tomonidan saralangan hikmatlari ham kitobxonlarga havola etilgan.

L. N. Tolstoy hayoti va ijodiy faoliyatining asosiy sanalari, shu bilan birga yozuvchining o‘zbek tiliga tarjima qilingan asarlari ro‘yxati xronologik tartibda keltirilgan.

“Lev Tolstoy hikmatlari” kitobida L. N. Tolstoyning hozirga qadar o‘zbek tiliga tarjima qilingan barcha asarlaridan saralab olingan aforizmlar jamlangan. Har bir badiiy asar hamda uning tarjimoni to‘g‘risida muxtasar ma’lumot berilgan.

Ma’lumot uchun, “Lev Tolstoy hikmatlari” kitobi "Yangi asr avlodi" nashriyotida chop etilgan. Adadi – 3000 nusxa

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi rasmiy kanali

O‘zA 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining kutubxonasi

Powered by GSpeech